Belarus prezidenti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Belarus Respublikasi prezidenti
Прэзідэнт Рэспублікі Беларусь
Mamlakat: Belorussiya bayrogʻi Belarus
Belarus prezidenti
Avvalgi nomi: Oliy Kengash raisi
Amaldagi shaxs: Aleksandr Lukashenko
Tayinlanadi: saylov yoʻli bilan
Rahbarlik qiladi: 1994-yil 20-iyuldan
Qarorgohi: Minsk shahri, Karl Marks koʻchasi 38-uy
Vakolat muddati: 5 yil
Sayt: http://www.president.gov.by

Belarus Respublikasi Prezidenti (belaruscha: Прэзідэнт Рэспублікі Беларусь, ruscha: Президент Республики Беларусь) Belarus davlatining rahbari. Lavozim 1994-yilda Oliy Sovet tomonidan Belarus Konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan tashkil etilgan. Bu davlat rahbari sifatida Oliy Kengash raisi lavozimini almashtirdi. Prezidentning vazifalariga tashqi va ichki siyosatni amalga oshirish, fuqarolar va aholining huquqlari va umumiy farovonligini himoya qilish, Konstitutsiya qoidalarini himoya qilish kiradi. Prezidentga Konstitutsiya tomonidan mamlakatning ijtimoiy ishlarida rahbarlik qilish va uning chet elda asosiy vakili sifatida chiqish vazifasi yuklatilgan. Prezidentlik bilan bogʻliq vazifalar, majburiyatlar va boshqa qoidalar Konstitutsiyaning uchinchi bobida, 79 dan 89 gacha moddalarida keltirilgan.

Prezidentning vakolat muddati — besh yil, lekin 1996-yilda oʻtkazilgan referendum tufayli 1999-yilda boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan saylov 2001-yilga koʻchirildi. 1994-yilgi konstitutsiyaga binoan amaldagi prezident faqat ikki muddat prezidentlikka saylanishi mumkin edi, ammo keyinroq konstitutsiya oʻzgargani sababli muddat cheklovlari olib tashlandi. 1994, 2001, 2006, 2010, 2015 va 2020-yillarda saylovlar boʻlib oʻtdi. Aleksandr Lukashenko 1994-yilgi saylovlardan beri prezident boʻlib ishlagan yagona shaxs. Prezident ofisi Minskdagi Respublikasi saroyida, Prezident rezidensiyasi esa Minsk tumanidagi Zaslavye (Заслаўе), shahrida.

Tarixiy maʼlumot[tahrir | manbasini tahrirlash]

Belarus birinchi marta 1918-yil Belarus Demokratik Respublikasi deb eʼlon qilindi. Uning davlat rahbari prezident, muvaqqat oliy boshqaruv organi Belarus Demokratik Respublikasi Radasi edi. 1919-yilda sovetlarning Qizil Armiyasi Belarus Demokratik Respublikasining Radasi aʼzolarini surgunga qildi. Sovet hukumati davrida Belarus SSRning Kommunistik partiyasi Birinchi kotibi davlat rahbari hisoblanardi. Kommunistik partiya esa BSSRning yagona partiyasi edi.

Belarus Respublikasi 1991-yil Sovet Ittifoqidan mustaqil oʻlaroq tashkil topgan. 1994-yilgi Konstitutsiya qabul qilinganiga qadar Oliy Kengash raisi davlat rahbari hisoblangan va Bosh vazir hukumat boshligʻi sifatida faoliyat yuritgan. Prezident devoni tashkil etilgach, davlat boshqaruvida bosh vazirning roli kamaytirilgan, 1996-yilda Oliy Kengash tarqatilib, uning raisi lavozimi tugatilgan[1][2].

Prezidentlik lavozimiga oʻtkazilgan dastlabki saylovlarda Belarus Bosh vaziri Vyacheslav Kebich ikkinchi davra saylovida Aleksandr Lukashenkoga magʻlubiyatga uchradi, natijada Lukashenko birinchi prezident boʻldi[1]. 2001 va 2006-yilgi saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar, ishtirok etdi. Gʻarb kuzatuvi tufayli ichki muxolifat partiyalar ham saylovlarda qatnashdi[3], amaldagi prezident birinchi davra davomida boshqa nomzodlardan oʻzib ketdi[4].

Konstitutsiyaviy maqom[tahrir | manbasini tahrirlash]

Belarus Konstitutsiyasining 79-moddasi Belarus Respublikasi Prezidentiga davlat rahbari maqomini beradi. U shuningdek, Belarus fuqaroligi yoki Belartusda yashash huquqini olishni istaganlarning Konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklari vasiysi hisoblanadi. Prezident Belarus davlatining tashqi yoki ichki ishlarni amalga oshirishda davlat markazlashganligi timsolidir va boshqa davlatlar yoki xalqaro tashkilotlar bilan ish olib borishda asosiy vakildir. Prezidentga mamlakat xavfsizligi, gullab-yashnashi va barqarorligi ham ishonib topshirilgan va hukumat idoralari oʻrtasida vositachi vazifasini bajaradi.

Saylov jarayoni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muvofiqlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezidentlik lavozimiga nomzodlik koʻrsatish uchun shaxs 35 yoshdan oshgan Belarus respublikasi fuqarosi boʻlishi shart. Shuningdek u Belarus respublikasida kamida 10 yil yashagan boʻlishi va ovoz berish layoqatiga ega boʻlishi kerak. Ushbu qoidalar Konstitutsiyaning 80-moddasida belgilangan.

Nomzodlik va saylov[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezident saylovlari har besh yilda bir marta umumxalq ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Prezidentlikka nomzod sifatida roʻyxatga olinish uchun avval kamida 100 kishidan iborat tashabbuskor guruhga ega boʻlish kerak[5]. Tashabbuskor guruh saylovdan 85 kun oldin Markaziy saylov komissiyasida roʻyxatdan oʻtgan boʻlishi kerak. Muvaffaqiyatli roʻyxatdan oʻtgan taqdirda, koʻrsatilgan nomzodga kamida 100000 kishi ishonch bildirib imzo qoʻyishi kerak. Agar Markaziy saylov komissiyasi ushbu shartlar bajarilgan deb topsa, shaxs rasman prezidentlikka nomzod boʻlishi mumkin.

Ovoz berishda yashirin byulletenlar toʻgʻridan-toʻgʻri saylovchilardan olinadi. Saylovda roʻyxatdan oʻtgan aholining 50 % dan ortigʻi qatnashgan taqdirda saylov amalga oshgan deb hisoblanadi. Ovoz berishning birinchi bosqichida, nomzod umumiy ovozlar sonining ellik foizdan ortigʻini qoʻlga kiritsa, u saylangan Prezident deb eʼlon qilinadi. Agar birinchi turda hech kim ellik foizga erishmagan boʻlsa, unda eng koʻp ovoz toʻplagan ikki nomzod oʻrtasida ikkinchi tur saylov boʻlib oʻtadi. Saylovda eng koʻp ovoz toʻplagan shaxs saylangan prezident deb eʼlon qilinadi.

Agar prezidentlik lavozimi vakant boʻlsa, yangi prezident saylovi vakansiya paydo boʻlganidan keyin oʻttiz kundan yetmish kungacha oʻtishi kerak. Oddiy saylov davrlarida, saylovlar amaldagi prezidentning muddati tugashidan ikki oy oldin boʻlib oʻtishi kerak. Ikkala holatda ham, saylovlar oʻtkazishni talab qiladigan hukumat organi Vakillar palatasidir. Belarusda soʻnggi prezident saylovlari 2020-yil 9-avgustda boʻlib oʻtdi.

Vakolat va majburiyatlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Konstitutsiyaning 84 va 85-moddalarida prezidentga siyosiy, ijtimoiy va milliy mudofaa majburiyatlar yuklatilgan. Yuqorida sanab oʻtilgan vakolat va majburiyatlardan tashqari, 30-modda prezidentga milliy qonunchilikda yoki Konstitutsiyaning boshqa boʻlimlarida berilgan boshqa vakolatlardan foydalanishga ham imkon beradi.

Prezident vakolatlarining bir qismi milliy referendumlarni chaqirish, Vakillar Palatasiga, Respublika Kengashiga va mahalliy vakillik organlariga navbatdagi va navbatdan tashqari saylovlarni chaqirish huquqidir. U, shuningdek, Konstitutsiyaga muvofiq parlament palatalarini tarqatib yuborishi mumkin. Vakillar palatasining roziligi bilan Belarus Respublikasining bosh vazirini tayinlash uning huquqi va Belarus Respublikasi hukumatining tuzilishini u hal qiladi. Prezident qonun loyihalarini imzolaydi, u Vakillar Palatasiga eʼtiroz bildirishi, qonun loyihasini toʻliq bekor qilish yoki qisman oʻzgartirish huquqiga ega. U, shuningdek, Bosh vazirning oʻrinbosarlarini, vazirlarni va hukumatning boshqa aʼzolarini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi. Respublika Kengashining roziligi bilan prezident Oliy sud raisini tayinlaydi va ushbu raisni va boshqa sudyalarni ishdan boʻshatishi mumkin. Prezident har yili Parlamentga murojaat yoʻllaydi va u parlament va uning organlarining majlislarida qatnashish huquqiga ega. Ish tashlash paytida (noroziliklar) prezident, qonunga muvofiq, ish tashlashni uch oydan oshmagan muddatga kechiktirish yoki toʻxtatish huquqiga ega. Xalqaro muzokaralar olib borish va xalqaro shartnomalarni imzolash, respublika diplomatik vakillarini tayinlash va chaqirib olish Prezidentning zimmasidadir.

Prezident nafaqat hukumat boshligʻi, balki Belarusning ijtimoiy yoʻlboshchisidir. Prezident yiliga bir necha marta fuqarolarga murojaat qiladi va dam olish kunlarini, milliy bayramlarni belgilash toʻgʻrisida farmonlar chiqarishi mumkin. Prezident Belarus fuqarosiga imtiyoz berishi va faxriy shaxslarga davlat mukofotlarini (orden, medallar) taqdim etishi mumkin. Prezident shuningdek, boshpana soʻrovchilarga fuqarolik maqomini berish va qamoqdagi fuqarolarni avf etish imkoniyatiga ega.

Belarus qurolli kuchlarining oliy bosh qoʻmondoni sifatida prezident Belarus hududini ichki va tashqi kuchlardan himoya qilish majburiyatini oladi.

Xizmat qasamyodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Har qanday shaxs oʻz lavozimiga rasman kirishidan oldin, saylov natijalari aniqlangandan keyin ikki oy ichida qasamyod qilishi kerak.

Inauguratsiya marosimida Milliy Majlisning ikkala palatasi aʼzolari, hukumat vazirlari, mansabdor shaxslar va Konstitutsiyaviy, Oliy va Iqtisodiy sud sudyalari ishtirok etishlari kerak. Qasamyod oʻqib boʻlingandan soʻng, avvalgi prezidentning barcha vakolatlari saylangan prezidentga oʻtadi. Qasamyod matni Konstitutsiyaning 83-moddasida keltirilgan.

Lavozimdan chetlashish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Konstitutsiyaning 87-89-moddalarida prezidentlik vakolatlarini saylov sikllari orasida boshqa kishiga oʻtkazish tartiblari yozilgan. Prezident 87-moddaga binoan istalgan vaqtda oʻz lavozimidan isteʼfoga chiqish imkoniyatiga ega. Isteʼfo xati Vakillar palatasiga yuboriladi va ular tomonidan qabul qilinadi. Agar prezidentning jismoniy yoki ruhiy salomatligiga 88-moddaga muvofiq zarar yetgan boʻlsa, u lavozimidan chetlatilishi mumkin. Bu amalga oshishi uchun Vakillar Palatasi va Respublika Kengashida prezidentni lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisidagi qaror boʻyicha uchdan ikki qism ovoz berishi kerak. Maxsus komissiya tuziladi va lavozimdan chetlatish toʻgʻrisidagi har qanday harakat boshlanishidan oldin prezidentning sogʻligʻi haqida yagona qarorga kelinadi. Agar prezident davlatga xoinlik kabi ogʻir jinoyat qilgan boʻlsa, uni lavozimdan chetlatish uchun palataning uchdan bir qismi rasmiy ravishda prezidentga qarshi ayblovlar qoʻyishi kerak. Ayblovlar boʻyicha tergov Respublika Kengashi tomonidan olib boriladi. Prezidentni lavozimidan chetlashtirish uchun, palataning uchdan ikki qismi unga qarshi ayblovlar keltirishlari zarur. Jinoyat ishi keyinchalik koʻrib chiqish uchun Oliy sudga yuboriladi.

Imtiyozlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezident qarorgohi

Konstitutsiyaning 79-moddasiga binoan prezident hibsga olinishdan himoyalangan, ushbu hujjatning 88-moddasida koʻrsatilgan davlatga xiyonat/ogʻir jinoyatlar bundan mustasnodir. Shuningdek, 79-moddaga binoan prezidentning shaʼni va qadr-qimmati qonunlar bilan himoya qilinadi. OAV orqali prezidentni haqorat qilisg yoki unga qarshi tuhmat qilish „Matbuot toʻgʻrisida“gi qonunning 5-moddasiga binoan qonuniy taʼqib ostiga olinadi. Prezident qarorgohi (belaruscha: Рэзідэнцыя Прэзідэнта, ruscha: Резиденция президента) Minskdagi Oktyabr maydonida joylashgan Marks, Engels, Kirov va Komsomol koʻchalari tutashgan joyda Stalinizm davri uslubida qurilgan bino. Amerikadagi Oq uy singari, rasmiy qarorgohga yaqin boʻlgan koʻchalar transport vositalari uchun yopiq va politsiya tomonidan qoʻriqlanadi. Bu binodan 1994-yildan beri foydalanib kelinmoqda, bu binoda ilgari Belorusiya SSR Kommunistik partiyasining Markaziy qoʻmitasi joylashgan edi[6][7].

Belgilar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Prezident standarti

Rasmiy ravishda, prezidentning mavjudligini tasdiqlovchi yagona belgi Belarus prezidentining bayrogʻidir (Штандар Прэзідэнта Рэспублікі Беларусь). 1997-yil 27-martdan beri ishlatib kelinayotgan standart „Belarus Respublikasi Prezidentining standarti toʻgʻrisida“ gi qaror bilan qabul qilingan. U haqdagi qonunga prezident Lukashenko tomonidan imzo chekilgan.

Standartning dizayni milliy bayroqning aniq nusxasi boʻlib, sariq rangdagi Belarus milliy gerbi bilan toʻldirilgan. Standartning nisbati 5:6 boʻlib, u Davlat bayrogʻidan farq qiladi. Standart oltinrang ip bilan hoshiyalangan. Standartning bir nechta nusxalari mavjud; asl nusxasi Prezident devonida saqlanmoqda, boshqa nusxalari esa uning mavjudligini bildirish uchun binolar, turar joylar va transport vositalarida qoʻllaniladi[8].

Belarus prezidentlari roʻyxati (1994-yildan hozirgacha)[tahrir | manbasini tahrirlash]

# Prezident
(Tugʻilgan/vafot etgan yili)
Lavozimga kirishgan vaqti Holati Partiyasi
1 SBY dan Alexander Lukashenko 19-03-2013 (cropped).jpg Aleksandr Lukashenko
Аляксандр Рыгоравіч Лукашэнка
(1954-yilda tugʻilgan)
1994-yil 20-iyul Amaldagi partiyasiz

2020-yilgi saylov[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020-yil 9-avgustda Belarusda Prezident saylovi boʻlib oʻtdi. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra amaldagi prezident 80.08 % ovoz olgan holda oʻz lavozimida qoldi[9]. Lekin koʻplab xalq vakillari, muxolifat, Yevropa Ittifoqi[10][11] va mustaqil kuzatuvchi tashkilotlar saylov natijalarini oʻzgartirilgan deb hisoblashdi. Minsk va boshqa shaharlarda xalq vakillari Prezident Lukashenko saylovning haqiqiy natijalarini eʼlon qilishini va prezidentlikdan ketishini talab qilib koʻchalarda norozilik namoyishlari uyushtirishdi, xalq vakillariga qarshi Belarus kuchishlatar tizimlari turli jarohat yetkazuvchi usullardan foydalanishdi, norasmiy manbalarga koʻra, xalqqa qarshi qilingan harakatlar oqibatida bir necha kishi vafot etdi, koʻplab fuqarolar turli tan jarohatlari olishdi[12].

Shuningdek qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Belarus hukmdorlari roʻyxati
  • Belarus milliy rahbarlari roʻyxati
  • Davlat boshqaruvi akademiyasi
  • Belarus Prezidenti maʼmuriyati
  • Belarus Prezidentiga apparat rahbari

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Country Studies Belarus — Prelude to Independence. Library of Congress. Retrieved 12-iyul 2007-yil.
  2. CNN „Belarus president convenes new parliament“. 24-yanvar 2005-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 7-iyun 2007-yil.
  3. „Presidential Election, Republic of Belarus“, Organization for Security and Co-operation in Europe (20-mart 2006-yil).
  4. British Broadcasting Corporation News Timeline of Belarus. Published 27-mart 2007-yil. Retrieved 12-iyul 2007-yil.
  5. „Electoral Code of the Republic of Belarus, Article 61. Order of nominating candidates for the President of the Republic of Belarus, Chapter 15, Article 61“. National Center of Legal Information of the Republic of Belarus. 30-avgust 2020-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 4-avgust 2020-yil.
  6. Haaretz.com Two Steps Back Arxivlandi 2009-07-18 Wayback Machine saytida.. Published by Lior Kodner on 10-fevral 2007-yil. Retrieved 12-iyul 2007-yil.
  7. „Stalinist architecture of Minsk“. www.comtourist.com. Qaraldi: 3-iyun 2019-yil.
  8. Указ Президента Республики Беларусь о штандарте (флаге) президента Республики Беларусь
  9. „Результаты голосования“. www.rec.gov.by. Центральная комиссия Республики Беларусь по выборам и проведению республиканских референдумов. 8-avgust 2020-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 16-avgust 2020-yil. Arxivlandi 2020-08-08 Wayback Machine saytida.
  10. Вендик, Юри „Евросоюз: выборы в Беларуси сфальсифицированы, начинаем работу над санкциями“. Русская служба Би-би-си. BBC. Qaraldi: 14-avgust 2020-yil.
  11. „Евросоюз не признал результаты выборов президента в Беларуси“. Naviny.by. 22-avgust 2020-yilda asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: 16-avgust 2020-yil. Arxivlandi 2020-08-22 Wayback Machine saytida.
  12. „Протесты в Беларуси: забастовки и обещание освободить задержанных из Жодино“. BBC. Qaraldi: 14-avgust 2020-yil.

Tashqi havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]