Kontent qismiga oʻtish

Birlamchi tibbiy xizmat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Birlamchi tibbiy xizmat jamoat sogʻliqni saqlash markazlarida koʻrsatiladi.

Birlamchi tibbiy xizmat – birinchi murojaat qilinadigan, qulay, doimiy, keng qamrovli va shaxsga yoʻnaltirilgan gʻamxoʻrlikni taʼminlaydigan tibbiy xizmat modelidir. U aholining turli guruhlari xizmatlardan teng foydalanishini kafolatlagan holda aholi salomatligini yaxshilashga va aholi oʻrtasidagi nomutanosiblikni kamaytirishga qaratilgan[1].

Birlamchi tibbiy xizmat – bu sog‘liqni saqlash mutaxassisi tomonidan kundalik koʻrsatiladigan tibbiy yordamdir. Odatda, ushbu xizmat sogʻliqni saqlash tizimida bemorlar bilan birinchi aloqa va doimiy yordam koʻrsatishning asosiy markazi boʻlib xizmat qiladi va bemorga kerak boʻlishi mumkin boʻlgan boshqa yordamlarni muvofiqlashtiradi[2][3][4]. Bemorlar odatda birlamchi tibbiy xizmatni umumiy amaliyot shifokori (yoki oilaviy shifokor), shifokor yordamchisi, fizioterapevt yoki hamshira kabi mutaxassislardan qabul qilib oladilar. Baʼzi hududlarda bunday mutaxassis roʻyxatdan oʻtgan hamshira, dorixona xodimi, klinik xodim, ayurvedist yoki boshqa anʼanaviy tibbiyot mutaxassisi boʻlishi mumkin. Salomatlik holatiga koʻra, bemorlar yoʻllanma asosida ikkilamchi yoki uchlamchi tibbiy yordamga yuborilishi mumkin.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti asosiy birlamchi tibbiy xizmatni inklyuziv sogʻliqni saqlash strategiyasining ajralmas qismi sifatida qaraydi. Birlamchi tibbiy xizmat sogʻliqni saqlashning eng keng qamrovli sohasi boʻlib, u barcha yoshdagi, turli ijtimoiy-iqtisodiy mavqega ega boʻlgan va geografik kelib chiqishishidan qatʼi nazar, oʻzining salomatligini saqlamoqchi boʻlgan, hamda har xil oʻtkir va surunkali jismoniy, ruhiy va ijtimoiy sogʻliq muammolari hamda koʻplab surunkali kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarni oʻz ichiga oladi. Shu sababli, birlamchi tibbiy xizmat shifokori koʻplab sohalarda keng qamrovli bilimga ega boʻlishi lozim.

Birlamchi tibbiy xizmatning xalqaro tasnifi (ICPC) bemorlarning murojaati sababi boʻyicha birlamchi tibbiy xizmatdagi amaliyotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻrganish va tahlil qilish uchun standartlashtirilgan nizomdir[5]. Odatda birlamchi tibbiy xizmatda davolanadigan umumiy surunkali kasalliklarga quyidagilar: gipertoniya, stenokardiya, qandli diabet, astma, surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi, depressiya, bel og‘rig‘i, osteoartrit va qalqonsimon bez disfunksiyasi kiradi. Birlamchi tibbiy xizmat koʻplab onalar va bolalar sogʻligʻini saqlash shuningdek, emlash xizmatlarini ham oʻz ichiga oladi.

Dunyo miqyosida aholi qarishi sharoitida, surunkali yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi yuqori boʻlgan keksa yoshdagi insonlar soni ortib borayotgani sababli, butun dunyoda, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda birlamchi tibbiy xizmatga boʻlgan talabning tez sur’atlarda oʻsishi kutilmoqda[6][7].

Birlamchi tibbiy xizmatni moliyalashtirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Turli mamlakatlarda birlamchi tibbiy yordamni moliyalashtirish umumiy soliqqa tortish, milliy sugʻurta tizimlari, xususiy sugʻurta va bemorlar tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri toʻlovlar orqali amalga oshiriladi. Birlamchi tibbiy yordam koʻrsatuvchi shifokorlarga haq toʻlash tizimi ham xilma-xildir. Ularning ayrimlari koʻrsatilgan xizmat uchun toʻlov asosida, boshqalari esa roʻyxatga olingan bemorlar soni boʻyicha aholi jon boshiga haq oladi[8].

Hududlar boʻyicha birlamchi tibbiy xizmat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kanadada birlamchi va boshqa sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish barcha fuqarolar uchun Kanadaning sogʻliqni saqlash toʻgʻrisidagi qonuni orqali kafolatlanadi.

Asosiy birlamchi tibbiy xizmat – (polyakcha: Podstawowa Opieka Zdrowotna, POZ) Polshadagi sogʻliqni saqlash tizimining asosiy va keng tarqalgan qismidir.

Nigeriyada sogʻliqni saqlash tizimi hukumatning uch pogʻonali boshqaruvi tomonidan bir vaqtning oʻzida nazorat qilinadi. Mahalliy hokimiyatlar birlamchi tibbiy xizmat koʻrsatishga eʼtibor qaratadi (masalan, dispanserlar tizimi orqali), viloyat hokimiyatlari turli umumiy kasalxonalarni boshqaradi (ikkilamchi tibbiy yordam), federal hukumatning roli esa asosan Federal tibbiyot markazlari va universitet oʻquv shifoxonalari (uchlamchi tibbiy yordam) faoliyatini muvofiqlashtirish bilan shugʻullanadi.

Rossiya Federatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rossiya Federatsiyasida birlamchi tibbiy xizmat bepuldir.

Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati quyidagi: kasallik va kasallik holatlarini oldini olish, ularni aniqlash va davolash, tibbiy reabilitatsiya oʻtkazish, homiladorlikni kuzatib borish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan kasalliklarning xavf omillari darajasini pasaytirish hamda sanitariya-gigiyena bilimlarini targʻib qilish chora-tadbirlarni oʻz ichiga oladi.

Buyuk Britaniya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyuk Britaniyada bemorlar birlamchi tibbiy yordam xizmatlaridan mahalliy umumiy amaliyot shifokori, farmakolog, optometrist, stomatolog va otorinoloringolog mutaxassislari orqali foydalanishlari mumkin.

  1. „Primary care“. who.int.
  2. „WHO/Europe – Main terminology“. who.int.
  3. World Health Organization. Definition of Terms. (Wayback Machine saytida 2011-03-03 sanasida arxivlangan) Accessed 24 June 2011.
  4. World Health Organization. International Classification of Primary Care, Second edition (ICPC-2). Geneva. Accessed 24 June 2011.
  5. World Health Organization. Ageing and life course: Our ageing world. Geneva. Accessed 24 June 2011.
  6. Simmons J. Primary Care Needs New Innovations to Meet Growing Demands. (Wayback Machine saytida 2011-07-11 sanasida arxivlangan) HealthLeaders Media, May 27, 2009.
  7. "Funding in primary care". InnovAiT: Education and Inspiration for General Practice 12 (2): 100–104. 19 December 2018. doi:10.1177/1755738018805186.