Buxoro neftni qayta ishlash zavodi
Qisqartma | BNQZ (БНПЗ) |
---|---|
Turi | Masʼuliyati cheklangan jamiyat |
Sanoat | Neftni qayta ishlash sanoati |
Ishga tushgan sanasi | 1997-yil 22-avgust |
Joylashuvi |
Oʻzbekiston Buxoro viloyati Qorovulbozor |
Direktori | Akbar Fazilov |
Ishchilar soni | 3522 |
Vebsayti | Bnpz.uz |
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi (BNQIZ) — neft mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yirik sanoat korxonasi. Buxoro viloyati Qorovulbozor shahrida joylashgan.
Oʻzbekneftgaz tarkibiga kiradi. 1993-yil 3-avgustdagi 389-sonli qarori bilan zavodni qurish ishlari boshlandi[1]. 1997-yil 22-avgustda qurilish ishlari yakunlanib, ishga tushirilgan. Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi gaz va neft konlari (asosan Koʻkdumaloq gaz kondensati koni) asosida ishlashni boshlagan. 18 turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Birinchi navbatining yillik loyiha quvvati 2,5 million tonna gaz kondensatini qayta ishlashga moʻljallangan. Zavodning loyiha qiymati deyarli 500 million dollarga teng boʻlgan.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi Fransiyaning „Technip“ firmasi bilan hamkorlikda qurilgan. Mazkur firma zavod qurilishida 262 million dollar hissasi bilan ishtirok etgan. Shuningdek, „Technip“dan tashqari, Yaponiyaning „Marubeni“, „Jey-Ji-Si“ kompaniyalari tomonidan konsorsium tuzilgan. Bundan tashqari, „Kellog“ (KBR) firmasi, „Chase Manhattan“, „Eximbank“, „Kredi kommersial de-Frans“, „BNP Paribas“ banklari, Yaponiya savdo-sanoat vazirligi, Fransiyaning „Kofas“ sugʻurta jamiyati zavod qurilishida oʻz hissalarini qoʻshdilar. Loyihalarni amalga tadbiq etish uchun oʻtkazilgan tenderda Turkiyaning xalqaro pudratchilaridan boʻlgan „Gama“ firmasi gʻolib chiqqan. Zavod hududida qurilish 196 obyektda olib borilgan. Qurilishni koʻzdan kechirish maqsadida 1996-yil 14-dekabrda Oʻzbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov Qorovulbozorga kelgan. Gazkondensatidan mahsulot ajratib oladigan texnologik jihozlar va uskunalar dengiz, havo va temir yoʻllar orqali olib kelingan. Zavod qurilishida 1600 turkiyalik ishchi qatnashgan[2]. Jami ishchilar soni 2000 dan ortiq.
Buxoro neftni qayta ishlash zavodi 300 dan ortiq katta-kichik inshootlar majmuidan iborat. Korxona atrofidagi 5000 gektar yerlarga saksovullar ekilgan. Zavod atrofida ishchilar yashaydigan neftchilar shaharchasi ham qurib bitkazilgan.
„Oʻzbekneftgaz“ milliy korporatsiyasi raisining 1996-yil 26-noyabrdagi buyrugʻiga koʻra Igamberdi Saydahmedov-Buxoro neftni qayta ishlash zavodining birinchi rahbari etib tayinlangan. 1997-yil 18-avgust kuni atmosfera haydash uskunasida ilk sinov ishlari amalga oshirilgan. 22-avgustda rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtgan[3]. Marosimda AQSh, Yevropa, Hamdoʻstlik mamlakatlari kompaniya va firmalari vakillari ishtirok etgan.
Ushbu yirik inshootni barpo etishda qatnashgan bir guruk mehnat fidoiylari „Mehnat shuhrati“, „Doʻstlik“, „Shuhrat“ orden va medallari bilan taqdirlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „“O‘zbekneftgaz”: Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tashkil etilganiga 25 yil to‘ldi“. Qaraldi: 26-iyul 2023-yil.
- ↑ B.Soliyev. Buxoro neftni qayta ishlash zavodi. Toshkent: A.Navoiy nomidahi O'zbekiston Milliy kutubxonasi 2007 — 25-bet. ISBN 978-9943-06-060-9.
- ↑ „История компании“. Qaraldi: 26-iyul 2023-yil.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Бухоро нефтни қайта ишлаш заводи: экологик тоза ва сифатли маҳсулотлар“. Uza.uz. Qaraldi: 2021-yil 20-dekabr.
- BNQIZning rasmiy sayti: bnpz.uz (Wayback Machine saytida 2013-08-19 sanasida arxivlangan)
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |