Sarbadorlar qoʻzgʻoloni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sarbadorlar qoʻzgʻoloni - Eron va Oʻrta Osiyoda boylar va moʻgʻullar zulmiga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻoloni (14-asr).

Birinchi yirik qoʻzgʻolon 1337-yil Sabzavor hokimining jiyani Boshtin qishlogʻiga kelib, aholiga zulm qilishi natijasida koʻtarilgan. Oʻzlarini sarbadorlar deb Sabzavorni egallab Sarbadorlar davlatini tuzadilar va Nishopur, Tusni ham zabt etadilar. 1353-yil oxirida moʻgʻul elxonini oʻldirib, oʻrdasini yakson qilib Gurgon (Astrobod)ni ham oʻz davlatlariga qoʻshib oldilar. Bu davrga kelib Sarbadorlar davlatiga butun Janubiy Xuroson ham kirgan.

1365-yil Samarqandda moʻgʻul bosqinchilariga qarshi Sarbadorlar qoʻzgʻoloni boshlanadi. Qoʻzgʻolonga Mavlonozoda rahbarlik qildi. Abu Bakr Kuluiy (Kalaviy) Naddof, Xoʻrdaq Buxoriy unga yordamchi boʻldilar. Shaharni mudofaa qilish maqsadida shaxarning barcha darvozalarini berkitib, koʻchalar, bogʻlar atrofiga gʻovlar qurdirdilar. Moʻgʻullar ikki kun hujum qilib Samarqandni ololmadilar. Uchinchi kuni Samarqand atrofi qishloqlarini talab, Movarounnahrni tark etdilar. Sarbadorlarning gʻalabasi Amir Husaynni xavotirga soldi. Amir Husayn Balx, Badaxshon, Qunduz, Bagʻlon, Andxud, Shibirgʻon viloyatlaridan qoʻshin toʻplab Samarqand sari yurdi. Amir Husayn Konigil maydoniga yetib kelgach, sarbadorlar tortiqlar bilan uning huzuriga keldilar. Amir Husayn ularni ziyofat qilib, sovgʻa-salomlar bergan. Ertasi kuni sarbadorlar vakillarini Karbos mavzeida hibsga olgan va dorga osgan. Faqat shu kuni Konigilga yetib kelgan Amir Temur Mavlonozodani dor tagidan saqlab qolgan.

1373-yil mahalliy mulkdorlarga qarshi Kermonda Sarbadorlar qoʻzgʻoloni boshlangan. Mulkdorlarning mol-mulkini musodara qilishgan, amaldorlarni hibsga olishgan. 1374-yil shoh Shujo Muzaffar tomonidan qoʻzgʻolon bostirilgan.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Davlatshoh Samarqandiy, Shoirlar boʻstoni, T., 1981.
  • Naim Norqulov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil