Gelioqurilma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gelioqurilma— Quyosh radiatsiyasi energiyasini foydalanish uchun qulay boʻlgan boshqa tur energiyaga (mas, issiklik yoki elektr energiyasiga) aylantirib beradigan qurilma. G. qurishga, yaʼni Quyosh issiqligidan foydalanishga qadimdan intilishgan. Mas, mil. av. 1500 yil Misrda oddiy quyosh issiqlik qurilmasi yasashga urinishgan, lekin to 18-asrgacha tuzukroq qurilma yasalmagan. 18-asrda Rossiyada (M. V. Lomonosov), Franiiyada (J. Byuffon), Angliyada (D. Gershel) turli G.lar sinab koʻrilgan, lekin bular uncha yaxshi natija bermagan. 19-asr 2-yarmidan boshlab G. bilan shugʻullanish yaxshiroq yoʻlga qoʻyildi. Fransuz ixtirochisi O. Musho (1878), rus olimi V. K. Seraskiy (1890) ancha mukammal qurilmalar yasashdi. Rus olimi B. P. Veynberg quyosh energiyasidan foydalanishga oid tekshirishlar olib borish uchun maxsus "quyosh uy" jihozladi. 1927 yilda V. N. Buxman Qozogʻistonda 24 yassi koʻzgudan iborat quyosh reflektori yasadi, uning yordamida suv isitilardi. V. N. Buxman kasallarni davolash uchun quyosh reflektoridan foydalanishga oid tajribalar ham oʻtkazdi. Sobiq Ittifoq Fanlar akademiyasi Energetika instituti geliotexnika lab. 1932—35 yillarda Samarqandda qurilgan quyosh qurilmalarini hisoblash uchun zarur baʼzi geliofizik maʼlumotlarni aniqpadi. Bu lab.ning amaliy ishlaridan meva quritgichni koʻrsatish mumkin. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Fizika-texnika instituti tomonidan F. Yo. Umarov rahbarligida 60-yillarda G. yaratish borasida boshlangan ilmiy tadqiqot ishlari hozirgacha davom ettirilmoqsa. Chorvoq GES yaqiniga qurilgan quyosh energiyasi bilan suv isitadigan qurilmada tajribalar oʻtkazildi, institutda geliooshxona, geliouylar qurildi va sinab koʻrildi va b. Yillik radiatsiya taxminan 1000 kkal/ sm2 dan yuqori (yillik quyosh vaqti 1800—3000 soat) boʻlgan joylarda (jumladan Oʻzbekistonda) quyosh energiyasidan foydalanish iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq. Issiqlik qurilmalarida quyosh energiyasi issiqlikka aylantirilib, undan mai-shiy yoki texnologik maqsadlarda foydalaniladi. "Qaynoq quticha" tipidagi suv isitkichda 70—90’ li issiq suv olish mumkin. Yuqori temperatura hosil qilish uchun quyosh nurini toʻplovchi kurilmalar qoʻllaniladi. Keyingi yillarda materialshunoslik fani tez surʼatlar bilan rivojlanishi natijasida quyosh energiyasini toʻplovchi katta qurilmalar — geliokonsentratorlarga eʼtibor kuchaydi. Bunday kurilmalar yordamida yangi materiallarni yaratish, materiallar xossalarini yaxshilash uchun ularni nur yordamida qayta ishlash, materiallarning issiqlik xossalarini oʻrganish, oʻta sof materiallar olish, payvandlash va b.ni amalga oshirish mumkin. Katta quyosh konsentratorlarining amaliy ahamiyatini eʼtiborga olib, 1987 yilda Toshkent sh.dan 45 km uzoqlikda Parkent tumanida S. A. Azimov rahbarligida issiqlik quvvati 1 MVt boʻlgan Katta Quyosh sandoni (KQS) qurildi (rayemga q.). KQS maxsus texnologik tizim bilan jihozlangan va gorizontal oʻqqa oʻrnatilgan katta ikki koʻzguli optik-energetik qurilmadan (fokus masofasi 18 m, oʻlchami 54x42 m) iborat. Kosmik muhitda, kosmik uchish apparatlarini energiya bilan taʼminlash va b.da G. (quyosh batareyasi)ning ahamiyati katta. Quyosh energiyasi fotoelementlar, kremniyli quyosh fotobatareyalari (f.i.k. 5—11%) yordamida elektr energiyasiga aylantiriladi. Hozirgacha quyosh energiyasidan foydalanib ishlaydigan meva, sabzavot va don quritgichlari, binolarni isitish qurilmalari, sovitkichlar, suvni chuchuklashtirgichlar, avtomobillar yaratildi. G. arzon issiqlik energiyasi olishga imkon beradi, tibbiyot va qishloq xoʻjaligida muhim rol oʻynaydi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil