Dutor
Dutor (forscha: دوتار) – Oʻrta Osiyo, Eron va Janubiy Osiyoda tarqalgan anʼanaviy ikki torli musiqa asbobidir. Nomi fors tilidan „ikki tor“ (< دو du — „ikki“, تار tār — „tor“) deb tarjima qilinadi, biroq Hirot dutori oʻn torʼtta torli boʻladi. Dutor XV asr atroflarida paydo boʻlgan deya tahminlar mavjud. O‘zbek, tojik, uyg‘ur, turkman, qoraqalpoq xalqlari orasida keng tarqalgan. O‘zbek dutori muloyim, nafis va shirali ovozi bilan boshqa cholg‘ulardan ajralib turadi. Dutorning dutor-alt turi ham mavjud, dutor-kontrabas, dutor-bas kabi zamonaviy turlari ham mavjud.
Dutor yakkanavoz va joʻrnavoz cholgʻu sozi boʻlib, sozandadan katta ijro mahoratini talab etadi. Dutorda yakka zarb, qoʻshzarb, bilak zarb, bidratma, teskari zarb kabi ijro usullari mavjud. Dutor haqidagi dastlabki yozma maʼlumotlarni Navoiyning zamondoshi Zaynulobidin al-Husayniy ,,Musiqaning ilmiy va amaliy qoidalari" nomli risolasi (XVI bobi) da uchratamiz. XVI – XVII asrlarda „Dutoriy“ taxallusi bilan ijod etgan (hirotlik Yusuf Mavdudiy Dutoriy, mashhadlik Mirquliy Dutoriy kabi) sozandalarning nomlari manbalarda saqlangan. Hozirda milliy dutor ijrochiligining oʻziga xos uslublari 4 ta asosiy (Andijon, Toshkent, Samarqand va Xorazm) dutorchilik maktablari orqali namoyon boʻladi.
Dutor-alt – anʼanaviy dutorni 1930-yillarda qayta ishlash natijasida paydo boʻlgan turi. Torlari kapron (yoki boshqa polimer iplari)dan ishlanadi. Dastasiga xromatik tartibda joylashgan yogʻoch yoki suyak pardalari yelimlab yopishtiriladi. Repertuaridan asosan oʻzbek kompozitorlari tomonidan qayta ishlangan (garmonizatsiyalashgan) xalq kuylari, fortepiano joʻrligida ijro etilayot-gan asarlar oʻrin olgan. Mazkur dutor asosida (Oʻzbek xalq cholgʻulari orkestriga moslab) turli hajmdagi dutor xillari (dutor-bas, dutor-kontrabas) ishlandi. (Manba: Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. – T., 2000.) Jumladan, XX asrning 30-yillarning birinchi yarmida boshida musiqa cholgʻulari yasash boʻyicha nom qozongan Usta Usmon Zufarov (1892-1981) dutor va gʻijjaklarning turdosh oilasini yaratish boʻyicha oʻz takliflarini berdi va Oʻzbekiston radiosi qoshidagi xalq cholgʻulari milliy ansamblining rahbari, akademik Yunus Rajabiy usta Usmon Zufarov bilan hamkorlikda dutor bas (katta dutor) turini yaratdi[1].
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutor soʻzi fors-tojikcha boʻlib, du – ,,ikki", tor – ,,cholgʻu asbobining chertib tebratiladigan maxsus ipi" soʻzlarining yaxlitlanishidan hosil boʻlgan[2].
Yasalishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutor tut, oʻrik, yongʻoq yogʻochlaridan yasaladi. Dutorning qorni oʻnga yaqin yupqa taxtakachni egib, bir-biriga yopishtirilib yasaladi. Buning ustidan qopqoq yopiladi va tayyor boʻlgan qorin dastaga ulanadi.
Torgir yoki tor ilgak dutorning ikki simini koʻtarib turadi. Dutorning dastasi ingichka uzun boʻladi. Boshqa torli asboblarda odatda metal pardalar boʻlsa, dutorda dastasiga oʻralgan 15 ga yaqin ipak parda boʻladi. Zamonaviy dutorlarning pardalari baʼzan yogʻoch yoki suyakdan yasaladi.
Dutor dastasi suyak, sadaf bilan bezaladi. Dutor torlari avvaliga ichakdan, keyin ipakdan tayyorlanar edi. Zamonaviy dutor torlari neylondan qilinadi.
