Kontent qismiga oʻtish

Avitaminoz

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Avitaminoz (yunoncha „a“ — inkor qoʻshimchasi va vitaminlar) — organizmda vitaminlar yetishmasligi natijasida paydo boʻladigan kasallik. Masalan, vitamin C yetishmasligi lavsha (singa), vitamin B, yetishmasligi beri beri, vitamin D yetishmasligi raxit, vitamin RR yetishmasligi pellagra kasalligiga sabab boʻladi. Homiladorlikda, koʻpincha tuqqandan keyin roʻy beradigan chillashir kasalligi ham avitaminoz natijasidir. Bitta vitamin yetishmasa mono, koʻp vitamin yetishmasa poliavitaminoz kelib chiqadi. Birinchi marta 1880-yilda rus vrachi N. I. Lunin avitaminozni tajriba yoʻli bilan hosil qilgan. Avitaminozning oldini olish uchun vitaminga boy sabzavot va mevalarni koʻproq isteʼmol qilish, vitaminli mahsulotlarni yaxshi saqlash, ovqat pishirganda vitaminlarning parchalanib ketishiga yoʻl qoʻymaslik, qattiq qovurmasdan qaynatib isteʼmol qilish kerak.

Avitaminoz kasalligida bemorlarda asosan rangparlik, umumiy holsizlik, soch toʻkilishiga moyillik, tish va tirnoqlar moʻrtligi, milklarda qonash kabi belgilar kuzatiladi.

Avitaminozni davolashda vitaminga boy taomlar buyuriladi yoki organizmda qaysi vitamin yetishmasa, oʻsha vitamin preparatlari beriladi. Avitaminoz hayvonlarda ham uchraydi. Bunday hayvon koʻpincha qisir qoladi yoki bola tashlaydi. Yangi tugʻilgan bolasi yaxshi oʻsmaydi, hatto tez kunda nobud boʻladi. Kasallikning oldini olish uchun hayvonlarni, ayniqsa yosh hayvon va parrandalarni servitamin ozuqalar bilan boqish kerak[1].

  1. „Avitaminoz“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (A-harfi). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2000–2006-yillar.