Futbol TV

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Futbol TV
Mamlakat  Oʻzbekiston
Namoyish vaqti Soat 10:00 dan 03:00 gacha
Namoyish hududi  Oʻzbekiston
Til(lar)i Asosan oʻzbek tilida, shuningdek, rus tilida ham dasturlar tayyorlanadi
Boshqaruv markazi Toshkent
Tasvir formati 16:9 (SDTV)
1080i (HDTV)
Mazmuni futbol
Efirga chiqqan 23-aprel 2017-yil
Tomoshabinlar 30 milliondan ortiq kishi
Asoschisi "UZREPORT" axborot agentligi
Egasi "UZREPORT" axborot agentligi
Aloqador telekanallar Uzreport TV
Sayt futboltv.uz

Futbol TV — 2017-2022-yillarda faoliyat yuritgan Oʻzbekistondagi umummilliy, xususiy futbol kanali. Telekanalning test rejimidagi translyatsiyasi 2017-yil 23-aprelda boshlangan boʻlib, oʻsha yilning may oyida telekanal toʻlaqonli ish jarayonini boshlagan. HD formatda faoliyat yuritadi. „Futbol TV“ telekanali ham „Uzreport TV“ telekanali kabi Oʻzbekistondagi eng yirik axborot agentliklaridan biri — „UzReport“ axborot agentligiga tegishli. Futbol oʻyinlaridan tashqari futbolga bagʻishlangan turli koʻrsatuv va dasturlarni efirga uzatib boradi. Oʻzbekistondagi eng mashhur telekanallardan biri.

Telekanalda koʻrsatuvlar asosan oʻzbek tilida olib boriladi, biroq baʼzi teledasturlar rus tilida ham efirga uzatiladi. Telekanalda oʻyinlarning jonli translyatsiyasi vaqtida sharhlash tilini tanlash funksiyasi mavjud. Tomoshabinlar televizor pultidagi maʼlum tugmani bosish orqali futbol oʻyinlari uchun sharhlar tilini tanlashlari mumkin. Rossiyada boʻlib oʻtadigan 2018-yilgi Jahon chempionati oʻyinlarini translyatsiya qilish paytida ushbu funksiyadan MDH davlatlari hududida birinchilardan boʻlib faol foydalanilgan.

Telekanal tomonidan translyatsiya qilingan birinchi oʻyin (translyatsiya Uzreport telekanali orqali ham parallel ravishda berib borilgan) 2018-yilning 23-aprel kuni boʻlib oʻtgan Ispaniya „El Klasiko“si boʻlgan. Aynan oʻsha kuni „Futbol TV“ telekanali test rejimida koʻrsatuvlarni efirga uzatishni boshlagan edi. Sinov translyatsiyasi vaqtida kanal kuniga 12 soat, soat 14:00 dan 03:00 ga qadar faoliyat yuritgan.

2017-yil avgust oyidan „Uzreport TV“ va „Futbol TV“ telekanallari JCh—2018 uchun UEFA zonasi saralash turniri oʻyinlarini translyatsiya qilishni boshlagan. 2017-yil 8-avgust kuni telekanal „Uzreport TV“ bilan birgalikda UEFA Superkubogi-2017 uchrashuvlarini namoyish etgan.

2017-yil avgust oyida „Ozod yurt toʻlqinlari“ milliy media-festivalida „Futbol TV“ telekanali „Zoʻr TV“, „Milliy TV“ va „Caravan TV“ telekanallari bilan bir qatorda „Yil kashfiyoti“ nominatsiyasida taqdirlangan. ,,UZREPORT" Axborot agentligi JCh-2018 qura tashlash marosimini translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritgan.

„Futbol TV“ telekanali „Uzreport TV“ telekanali bilan birgalikda 2018-yil Rossiyada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionati oʻyinlarini jonli efirda namoyish etish huquqini qoʻlga kiritgan. Oʻyinlarni oʻzbek tilida sharhlayotgan oʻzbekistonlik sharhlovchilardan tashqari, rus tilida fikr bildirish uchun rossiyalik taniqli sharhlovchilar Aleksandr Yelagin va Denis Kazanskiylar ham maxsus taklif qilingan va ular „Futbol TV“ va „Uzreport TV“ telekanallarida rusiyzabon sharhlovchilar tarkibini toʻldirishgan. Avvalroq „Uzreport TV“ rossiyalik sharhlovchilarni turli futbol ligalari va chempionatlari oʻyinlarini sharhlash uchun bir necha bor taklif qilib, ulardan translyatsiya huquqini sotib olgan va sotib olishda davom etmoqda.

2017-yil yozida UzReport axborot agentligi UEFA Chempionlar Ligasi 2017/2018, UEFA Yevropa Ligasi 2017/2018, Angliya Premer-ligasi 2017/2018 va Ispaniya La Ligasi 2017/2018 oʻyinlarini translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritgan.

2018-yil iyul oyida UzReport axborot agentligi Italiya A Seriyasi 2018/2019 oʻyinlarini translyatsiya qilish huquqini, shuningdek, UEFA Millatlar Ligasi 2018/2019 oʻyinlarini translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritgan. Shu oyda UEFA Chempionlar Ligasi 2018/2019, UEFA Yevropa Ligasi 2018/2019, Angliya Premer-ligasi 2018/2019 va Ispaniya La Ligasi 2018/2019 oʻyinlarini translyatsiya qilish huquqini qoʻlga kiritganini eʼlon qilgan.

Telekanal shuningdek, UEFA Chempionlar Ligasi va UEFA Yevropa Ligasi qura tashlash marosimlarini ham translyatsiya qiladi. 2018-yil 15-avgust kuni telekanal UEFA Superkubogi-2018 oʻyinlarini namoyish etgan. Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan barcha uchrashuvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatadi[1].Futbol tv telekanali 2022-yil 1-dekabr kuni efirga uzatilishi to'xtatildi va uning o'rnida FTV telekanali ish boshladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Futbol TV“ (ruscha). Онлайн ТВ и Радио в TAS-IX!. 4-mart 2022-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 4-mart 2022-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

 (rus.)