Registri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutorda bir yarim oktava atrofidagi diatonik-xromatik gamma bor.
Chalish uslablari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutorni turli zarb bilan chalish mumkin. Yakka zarb, qoʻsh zarb, piripirak, rez kabi zarblar bilan chalinadi.
Oʻzbek xalq ijodida
[tahrir | manbasini tahrirlash]Hyunjin
Dutor uchun xalq orasida maxsus kuylar yaratilgan. Bular safiga „Toʻrgʻay“, „Fargʻonacha“, „Tanovar“, „Munojot“, „Rohat“, „Jigarpora“, „Dilxiroj“, „Chertmak“, „Shafoat“, „Suvora“, „Qoʻshtor“ kuylarini kiritish mumkin.
Dutor qismlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutor dasta, pardalar, boʻgʻiz, qopqoq, pastki yon qovurgʻa, ustki yon qovurgʻa, ilgak, xarak, shayton xarak, quloq qismlaridan tashkil topadi. (Dutor qismlari tasvirlangan rasm qoʻyiladi).
Dutor zarblari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dutor chalishda zarb juda katta ahamiyatga ega. Dutorni yaxshi bilish uchun zarb turlarini puxta oʻrganish lozim.
Dutor mashqlari turli-tuman va har xil ritmda boʻlishiga qarab turli zarblar bilan ijro etilishi kerak boʻladi. Zarbni urganda dutordan chiroyli va yoqimli tovush chiqarish uchun panjalarni juda boʻsh tashlash va zarbni eng yuqorigi avj pardaga yaqin, yaʼni dutorning boʻgʻzi oʻrtasiga urish kerak boʻladi. Dutor zarblari besh xil boʻladi. Bulardan ikkitasi katta zarb, ikkitasi kichik zarb, beshinchisi esa tanovar zarbi deb yuritiladi. Bulardan tanovar zarbi juda koʻp kuylarda ishlatiladi. Bu zarb, asosan, koʻrsatkich va bosh barmoq ishtirokida uriladi. (Ilyosov A. Dutor oʻrganish kitobi. – T., 1966.)
Dutorda ijro etiladigan milliy kuylar
[tahrir | manbasini tahrirlash]XX asrda Andijon dutorchilik maktabi namoyandalaridan Dorip dutorchi, M. Najmiddinov, O. Rustamov, K. Jabborov, Fargʻonada Qoʻzixon Madrahimov ijrosida ,,Nolish", ,,Choʻpon", ,,Andijon Kurdi", ,,Andijon sayqali", ,,Tuya boʻzloq", ,,Qoʻshtor"; Toshkent maktabi yirik vakillaridan Solixon Hoji, A. Vahobov, F. Sodiqov, M. Yunusov, T. Alimatov, S. Yoʻldoshevlar talqinida ,,Sharob 1, 2", ,,Shafoat 1, 2, 3", ,,Toshkent sayqali", ,,Toshkent Kurdi", ,,Rajabiy 1, 2", ,,Kurash", ,,Dutor Bayoti", ,,Dutor Navosi"; Samarqand maktabi ustozlaridan Hoji Abdulaziz, Qori Siroj Yusupovlar ijrosida ,,Guluzorim", ,,Bebokcha", ,,Bozurgoniy", ,,Gullar vodiysi"; Xorazm maktabi vakillaridan N. Boltaev, Y. Jabborovlar ijrosida ,,Aliqambar", ,,Saqili Navo" singari mumtoz kuylar ijro etilgan. 1970-yillardan yakka dutorda Shashmaqom cholgʻu va ashula yoʻllari ham ijro etila boshlandi. Oʻzbek bastakorlaridan N. Hasanov ,,Gilos", F. Sodiqov ,,Dutorim", S. Yoʻldoshev ,,Dil kuylasin", ,,Togʻ goʻzali", O. Qosimov ,,Yangra sozim" kabi asarlarni dutor uchun yaratganlar; ,,Jigar pora" (majoziy – jigarband, farzand) – ommaviylashgan oʻzbek mumtoz cholgʻu kuyi ham dutor yoki tanburda ijro etiladi.(Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. – T., 2000.)
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu maqola vikilashtirilishi kerak. |
Vikiomborda Dutor haqida turkum mavjud |