Deratizatsiya
Deratizatsiya (fransuzcha: deratisation — kemiruvchilarni qirish) — yuqumli kasalliklarni tarqatadigan hamda xalq xoʻjaligiga iqtisodiy zarar kelti-radigan kemiruvchilarni qirish. Profilaktik va qirib yoʻqotish tadbirlarini oʻz ichiga oladi. Profilaktik tadbirlar zararkunanda kemiruvchilarning uya qurishi, ovqatlanishi hamda koʻpayishiga imkon beradigan sharoitlarni yoʻqotishga, turar joy, xoʻjalik binolarini, goʻsht korxonalari, goʻsht asraladigan muzxonalar, aralash yem korxonalari, elevator, tegirmon, omborxonalarni ular kirishidan himoya qilishga qaratilgan boʻladi. Buning uchun don, un, sabzavot, goʻsht va boshqa mahsulotlarni kemiruvchilar tegmaydigan idishlarda saqlash; uy va hovlilarga, oziq-ovqat, yemxashak saqlanadigan binolarga kemiruvchilar kirmasligi uchun ularni doim ozoda tutish, qolgan ovqatlar solinadigan chelaklar va axlat yashiklarini oʻz vaqtida boʻshatib turish, teshik-tirqishlarni berkitib tashlash, havo kiradigan tuynuklarga metall toʻr tutish, podval derazalariga oyna solish va sim toʻr tutish kerak.
Kemiruvchilarni qirishni (biologik, mexanik va kimyoviy) profilaktik tadbirlar bilan birga qoʻshib olib borish zarur. Biologik usul bilan qirishda mushuk, it, baʼzan tipratikandan foydalaniladi. Yirtqich qushlar (yapaloqqush, burgut va boshqalar), tulki, sassiqkoʻzan, tipratikan, mushuk kabi hayvonlar kemiruvchilarni yoʻqotadigan tabiiy biologik kushandalardir.
Mexanik vositalarga qopqon, tuzoqlar kiradi. Kemiruvchilarga karshi kurashishning kimyoviy usulida turli xil zaharli moddalar qoʻllanadi. Bunda tarkibida rodensidlar boʻlgan zaharli xoʻraklardan foydalaniladi yoki ular kemiruvchilar chikadigan teshikka sepiladi. Zaharli moddalar bilan ishlaganda ehtiyot choralariga qatʼiy rioya qilish kerak. Kemiruvchilar paydo boʻlganda sanepidstansiyaga xabar qilish lozim, u butun binoda deratizatsiya oʻtkazadi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |