Boldir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Boldir — tizza bilan oyoq panjasi oʻrtasidagi qism. Yuqoridan taqim oʻrtasidan oʻtgan gorizontal chiziq bilan, pastdan boldiroyoq kafti boʻgʻimi bilan chegaralangan. B. skeleti katta va kichik boldir suyaklaridan iborat. Suyaklar orasi ochiq boʻlib, uni qalin parda toʻldirib turadi. Suyaklar va pardaning old tomonida uchta, tashqi tomonida ikkita va orqa tomonida sakkizta muskul ustmaust joylashgan. Ular tizza boʻgʻimini bukadi, panja va barmoqlarni bukadi va yozadi, panjani ichki va yon tomonga koʻtaradi. B. ning ichki tomonida muskul boʻlmaydi. Orqadagi eng ustki kambalasimon muskul B.ga maʼlum shakl berib turadi. U uch joydan, yaʼni son suyagining ikki cheti va boldir suyagining orqa yuzasidan boshlanganligi uchun "uch boshli muskul" deb ham yuritiladi. Bu muskulning yoʻgʻon, pishiq, kuchli payi (Axill payi) tovon suyagiga yopishadi va oyoqni erkin koʻtarib yurishga imkon beradi. B. terisiga sezuvchi, muskullarni harakatlantiruvchi nervlar hamda qon tomirlar keladi. B. oyoqning boshqa qismlari bilan birga gavdani koʻtarib turishda, yurishda qatnashadi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil