Kontent qismiga oʻtish

Ilyosxoja

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ilyosxoja (forscha va chigʻatoycha: الیاس خواجه‎; XIV asr) – Moʻgʻuliston xoni (1363—65). Tugʻluq Temurxonning oʻgʻli. Ilyosxojaga Sharqiy Turkiston, Yettisuv, Tyanshan etaklari, Irtish va Emil daryolari atrofidagi yerlar qaragan. 1361-yil kuzida otasi Movarounnahrga zafarli yurish qilib, Ilyosxoja ga Movarounnahr hukumatini boshqarib turishni topshirgan. Moʻgʻullarning Movaro-unnahrdagi hukmronligini saqlab qolish maqsadida bir necha marta Amir Temur va Husaynga qarshi jang qilgan. 1364-yil hozirgi Shahrisabz tumanining Namaton qishlogʻi yaqinida Ilyosxoja Temurbek hamda amir Husayn boshliq qoʻshin bilan boʻlgan jangda asirga tushgan. Biroq, asir olgan sipohlar uni bir nechta beklari bilan qoʻyib yuborgan. Koʻp sonli lashkar bilan takroran Movarounnahrga harbiy yurish qilgan Ilyosxoja 1364-yil yozida Toshkent va Chinoz oraligʻida Amir Temur va amir Husayn bilan qayta jangga kiradi va harb tarixidan „Jangi loy“ („Loy jangi“) deb nom olgan ushbu toʻqnashuvda gʻalaba qozongan va Samarqandga yurish qilgan, biroq sarbadorlar va shahar aholisi qarshiligiga uchrab Movarounnahrni tashlab qochgan). 1365-yil Ilyosxoja Qaboqin mavzeida Amir Temur va amir Husayn bilan boʻlgan navbatdagi jangda magʻlub boʻlgan va Jeta tomonga qochgan. U yerda Ilyosxoja dugʻlat aymogʻining sardori, taxt daʼvogari Qamariddin tomonidan oʻldirilgan. Ilyosxojani Chigʻatoy ulusi poytaxti boʻlgan Olmaliq (Yettisuvdagi koʻhna shahar)da otasi Tugʻluq Temurxon qabri yoniga dafn qilishgan[1].

  1. „Ilyosxoja“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (I-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.