Oʻpka

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻpka va yurak.

Oʻpka havo bilan nafas oluvchi hayvonlar(toʻrt oyoqlilar, baʼzi baliq va shilliqqurtlar)ning nafas olish organidir. Sutemizuvchilarda oʻpka ikkita boʻlib, koʻkrak qafasida, yurak atrofida joylashgan boʻladi. Oʻpkaning asosiy vazifasi havodan kislorod olib, qonga singdirish va qondan karbonat angidridni ajratib, tashqariga chiqarishdir. Bundan tashqari, oʻpka boshqa vazifalarni (masalan, yurakni zarbadan himoyalash, angiotenzin almashtirish va hk) ham bajaradi.

Oʻpka — odam, quruqlikda yashovchi hayvonlar va baʼzi baliqlarning havodan nafas olish aʼzosi. Oʻ. ayrim mollyuskalar (quruqlikda va chuchuk suvda yashovchi qorinoyoqlilar), boʻgʻimoyoqlilar (chayonlar), baliqlar (ikki xil nafas oluvchilar, panjaqanotlilar, koʻpqanotlilar), quruqlikda yashovchi umurtqali hayvonlar va odamda qon bilan nafas olingan havo oʻrtasida gaz almashinuvini amalga oshiradi. Ikki xil nafas oluvchi baliqlar Oʻ.si kataklarga boʻlingan, koʻp qanotlilarda — silliq devorli xaltachadan iborat. Quruqlikdagi umurtqalilar Oʻ.si qadimgi panjaqanotli baliqlar halqumi qorin qismi devorining boʻrtib chiqishi tufayli hosil boʻlgan. Suvda va quruqlikda yashovchilar Oʻ.si silliq devorli xaltasimon, devorida burmalari bor. Sudralib yuruvchilar Oʻ.si ham xaltasimon, lekin ichki qismi juda koʻp toʻsiq va burmali. Qushlar Oʻ.si gʻovak. Sut emizuvchilar Oʻ.sidagi bronxlarning shoxlangan uchki qismida juda mayda pufakchalar — alveolalar boʻladi; Oʻ. devorlari kapillyar qon tomirlari toʻri bilan qoplangan. Oʻ.ga havo nafas yoʻllari (boʻgʻiz, kekirdak, bronxlar) orqali oʻtadi.

Odamda Oʻ. bir juft boʻlib, koʻkrak qafasining ikki tomonida joylashgan. U yaltiroq yupqa parda — plevra bilan zich oʻralgan, shakli konusga oʻxshash; plevra boʻshligʻidagi ozgina suyuqlik nafas olganda Oʻ.ning erkin harakatini taʼminlaydi. Pastki yuzasi yoki asosi botiq boʻlib, koʻkrak boʻshligʻini qorin boʻshligʻidan ajratib turadigan toʻsiq — muskuldan iborat diaframaga taqalib turadi. Oʻ.ning uchi oʻmrov suyagi ustidan 2—3 sm koʻtarilib, boʻyinning pastki kismiga kirib boradi. Qovurgʻalarga takalgan yuzasi qavariq boʻladi. Ichki yuzasi botiq boʻlib, yurakka va koʻks oraligʻidagi boshqa aʼzolarga taqaladi; bosh bronx va Oʻ. arteriyasi shu yuzadan Oʻ.ga kirib, undan ikkita Oʻ. venasi chiqadi (Oʻ. darvozasi). Har bir Oʻ. plevra egatchalari bilan boʻlaklarga boʻlinadi; chap Oʻ. ikki (yuqori va pastki), oʻng Oʻ. esa uch (yuqori, oʻrta va pastki) boʻlakka ajralgan. Oʻ. boʻlaklari segmentlardan, boʻlakchalardan tashkil topgan (har bir Oʻ. 10 segmentdan iborat). Segment hajmi 0,5—1,0 sm, piramida shaklida tuzilgan segmentlar esa boʻlakchalardan tashkil topgan. Bu boʻlakchalar bir-biridan biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan devorcha va qon tomir bilan ajralib turadi. Boʻlakchalararo devorchalar nafas olishda boʻlakchalarning harakatchan boʻlishini taʼminlaydi.

Nafas bronxiolasi va undan tarqalgan nafas naychasi, pufakchalari va alveolalar qoʻshilib, uzum shingili shaklidagi Oʻ.larning struktura va funksional bir’ligi — atsinus yoki alveolalar daraxtini tashkil etadi. 12—18 atsinus birgalikda Oʻ. boʻlakchasini, bir nechta boʻlakchalar qoʻshilib, Oʻ. segmentini hosil qiladi.

Alveolalarning juda yupqa devori yarim oʻtkazuvchi biologik membrana boʻlib, kapillyarlardagi qon bilan alveolalardagi havo oʻrtasida shu parda orqali gazlar almashinadi.

Oʻ. segmentlari oʻzaro qoʻshilib, Oʻ. boʻlagi va nihoyat, Oʻ. boʻlaklaridan Oʻ. hosil boʻladi. Oʻ.larda 800000 atsinuslar yoki 300—500 mln alveolalar uchraydi. Ularning sathi 30—100 m2boʻladi. Oʻ. bronxlari havo almashish jarayonidan tashqari, organizmda, suv, tuz va xlor miqdori bir meʼyorda saqlanishiga ham yordam beradi.

Katta odamlarda ikkala Oʻ.da oʻrtacha 4,9—5,0 l havo boʻladi. Ulardan tinch nafas olish vaqtida (har bir nafas olganda) faqat 500 ml havo Oʻ.larga kirsa, chuqur nafas olganda esa 1600 ml toza havo kirib, 1600 ml karbonat angidridga boy boʻlgan havo chiqadi. Shunday qilib, Oʻ.larda hayotiy havo sigʻimi oʻrtacha 3500— 3700 ml gacha boʻladi. Qolgan 1300— 1400 ml havo esa qoldiq havo boʻlib, oʻpkada doimo boʻladi. Oʻ.ga simpatik va parasimpatik nerv tolalari boradi. Oʻ. orqali suyuqlik va baʼzi gazsimon mahsulotlar ajraladi. Oʻ. gavda trasining muntazam bir meʼyorda turishi va qon ivishini tartibga solib, organizmda oqsil, yogʻ va uglevodlar almashinuvida ishtirok etadi. Oʻ. havo orqali kiradigan bakteriyalardan organizmni himoya qiladi. Oʻ. kasalliklaridan zotshjam, oʻpka emfizemasi, sil va Oʻ. oʻsmasi koʻproq uchraydi.

VikiOmbor
VikiOmborda Oʻpka
haqida sahifa mavjud.