Kontent qismiga oʻtish

Genrix

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Genrix (Henry) — Angliyada: Genrix I (1068, Selbi - 1135.1.12, Lionla Fore) qirol (1100 y.dan). Vilgelm I Istilochining kichik oʻgʻli. Ingliz baronlarini oʻz tarafiga ogʻdirib, taxtni qonunsiz egallagan. Qirollikni ancha mustahkamlagan. Uning davrida boshqaruvning markaziy organi — qirollik kuriyasi (jangchi erkaklar uyushmasi) tashkil etilgan.

Genrix II Plantagenet (Genrix Anjuyskiy) (1133.5.3, Leman - 1189, Shinon) qirol (1154 y.dan). Plantagenetlar sulolasining birinchi vakili. Fransiyada katta mulklari boʻlgan. Qirollikni mustahkamlaydigan islohotlar oʻtkazgan. Genrix II davrida (1169) Irlandiya bosib olina boshlangan.

Genrix III (1207.1.10, Uinchester — 1272.16.11, London) — qirol (1216 y.dan), Plantagenetlar sulolasidan. Genrix III ning chetellik avantyuristlar va Rim kuriyasiga tayangan holda mamlakatni boshqarishga intilishi baronlarning noroziligiga sabab boʻldi. Baronlarni shaharliklar va dehqonlarning yuqori tabaqasi qoʻllab-quvvatladi (Fuqarolar urushi, 1263—67). Genrix III davrida

Genrix IV (taxminan 1366. aprel, Bolingbrok qasri, Linkolnshir grafligi — 1413.20.13, London) — qirol (1399 y.dan). Lankasterlar sulolasining asoschisi. Richard II tomonidan agʻdarilgan. Genrix IV davrida parlament huquqi kengaytirilgan.

Genrix V [1387.16.9 (?), Monmut -1422.31.8, Bua-de-Vensenn| — qirol (1413 yildan). Lankasterlar sulolasidan. Genrix V Yuz yillik urush (1337—1453) davrida Azenkurda fransuzlarni tor-mor qilgan (1415) va Fransiyaning shimolini (Parij bilan birgalikda) bosib olgan.

Genrix VI (1421.6.12, Vindzor — 1471.21.5, London) — qirol (1422— 61), Lankasterlar sulolasidan. 9 oylik chaqaloqligida taxt tepasiga kelgan. Qizil va oq gullar urushi davrida yengilgan. Taxt tepasiga qisqa muddatli kelishi (1470 y. oktabr — 1471 y. aprel) dan soʻng yana taxtdan agʻdarilgan va Tauerda oʻddirilgan.

Genrix VII (1457.28.1, Pembruk -1509.21.4, Richmond) — qirol (1485 y.dan). Tyudorlar sulolasi asoschisi. Bosvort jangi (1485 y. 22-avgust)da Richard III ni yengib, taxtni egallagan. Genrix VII davrida ingliz absolyutizmiga asos solingan.

Genrix VIII (1491.28.6, Grinvich -1547.28.1, London) — qirol (1509 y.dan). Tyudorlar sulolasidan. Genrix VIII davrida Reformatsiya oʻtkazilgan. 1534 yil anglikan cherkovi rahbari deb eʼlon qilingan. 1536 va 1539 yillar monastir yerlari musodara qilinib zodagonlarga berilgan. Genrix VIII i.ch. vositalaridan mahrum qilingan dehqonlarga qarshi qator qonunlar chiqargan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil