Foydalanuvchi:Navruz1202/Bayoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

BAYONIY (taxallusi; asl ismi Muhammad Yusufbek Bobojonbek ugʻli) (1858 — Xiva — 1923) — Oʻzbek shoiri, tarixchi, musiqashunos, xattot va tarjimon. Xivadagi Shergʻozixon madrasasida tahsil koʻrgan. Suls, kufiy, rayhoniy, shikasta xatlarini yaxshi bilgan, tanbur chertish va gʻijjak chalishda mohir boʻlgan. Bayoniyning bir devoni, Xorazm tarixiga oid ikki asari va tarjimalari saqlangan. U mumtoz sheʼriyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilib, Navoiy, Munis, Ogahiy anʼanalarini davom ettirgan. Avaz Oʻtar b-n ijodiy hamkorlikda boʻlgan. «Devoni Bayoniy» sheʼrlar toʻplamini tuzgan. Unga kirgan sheʼrlarida dunyoviy sevgini ulugʻlagan, tabiat goʻzalliklarini sodda va ravon ifodalagan, mazlumlar, ilmfan ahlining achchiq taqdiriga achingan. «Shajarai Xorazmshohiy» tarixiymemuar asari bilan Munis va Ogahiy boshlagan ishni davom ettirgan. Bunda Yofasdan Qoʻngʻirot urugʻigacha, Abulgʻoziy Bahodirxondan Asfandiyorxongacha oʻtgan xonlar hukmronligi davri tarixi yoritilgan. «Xorazm tarixi» asari «Shajarai Xorazmshohiy»dagi voqealarni toʻldirgan. Asarning avvalgi boblari maʼno jihatdan «Shajarai Xorazmshohiy»ga oʻxshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Asarda, asosan Asfandiyorxon hukmronligi davri va undan keyin roʻy bergan voqealar tasvirlangan. 16 bobdan iborat bu asarning 8 bobigina bizgacha yetib kelgan.

Bayoniyning har ikki tarixiy asarida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid juda koʻp qimmatli materiallar bor. Jumladan, Xiva xonligining Buxoro va Qoʻqon xonligi va xonlikka qoʻshni boʻlgan boshqa mamlakatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari, mehnatkashlardan olinadigan har xil soliqlar, Xorazmda yashagan olim va shoirlar, shaharlar hayoti, dehqonchilik ishlari toʻgʻrisida boy maʼlumotlar yozilgan.

Manba

https://qomus.info/oz/encyclopedia/b/bayoniy/