Joʻybor xojalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jo'ybor Shayxlaridan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Joʻybor xojalari, joʻybor shayxlari — naqshbandiylik tariqatining vakillari. Ularning J. x.nomini olishi Xoja Muhammad Islomning bobosi Xoja Muqammad Yahyo Buxorodagi Joʻybor degan yerga koʻchib kelishi bilan bogʻliqdir. J. x. oʻzlarini islom dinini targʻib qilish uchun Makkadan Nishopurga, undan Buxoroga kelgan Imom Ali Murtazo avlodi deb hisoblaganlar. J. x.dan Abu Bakr Saʼdga va uning avlodlariga somoniylar davrida Buxoroning shayx ul-islomi degan mansab beriladi. Abu Bakr Saʼdning nevarasi Muhammad Islom J. x.ning iqtisodiy va siyosiy jihatdan katta nufuzga ega boʻlishida asosiy rol oʻynaydi. U 16-asrning 50-y.larida Shayboniylar davlatidagi toj-taxt uchun boʻlgan kurashlarga aralashib, oʻz muridi Abdullaxon II ning taxtga chiqishiga yordam beradi. Bu davrga kelib J. x.ga Buxorodagi Sumiton qishlogʻi inʼom etiladi. J. x.ning ota-bobolari Buxorodagi Chor Bakr mozoriga qoʻyilganligi uchun 16-asrdan boshlab J. x. bu joydagi qabrlar ustiga hashamatli maqbara qurib, ziyoratgohga aylantirishgan (qarang Chorbakr ansambli). Bu ziyoratgohlar katta vaqf yerlariga ega boʻlib, ularga J. x. merosxoʻrlar tariqasida egalik qilishgan va bu yerlar J. x. xoʻjaligining rivojlanishiga asos boʻlib xizmat qilgan. Katta lavozim, vaqf daromadlari va b. tufayli J. x. tez orada boyib ketadilar. J. x. katta yer-mulkka, yuzlab qullarga, koʻplab chorva mollariga, sugʻorish inshootlariga, savdo korxonalariga ega boʻlganlar. Ularning savdo karvonlari 16-asrning 2-yarmidayoq xorij bilan savdo aloqalari olib borgan. Mustahkam iqtisodiy poydevorga ega boʻlgan J. x. shayboniylar davlatining siyosiy hayotida juda katta rol oʻynagan. Ingliz sayyohi A. Jenkinson 1559 y.da Buxoroda boʻlib, bu yerdagi ruhoniylarning rahbarlari boʻlgan J. x. haqida shunday degan edi: "Buxoroda diniy rahbar bor. Unga qirolga nisbatan koʻproq quloq soladilar, u oʻz xohishi bilan qirolni oʻrnidan olib, boshqasini qoʻya oladi". J. x., 17-asrning 1-yarmida mamlakatda paydo boʻlgan qiyin siyosiy vaziyatdan soʻng oʻzlarining oldingi mavqeini yoʻqotganlar.

Adabiyot[tahrir]

  • Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1-j. T., 1999; Vyatkin V. V., Sheyxi Djuybari, "V. V. Bartoldu turkestanskiye druzya, ucheniki i pochitateli" kitobida, T., 1927.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil