Ich ketishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ich ketishi, ich surishi, diareya — tez-tez ich kelishi bilan kechadigan ichak kasalligi, ichak shilliq qava-tining yalligʻlanishi, ichakning harakati, oziq moddalarni soʻrish va shira chiqarish funksiyalari buzilishi natijasida kelib chiqadi. I k. ga koʻpincha ingichka yoki yoʻgʻon ichakdagi yalligʻlanish (kolit) jarayonlari sabab boʻladi. Meʼda va meʼda osti bezi faoliya-tining buzilishi (axiliya, pankreatit), avitaminozlar, surunkali zaharlanishlar, nerv regulyasiyasining izdan chiqishi va b. ham I.k. ga sabab boʻlishi mumkin. Ichak peristaltikasi (harakati) kuchayganda ich suyulib, tez-tez keladi, chunki ichakdagi suyuqlik tez harakatlanadi va qonga soʻrilib ulgurmaydi. Kishi haddan tashqari hayajonlanganda yoki qoʻrqqanda, shuningdek, ichak peristaltikasini kuchaytiradigan ovqat (sabzavot, hoʻl meva, kepakli non va h. k.) kup yeyilganda ich ketadi. Baʼzan meʼdada ovqat yetarli hazm boʻlmaganda, mas, meʼda osti bezi va jigarning sekret (shira, ut) i.ch. funksiyasi buzilganda ovqat tuzuk hazm bulmay, ich surishi mumkin.

Turli mikroorganizmlar (mas, dizenteriya, xelikobakter pilori, ichak tayoqchalari mikroblari) va ularning toksinlari (zaharlari) taʼsirida ichaklar, ayniqsa, ingichka ichak shilliq pardasi yalligʻlanib, koʻpincha I.k. ga sabab boʻladi (qarang Enterit). I.k. alohida kasallik boʻlmay, dizenteriya, ovqatdan boʻladigan toksikoinfeksiyalar, ich terlama, paratif, vabo, surunkali ichak yalligʻlanishi (surunkali enterokolit, kolit) kabi bir qator kasalliklar belgisidir. Shu bois ich ketganda darhol vrachga murojaat kilish kerak. Ichak yalligʻlanganda goh bijgʻish (achish), goh chirish (sasish) jarayoni kuchayadi, mas, ingichka ichak yalligʻlanganda bijgʻish, yugʻon ichak yalligʻlanganda chirish ustun buladi. I. k.ning davosi va parhezi ham shunga qarab belgilanadi.

Mishyak, simob, kislota, ishqor kabilardan zaharlanishda, shuningdek, baʼzi sabablarga kura organizmda hosil boʻlib, unda unlashib qolgan endogen toksinlardan zaharlanishda I.k. mumkin (mas, uremiyada I.k.) Gijjalar ham ichakni yalligʻlantirib, ich surishi mumkin (bolalardagi I.k. haqida q. Bolalar dispepsiyasi).

I.k.ni toʻgʻri davolash uchun uning sabablarini bilish va ularni bartaraf qilish kerak. I. k.ning xiliga va sababiga qarab parhez qilishning ahamiyati katta. Mas, ichakda bijgʻish jarayoni ustun boʻlsa, uglevodli ovqatlar (mas, xamir ovqat, shirinlik) cheklanib, asosan, oqsilli ovqat (tvorog, tuxum, gusht yoki baliq) buyuriladi, chirish jarayoni ustun boʻlsa, oqsilli ovqat (ayniqsa goʻsht, tuxum) oʻrniga uglevodli ovqat (shirinlik, pishirib ezilgan sabzavot), hoʻl meva, shovla, shirguruch, shirqovoq va sh.k. ovqatlar buyuriladi. Dorilar va parhez haqida vrachdan maslahat olish ke-rak.

Oldini olish. Tartib bilan toʻgʻri ovqatlanish (ovqatni har kuni maʼlum soatlarda, shoshmasdan, meʼyorida yeyish), oziq-ovqatni buzilishi va ay-nishidan saqlash, ovqatni yaxshilab pishirish muhim. Hayajonlanish, qoʻrqishdan kelib chiqadigan (nevrogen) I.k.ning oldini olish uchun nerv sistemasini chiniqtirish kerak. Meʼda faoliyatining buzilishidan kelib chiqadigan I.k.ning oldini olish uchun meʼda kasalliklarini davolatish va oldini olish zarur. Qoʻl, idish-tovoqni toza tutish, ogʻrigan tishni oʻz vaqtida davolatish kabi shaxsiy profilaktika choralari koʻriladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Qosimov E. Y. va b., Ichki kasalliklar propedevtikasi. T., 1996; Yoʻldoshev K. Y. va b., Xronik kolitlar va yoʻgʻon ichak diskineziyalari, T., 1989.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil