Oʻsmalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻsmalar, blastomalar — organizmdagi oʻzgargan va oʻzining odatdagi shakli hamda funksiyasini yoʻqotgan (sifati buzilgan) hujayralardan iborat toʻqimalarning zoʻr berib oʻsib ketishi. Oʻsma hujayralari Oʻ.ga sababchi omillar toʻxtagandan keyin ham koʻpayaveradi.

Oʻ.ni onkologiya fani oʻrganadi. Xavfsiz (yetilgan) va xavfli (yetilmagan) Oʻ. farq qilinadi. Xavfsiz Oʻ. atrofdagi toʻqimani itaradi, suradi, baʼzan siqib qoʻyadi, lekin ularni yemirmaydi. Xavfli Oʻ. tez rivojlanib, boshqa toʻqimalarga oʻsib kirib, ularni yemiradi; bunda qon tomirlarga ham shikast yetadi. Odatda, qon va limfa tomirlari devorining yemirilishi natijasida qon yoki limfaga tushgan oʻsma hujayralari turli aʼzo va toʻqimalarga metastaz beradi. Natijada Oʻ.ning ikkilamchi tugunlari — metastazlar hosil boʻladi, yaʼni Oʻ. tarqalib ketadi. Oʻ. butunlay olib tashlanmasa, qaytadan oʻsib chiqadi (retsidiv beradi). Xavfsiz Oʻ. metastaz bermaydi (tarqalmaydi), ammo paydo boʻlgan joyiga koʻra hayot uchun xavfli boʻlishi (mas, miyada yoki nafas va hazm yoʻllarida boʻlsa, ularni siqib, ezib qoʻyishi), shuningdek, uning bir qismi kesib tashlansa, qayta oʻsishi mumkin. Oʻ.ning metastaz berishbermasligi va metastaz berish tezligi organizmning immunobiologik holatiga bogʻliq.

Oʻ. oʻsishi toʻqimada cheksiz boʻlinuvchi oʻzgargan hujayralarning kichik guruhi vujudga kelishidan boshlanadi. Ular sekin-asta rivojlanadi. Bunda bir necha bosqich farq qilinadi: 1) oʻsma hujayralarining notekis koʻpayishi (giperplaziya); 2) oʻchoqli proliferatsiya, yaʼni toʻqimaning oʻsishi, 3) xavfsiz Oʻ. hosil boʻlishi; 4) nihoyat, uning xavfli tus olishi (malignizatsiya). Bevosita xavfli Oʻ.dan avval paydo boʻlgan va xavfli Oʻ.ga aylanadigan Oʻ. rak oldi, toʻqimada ancha erta sodir boʻlgan oʻzgarishlar oʻsma oldi jarayoni hisoblanadi. Oʻ.ning bosqichmabosqich rivojlanishi va keyin xavfli tus olishi — uning oʻziga xos avj olishi shu tariqa oʻtadi. Oʻ. dan qon ketishi kamqonlikka, Oʻ.ning chirishi va moddalar almashinuvi buzilishidan hosil boʻlgan mahsulotlar organizmning zaharlanishiga sabab boʻladi.

Oʻ. parenxima va stromadan tarkib topadi. Parenxima Oʻ.ning asosiy massasi boʻlib, uning oʻsishi va tabiatini belgilaydi; stroma Oʻ. atrofidagi biriktiruvchi toʻqimadan hosil boʻladi. Har bir oʻsmaning nomi oʻzi paydo boʻlgan toʻqima nomidan (oxiriga "oma" — oʻsma maʼnosini anglatuvchi qoʻshimcha qoʻshiladi) olingan, mas, togʻaydan vujudga kelgan Oʻ. xondroma, yogʻ toʻqimasi oʻsmasi lipoma, muskul toʻqimasi oʻsmasi mioma, biriktiruvchi toʻqimada yuzaga kelgan xavfli Oʻ. sarkoma, epiteliy toʻqimasidan paydo boʻlgan xavfli Oʻ. karsinoma (rak), meʼda osti bezi boʻlakchalaridan hosil boʻlgan Oʻ. insuloma deyiladi va h.k. Leykozlar ham Oʻ.ga kiradi. Rak bilan ogʻrish turli mamlakat va mintaqalarda turlicha, mas, teri raki shim.ga nisbatan jan.da koʻproq uchraydi.

Oʻ.ning paydo boʻlishi va rivojlanishida organizmning tugʻma yoki hayotda orttirilgan umumiy reaksiyasi katta ahamiyatga ega. Irsiy omillar asosan, Oʻ.ga moyillikni, yaʼni organizmning oʻsma paydo qiladigan taʼsirotlarga nisbatan koʻrsatadigan u yoki bu reaksiyasini belgilab beradi. Oʻ. taʼsirini bartaraf etishda esa organizmning himoya, immunobiologik kuchlari, shuningdek, uning ovqatlanish va boshqalar hayot tarziga bogʻliq umumiy holati katta ahamiyat kasb etadi.

Umuman Oʻ. organizmga turli fizik, kimyoviy va biol. omillar taʼsir koʻrsatishi natijasida vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun ham hozir Oʻ.ning kelib chiqishi koʻp omilli (polietiologik) jarayon deb qaraladi.

Oʻ., odatda 40 yoshdan keyin paydo boʻladi. Ammo yoshlar va hatto, bolalarda ham uchratish mumkin.

Oʻ.ning oldini olish ularning kelib chiqishiga (gigiyenik profilaktika) va rivojlanishiga qarshi (rakning klinik profilaktikasi) tadbirlardan iborat. Gigiyenik profilaktika organizmga kanserogen taʼsir koʻrsatadigan omillarni yoʻqotish yoki ularning miqdorini kamaytirishdan; klinik profilaktika esa oʻsma oldi kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlab, davolashdan iborat. Aholi oʻrtasida muntazam (sistemali) ommaviy profilaktik tekshiruvlar oʻtkazish va ayrim aholi guruhlarini dispanserizatsiya qilish katta ahamiyatga ega. Kasallikning boshlangʻich belgilari paydo boʻlganda darhol vrachga murojaat qilish kasallikni barvaqt aniqlashda nihoyatda muhim.

Oʻ. diagnostikasi bemorni klinik instrumental tekshirish (soʻrash, kuzatish, maxsus tekshirish usullarini qoʻllash va har xil tahlillar oʻtkazish)ga asoslangan.

Ichki aʼzolar (meʼda, oʻpka, tuxumdon, yoʻgʻon ichak, meʼda osti bezi va boshqalar)dagi Oʻ.ni barvakt aniqlash (diagnoz qoʻyish) ancha mushkul boʻlib, bunda rentgenologik, radioizotop, endoskopik, morfologik, immunologik, kompyuter tomografiya, biopsiya olish va boshqalar maxsus tekshirish usullaridan foydalaniladi.

Tibbiyot amaliyotida radioizotoplar yordamida tekshirish usullari keng qoʻllanilmoqda. Ayrim radioaktiv moddalar, mas, fosfor, yod, stronsiy, oltin va boshqalarni oʻsma hujayralari sogʻlom hujayralarga nisbatan ancha koʻp yutadi, bu esa radioizotoplarning tarqalishiga qarab Oʻ. va metastazlarni barvaqt aniqlash imkonini beradi.

Oʻ. tuzilishining morfologik xususiyatlarini aniqlash davolashning aniq usulini tanlashda muhim ahamiyatga ega.

Xavfli Oʻ. kompleks usulda davolanadi. Oʻ. paydo boʻlgan aʼzoga, uning rivojlanish bosqichi, tuzilishiga, bemorning yoshi va boshqalarga qarab gamma va rentgen nurlari, doridarmonlar bilan davo qilinadi; lekin xirurgik usul keng qoʻllaniladi.

Koʻpincha xirurgik usul nur va doridarmonlar qoʻllab davolash bilan birga olib boriladi (q. Nur bilan davolash, Kimyoterapiya). Xavfli Oʻ.ni nur bilan davolash onkologiyaning rivojlanayotgan yoʻnalishlaridan biridir.

Soʻnggi yillarda organizmning himoya kuchlarini oshirishga qaratilgan immunoterapiya usulida davolash jadal olib borilmoqda (q.. Onkologiya).