Kontent qismiga oʻtish

Ferahshod Xotun

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Ferahshod Xotun
Tavalludi Noma'lum
Noma'lum
Vafoti 1521-yildan keyin
Bursa, Usmoniylar imperiyasi
Fuqaroligi Usmoniylar imperiyasi
Turmush oʻrtogʻi Boyazid II
Bolalari shahzoda Mehmed

Ferahshod Xotun (turkcha: Ferahşad Hatun; 1521-yildan keyin Bursada vafot etgan) – Usmonli sultoni Boyazid II ning turmush oʻrtoqlaridan biri, shahzoda Mehmedning onasi. Koʻpgina sultonlarning ayollari singari, Ferahshod ham xayriya ishlari bilan shugʻullangan, jumladan, Silivrida bir nechta xayriya muassasalarini qurish tashabbusi bilan chiqqan.

Turk tarixchisi Necdet Sakaoğlu baʼzi manbalarda Ferahshod Xotun (turkcha: Ferahşad Hatun) deb yozilgan boʻlsa ham, uni Ferruhshod Xotun (turkcha: Ferruhşad Hatun) deb ataydi. Shuningdek, Sakaoğlu Bursa arxividagi uning oʻgʻli haqida keltirilgan maʼlumotlarga asoslanib, Muhtaram Ferruhshod Xotun (turkcha: Muhterem Ferruhşad Hatun) deb ham atagan[1]. Turk tarixchisi Çağatay Uluçay ismning faqat bitta shakli – Ferahshod Xotun (turkcha: Ferahşad Hatun) shaklini keltiradi[2].

Ferahshodning oilasi va bolalik davri ham, Boyazid II haramiga qanday kirib kirganligi ham aniqlanmagan. Sakaoğlu tarixchi Uluçaydan iqtibos keltirib, Ferahshod Xotun Kefe sanjakbeyi shahzoda Mehmedning onasi boʻlganini yozadi[1][3]. Alderson shahzodaning onasini koʻrsatmagan holda shahzoda Mehmed 1475-yilda tugʻilganini yozadi[4], shu sababli Ferahshod haramga taxminan bir yil oldin keltirilgan boʻlishi mumkin. Sakaoğlu Bursa arxivida shahzoda Mehmedning onasi „Muhterem Hatun bint Abdulhay“ (Muhtaram Xotun bint Abdulhay) deb yozilganligi, Süreyya Mehmed Beyning „Sicill-i Osmani“ va Antony Aldersonning „The Structure of the Ottoman Dynasty“ asarlarida Ferahshod umuman qayd etilmaganini taʼkidlaydi[1].

Shahzoda Mehmed Kefe sanjakbeyi etib tayinlanganda, Ferahshod anʼanaga koʻra, oʻgʻli bilan birga sanjakka ketadi. U yerda shahzoda Mehmed Qrim xoni Mengli Gerey I ning qizi Oysha Xotun bilan turmush quradi hamda Olamshoh va Fotima (vafoti 1556-yil) ismli farzandlari boʻlgan[3][4]. Turli manbalarga koʻra, Mehmed 1504[3]/1505[1][3]-yillarda qatl etilgan[4][3] yoki 1507-yilda vafot etgan[2]. Ferahshod oʻgʻli vafotidan soʻng avval Istanbulga qaytib, marhum shahzodaning onasi sifatida Bursaga koʻchib oʻtadi[1]. Uluçayning xabar berishicha, Sultonning buyrugʻi bilan Ferahshod Xotun, shuningdek, marhum shahzodaning enagasi, Ferahshodning Kefeda yashaydigan ukasi va uning qizlariga nafaqa tayinlangan[2].

Ferahshod Xotunning aniq vafot etgan sanasi nomaʼlum boʻlsa-da, u haqidagi soʻnggi maʼlumotlar 1521-yilga oid boʻlgani sababli ushbu yildan keyin vafot etgan deb xulosa qilish mumkin[1]. Taxminlarga koʻra, Ferahshod Xotun Bursadagi oʻgʻli dafn etilgan Murodiya majmuasiga dafn etiladi[3].

Xayriya ishlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shahzodalardan birining onasi sifatida Ferahshod Xotun xayriya ishlari bilan shugʻullangan: Sakaoğlu Ferahshodning 1521-yilda Silivridagi xayriya muassasalari faoliyatini taʼminlash uchun vaqf tuzganini yozadi[1]. Bundan tashqari, Uluçay 1516-yilda Ferahshod Xotun tomonidan yana bir vaqf tashkil qilinganligi yozgan hamda Ferahshodning Silivrida xayriya ishlarini olib borganini ham tasdiqlaydi[2].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Sakaoğlu 2015.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Uluçay 1988.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Süreyya, 1 Cild 1996.
  4. 4,0 4,1 4,2 Alderson 1956.