Flegmona

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Flegmona (yun. plegmone — isitma, yalligʻlanish) — yogʻ qavatining tarqoq, oʻtkir yiringli yalligʻlanishi. Paydo boʻlgan joyiga koʻra, teri osti (yuza), muskullararo (chuqur), qorin orti, buyrak (paranefrit) va toʻgʻri ichak atrofi (paraproktit) yogʻ qavatlari F.si ajratiladi. Mikroblar yogʻ qavatiga chaqalangan, shikastlangan teri yoki shilliq qavat orqali, shuningdek, abssess, chipqon, xoʻppoz kabi organizmda mavjud yiringli manbalardan oʻtadi (qarang Chipqon). Bunda koʻpincha teri osti yogʻ qavati yalligʻlanadi. F.da qattiq ogʻriq va shish paydo boʻlib, shu soha terisi qizaradi, anchagina joy yalligʻlanadi. Kasallik zoʻrayganda temperatura koʻtarilib, et uvushadi, koʻngil aynishi, bosh ofigʻi va boshqa kuzatiladi. F. atrofdagi toʻqimalarga ham tarqalib ketishi natijasida pay, boʻgʻim va muskullarning yiringli yalligʻlanishi yuzaga keladi. F., asosan, operatsiya yoʻli bilan davolanadi. Oʻz vaqtida oldi olinsa, bemor tezda tuzalib ketadi, kechiktirilganda sepsis paydo boʻlishi mumkin. Panja F.si ogʻirroq kechganda bemor barmokdarini harakatlantira olmay qoladi. F.ning oldini olish uchun chaqalangan joylarni, teri va teri osti yogʻ qavatining yiringli kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish, shuningdek, teri va shilliq qavatning shikastlanishiga yoʻl qoʻymaslik, gigiyena qoidalariga rioya kilish zarur.