Henri Kavendish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Henri Kavendish (Cavendish) (1731.10.10, Nitssa — 1810.24.2, London) — ingliz fizigi va kimyogari. London Qirollik jamiyati aʼzosi (1760 yildan). Kembrij universitetini tugatgan (1753). Hayotining koʻp qismini tanholikda oʻtkazib, butun faoliyatini fanga bagʻishlagan.

Ishlari gazlar kimyosi, elektr, amaliy fizikaga oid. Vodorod gazini toza koʻrinishda olgan (1766), havodagi kislorod miqdorini (1781) va suvning kimyoviy tarkibini aniqlagan (1784) hamda sunʼiy yoʻl bilan suv olish mumkinligini koʻrsatgan. Elektr zaryadlarning oʻzaro taʼsirini oʻrganib, Kulon qonunins avvaldan aytib bergan (1771).

Kavendish fanga elektr sigʻimi tushunchasini kiritgan. Kondensator sigʻimita muhitning taʼsir etishini kashf qilgan, bir necha moddalarning dielektrik singdiruvchanligini aniqlagan. Gravitatsion doimiyni, Yer massasini va uning oʻrtacha zichligini aniqlagan (1798). 1881 yilda Kembrij universiteti qoshidagi fizika laboratoriyasi Kavendish nomiga qoʻyilgan. Keyinchalik bu lab. fizika, biol. va b. fanlar tadqiqotlari boʻyicha jahonning yetakchi i. t. markaziga aylandi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil