Gangrena

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gangrena (yun. gangraina — irish), qorason — tirik tana, aʼzo yoki toʻqimalar bir qismining irib nobud boʻlishi, nekroznnsh bir turi. Barcha toʻqima va aʼzolarda (teri, teri osti yogʻ qatlami, muskullar, ichak, oʻt pufagi, oʻpka), koʻpincha qoʻl-oyoq va qorin boʻshligʻidagi aʼzolarda uchraydi. G. asosan qon tomirlari kam boʻlgan soha va aʼzolar (mas, barmoqlar, qoʻl-oyoq panjasi, quloq chigʻanogʻi)da tez rivojlanadi. Toʻqima va aʼzolarning ezilishi, sovuqurishi, kuyishi, ularga qon kelmay qolishi, qon tomirlariga tromb, embol (q. Tromboz, Emboliya) tiqilib qolishi (tomirlar jarohatlanishi yoki aterosklerozda torayishi va boshqalar), turli mexanik, kimyoviy (kislota, ishqor taʼsiri) va fizik omillar (50° dan yuqori yoki 20° dan past temperatura, alfa yo beta-nurlar) G.ga sabab boʻlishi mumkin. Yurak-tomir faoliyatining , moddalar al mashinu vining buzi lishi, avitaminozlar, chekish. spirtli ichimliklarga ruju qilish va boshqa ham G.ga olib kelishi mumkin. Quruq, hoʻl va gazli G. (q. Gazli gangrena) farq qilinadi. Halok boʻlgan toʻqimaga qon kam kelishi va shu joydagi toʻqima suyuqligining bugʻlanishi sababli toʻqima namligi tez kamayganda quruq G. vujudga keladi; venalar ishlab turgani holda arteriya berkllib qolib, irigan toʻqima quriydi, qotadi, burishadi. Irigan toʻqima qurib qolguncha chirituvchi mikroblar tushsa, quruq G. hoʻl G. ga aylanadi. Toʻqima suyuqligi koʻp boʻlib, irish jarayoni sekin-asta avj olganda ham hoʻl G. roʻy beradi. U koʻpincha ichki aʼzolar (oʻpka, ichak)da paydo boʻladi. Qoʻl-oyoq uchidagi irigan toʻqimaning qurishiga tashqi sharoit imkon bermaganda ham hoʻl G. kuzatiladi. Bunda rangsiz-koʻkimtir terida qizgʻish va qoramtir venalar koʻrinadi, har joy-har joyda epidermis koʻchib, oʻrni pilchirab turadi. Hoʻl G. oʻz vaqtida davolanmasa, toʻqima tobora irib, turli noxushliklarga olib keladi. Davo asosan G. xavfini tugʻdiruvchi kasallikni davolashdan iborat; turli dori-darmonlar, antibiotiklar va jarrohlik usuli qoʻllaniladi. G.ning oldini olish uchun kasallikka xos ilk alomatlar paydo boʻlganda darhol vrachga murojaat etish lozim.

Hayvonlarda G. koʻproq oʻpka, ichak-qorin, teri, yelin, barmoq, quloq chigʻanogʻi va dumda uchraydi. Terining G. boʻlgan qismi qurib qotadi, jigarrang va qora tusga kiradi. Kasallik ogʻir oʻtganda, teri koʻkarib qorayadi, shishadi, toʻqimalar yumshab, iriy boshlaydi, qon aralash iflos suyuqlik oqadi, gavda harorati koʻtariladi, yurak faoliyati buziladi, nafas olish qiyinlashadi, ishtaha yoʻqoladi.

Davosi: quruq G.da pioktaninning spirtdagi 2—3% li eritmasi, gensi-anviolet, dermatol, vismut, kseroform, oq streptotsid ishlatiladi. Hoʻl G.da esa nekrozning tarqalib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va irigan toʻqimalarni tezda ajratib olish maqsadida quruq havo vannalari, sollyuks, novokain blokadasi va boshqalardan foydalaniladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil