Kontent qismiga oʻtish

Bakra

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bakrabaliqdan yoʻnaltirildi)
Orol bahrisi (bakra)
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Shuʼlaqanotli baliqlar
Turkum: Bakrasimonlar
Oila: Bakralar
Urugʻ: Osyotr
Tur: Bakra
Binar nomi
Acipenser nudiventris
Lovetsky, 1828
Sinonimlari
  • Acipenser schypus Güldenstädt 1772 ex Bonnaterre 1788
  • Acipenser turritus Fitzinger & Heckel 1836
  • Acipenser glaber Fitzinger 1836
  • Lioniscus glaber (Fitzinger 1836)
  • Acipenser nudiventris derjavini Borzenko 1950
  • Acipenser shipus Lovetzky 1834 non Güldenstädt 1772
  • Euacipenser nudiventris (Lovetsky 1828)

Bakra yoki Orol bahrisi (Acipenser nudiventris) — shu'laqanotli baliqlar sinfi bakrasimonlar turkumi va bakralar oilasiga mansub baliq. Bungi kunda Qora, Azov, Kaspiy havzalarida tarqalgan. Balxash koʻli havzasida iqlimlashtirilgan. Ilgari qurishidan avval Orol dengizida koʻplab uchragan, bugungi kunga kelib bakraning Orol populyatsiyasi butunlay qirilib ketgan.

Tashqi tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bakra boshining yuqori va pastki tomondan koʻrinishi

Umumiy koʻrinishi boshqa bakrasimonlarnikidek. Uzunligi 2 m va undan uzun, vazni 30 kg gacha yetadi. Orqa suzgich qanotidagi shu’lalar soni 45-47 ta, anal suzgichida esa 23-37 ta. Choʻgirlari soni orqasida 11-17 ta, yon tomonida (49) (52) 55-66 (70) (72) ta va qorin qismida (0) 12-16 tani tashkil etadi. Jabra qilchalari 24-42. Boshqa urugʻdoshlaridan pastki labi ikkita boʻlinmaganligi, birinchi orqa choʻgirining boshqalaridan yirikligi, moʻylovlarining shokilali boʻlishi va boshidagi yassi suyak plastinkalar oʻzaro birikmagan bilan farq qiladi. Orol dengizning janubiy qismida tarqalgan bakralarning pastki labi boshqa urugʻdoshlariniki kabi ikkiga ajralgan. Tanasi toʻq jigarrang yoki jigarrangga moyil, qorni oq. Besh qator choʻgirlari nisbatan och rangda. Tanasining choʻgirlari oraligʻidagi qismida maxsus plastinkalar mavjud emas.

Kaspiy va Orol dengizi baqralari bir-biridan yon choʻgirlari, orqa suzgich qanoti shu’lalarining soni, boshining uzunligi, tanasining nisbatan balandligi va Orol bakrasi tanasining nisbatan uzun boʻlishi bilan farqlanadi. Oxirgi oʻtkazilgan ilmiy tadqiqotlar davomida Orol bakrasida kuzatuv olib borilgan 23 ta morfologik belgilarning 15 tasi sezilarli darajada oʻzgarganligi, ayniqsa 10 tasi kuchli darajada oʻzgarganligi qayd etilgan. Ushbu oʻzgarishlarni baliq ozuqa tarkibining va suv gidrologik rejimining oʻzgarishi bilan bogʻliqligi aytilgan.

Areali va tarqalishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kaspiy, Qora, Azov dengizlarida tarqalgan, lekin Qora va Azov dengizida kamdan-kam holda uchraydi. Orol dengizi qurimasidan avval mavjud ixtiofaunaning asosiy vakillaridan biri boʻlgan. Bugungi kunda bu baliq turi 20 ga yaqin davlatlar va orollardagi suv havzalarida tabiiy, iqlimlashtirilgan holda uchraydi. Ushbu baliqning ikkita: qishki va bahorgi adaptip tiplari (irq) farqlanadi.

Bakra yarimoʻtkinchi baliq hisoblanib, daryolarda qishlaydi. Orol dengizida faqat qishki adaptip tipi uchragan. Bakralar Kaspiy dengizining janubiy qismida keng tarqalib, tuxum qoʻyish uchun Kura daryosiga oʻtadi, dengizning Eron davlati qismidagi baqralar Safidrud daryosiga oʻtishi kuzatilgan. Volga daryosida kamdan kam hollarda uchrasa ham, lekin ularni Ural daryosida uchratish mumkin.

Barcha bakrasimonlar kabi Orol bakrasi ham boshqa baliqlarga nisbatan kech voyaga yetadi. Erkak individlar 9 (baʼzan 6-8) yoshida, urgʻochilari esa 14 (baʼzan 12-13) yoshida voyaga yetib, koʻpayish davri asosan 12-14 yoshlardan boshlanadi. Orol baqrasining qirilib ketgan Orol populyatsiyasi Sirdaryo oʻzaning yuqori oqimida joylashgan Chinoz va Bekobod tumanlari oraligʻida koʻpayishga kirishgan. Koʻpayish uchun yoʻlga tushgan Sirdaryoning quyi oqimida kuzatilgan barkalarning uzunligi oʻrtacha 100 sm dan 180 sm gacha (oʻrtacha 140 sm), yoshi 11-30 yosh (oʻrtacha 15-20 yosh) atrofida boʻlgan.

Qishni daryoning tubidagi chuqurlarda oʻtkazgan bakralar mart oyining oxirida suv harorati 10 °C ga yetganda koʻpayishga kirishadi, tuxum qoʻyish davri aprel va may oyi ichi davom etib, may oyining ikkinchi yarmida yakunlanadi. Urgʻochilari daryo tubidagi shagʻalli tuproqqa 200 000 tadan 1 000 000 tagacha tuxum qoʻyadi. Umumiy maʼlumotlarga koʻra ularning serpushtliligi baliqning yoshiga, oʻlchami va vazniga bogʻliq. Tuxum qoʻygan baliqlar koʻpayish mavsumi Orol dengiziga migratsiya bilan yakunlanadi. Ular koʻpayish uchun 2000 km dan ortiq masofani suzib oʻtgan.

May oyining oxirida tuxumdan chiqqan yosh bakralar daryoning quyi oqimi tomon suzib dengizga yetib boradi. Dengizga tushishdan oldin kelayotgan yosh bakralarning massasi 2-3 g ni tashkil etadi. Oʻrtacha 1 km uzunlikdagi daryo oʻzanidagi yosh baqralarning zichligi 4 mingtani tashkil etadi. Yosh bakralarning dengiz tomon misratsiyasi oʻrtacha 3 oy davom etadi, ular daryo oʻzanida 2-4 yil davomida yashab, keyin dengizga oʻtadi.

Sirdaryo oʻzani boʻylab Orol dengiziga keluvchi yosh bakralarning ozuqa tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotlar deyarli mavjud emas. Ular dastlab mayda ozuqa bilan, keyinchalik yirik xironomidlarning lichinkasi bilan oziqlanishga oʻtadi. Moʻynoq koʻlida esa asosan bubir buqabaliq (Knipowitschia caucasicus) baligʻi bilan, Sarbas koʻrfazi va Sirdaryo deltasining dengizga yaqin qismida xironomidlarning lichinkasi va gʻumbagi bilan oziqlanadi.

XX asrning 30- yillarigacha Orol dengizida baqra baliqning asosiy ozuqasi molluskalardan iborat boʻlgan. 1954-1955-yillarda Orol dengiziga kelib qolgan buqabaliqlar sharoitning qulayligi natijasida tez urchib, koʻpayib ketdi, shundan soʻng buqabaliqlar Orol bakralarining asosiy ozuqasiga aylanib bordi. Yosh bakralarning oshqozonidan 8 tadan 70 tagacha bubir buqabaliq (Knipowitschia caucasicus) topilgan boʻlsa, katta baqralarning oshqozonidan 250 tagacha qum buqabaliq (Neogobius fluviatilis) topilgan. Ili havzasiga iqlimlashtirilgan yosh bakralar asosan xironomidlarning mayda vakillari bilan oziqlanadi. Biroz kattalashib migratsiya qilish vaqtida esa xironomidlar va karpsimonlarning lichinkasi va xironomidlar va chivinlarning gʻumbagi bilan oziqlanadi.

Muhofaza qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugungi kunda bakralarning Orol populyatsiyasi butunlay qirilib ketgan. Oʻzbekiston hududida 1983-yildan ovlash taqiqlanib, muhofaza qilinadigan hayvonlar qatoriga kiritilgan. Baday-toʻqay va Qizilqum qoʻriqxonalarida muhofaza qilingan. Ushbu baliqni bugungi kunda butun dunyoda ovlash taqiqlangan. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) qizil roʻyxatiga "Butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasidagi turlar" (CR) maqomi ostida kiritilgan. Ayni vaqtda Oʻzbekiston, Turkmaniston, Qozogʻiston, Rossiya, Ukraina Qizil kitoblariga kiritilgan.

  1. Gessner, J., Freyhof, J. & Kottelat, M. (2010). "Acipenser nudiventris". IUCN Red List of Threatened Species 2010: e.T225A13038215. doi:10.2305/IUCN.UK.2010-1.RLTS.T225A13038215.en. https://www.iucnredlist.org/species/225/13038215.