Ayyub alayhis-salom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ayyub alayhis-salom - Qurʼonda nomi zikr qilingan paygʻambarlardan biri. Ayyub alayhis-salom ismi Qurʼonda toʻrt oʻrinda zikr etilgan:Niso surasi 163-oyat, Anʻom surasi 84-oyat, Anbiyo surasi 83-oyat. Sod surasi 41-oyat. Ayyub alayhis-salom Muso alayhis-salomdan ilgari yashab oʻtganligi rivoyat qilingan, baʻzi rivoyatlarda esa, Ibrohim paygʻambardan yuz yil ilgari yashagan deyiladi.

Ayyub
Shaxsiy ma'lumotlar
Kasb-hunari: Nabiy, Voiz
Millati: rumlik
Tug'ulgan yillari: mil.avv. 16-asr
Vafot etishi: mil.avv 15-asr
Dafn etilgan joyi: Ayyub a.s qabrlari[1]
Yashagan umri: 93 yil
Otalari: Iysu
Onalari: Lut a.sning qizi
Turmush o'rtog'i: Rahima

Ayyub (a.s) hayotlari[2][tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayyub payg‘ambar Ya’qub (a.s.)ning akalari Iysuning zurriyotidan bo‘lib, nasablari Ayyub ibn Ma’sub ibn Ravoh  ibn Rum ibn Iysu ibn Ishoqdirlar. Iysuning xotini Ismoil (a.s.)ning qizlari ekanligi avvalda aytib o‘tildi.Ayyub ( a.s.)ning  xotinlari Rahima (Ba’zi olimlar Ayyubnning xotini Layya binti Ya’qub edi deydilar) binti Afrosim ibn Yusuf esa Yusuf  (a.s.)ning nabiralari edi.  

Ayyub (a.s.)ning vatanlari, ba’zi manbalarda al-Aqaba qo‘ltig‘ining shimolida, O’lik dengizning janubiy g‘arbida  joylashgan Odum vodiysidagi Avs yeridir. (Doktor Shavqiy Abu Xalil. Atlasul-Qur’on. Damashq. 2001. 18-bet.) At-Tabariy va Yoqut al-Hamaviy Ayyub tug‘ilgan va yashagan yer Damashq va Azru’otning o‘rtasida  

joylashgan al-Basaniyya vodiysida ekanligini yozganlar.  Ba’zi «ahli kitoblar»ning fikricha, Ayyub (a.s.)ning onalari Lut payg‘ambarning qizlari degan holda, otalari  

Ibrohim zurriyotidan emas, balki Ibrohim olovdan omon chiqqanligini ko‘rib imonga kelgan kishilardan biri edi,  deydilar. Holbuki, Ayyub (a.s.) Ibrohim (a.s.)ning zurriyotlaridan ekanligini Qur’on oyatlari tasdiqlab turibdi:  

وَوَهَبْنَا لَهُ إِسْحَاقَ وَيَعْقُوبَ آُلاً هَدَيْنَا وَنُوحًا هَدَيْنَا مِنْ قَبْلُ وَمِنْ ذُرِّيَّتِهِ دَاوُدَ وَسُلَيْمَانَ

وَأَيُّوبَ وَيُوسُفَ وَمُوسَى وَهَارُونَ وَآَذَلِكَ نَجْزِي الْمُحْسِنِينَ (٨٤)

«Unga (Ibrohimga) Ishoq va Ya’qubni ato etdik. Hammasini hidoyatga yo‘lladik. Oldin Nuhni ham hidoyatga  yo‘llagan edik. Uning zurriyotidan Dovud, Sulaymon, Ayyub, Yusuf, Muso va va Horunni ham yo‘lladik». (An’om,  84.)  

Ayyub (a.s.)ning yashagan joylari Rum yeri (Shom) bo‘lib, juda farovon yashardilar, mollari behisob, o‘zlari  juda go‘zal inson edilar.  

Ayyub (a.s.) Allohning ikki sinoviga uchradilar. Birinchidan og‘ir dardga mubtalo bo‘ldilar, badanlari irib,  qurtlab ketdi, tillari va qalblaridan boshqa sog‘ joylari qolmadi va ana shu imtihon o‘n sakkiz yil davom etdi.  

وَأَيُّوبَ إِذْ نَادَى رَبَّهُ أَنِّي مَسَّنِيَ الضُّرُّ وَأَنْتَ أَرْحَمُ الرَّاحِمِينَ (٨٣)فَاسْتَجَبْنَا لَهُ

فَكَشَفْنَا مَا بِهِ مِنْ ضُرٍّ وَآتَيْنَاهُ أَهْلَهُ وَمِثْلَهُمْ مَعَهُمْ رَحْمَةً مِنْ عِنْدِنَا وَذِآْرَى لِلْعَابِدِينَ

(٨٤)

«Ayyubning Parvardigoriga nido qilib: «Parvardigorim, menga musibat yetishdi. O’zing rahmlilarning  rahmlirog‘isan» - deb iltijo qilganini eslang. Biz uning duosini mustajob qilib, undagi zahmatni ketkazdik hamda  o‘z huzurimizdan mehribonlik ko‘rsatib, barcha ibodat qiluvchilarga eslatma bo‘lsin, deb Ayyubga oilasini va ular bilan qo‘shib, yana ularning barobarida ahlu avlod ato etdik». (Anbiyo, 83.)  

Ba’zi tarixchilar, Ayyubning sinov muddati uch yil, ba’zilar esa yetti yilu bir necha oy bo‘lgan, deb taxmin qiladilar.

Ayyub a.s Damashq yaqinidagi Shayx Sa'd qishlog'iga dafn qilinganlar.

Ayyub (a.s) qissasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ayyub alayhis-salom oʻta taqvodor, kambagʻallarga mehribon, yetim va bevalarga saxovatli, mehmondoʻst inson hamda oʻzi nihoyatda badavlat va serfarzand boʻlgani rivoyat qilingan. Shunday imkoniyatlar sohibi boʻlgan Ayyub alayhis-salom biron marta ham Allohga osiy boʻladigan ish sodir etmay, ibodatni tark qilmagan, har doim shukrona aytib yurgan. Ayyub alayhis-salom katta boylik egasi boʻla turib, Allohga biron bir gunoh ish qilmaganidan shaytoni lain iztirobda edi. Chunki boshqa boylar har qadamda Allohga osiylik qilishardi. Va shaytoni lain hasad qilib Allohga xitob qiladi va: "Bu Ayyub alayhis-salom sening bergan molu davlating, farzandlaring va salomat qilib qoʻyganing uchungina senga ibodat qilib yuribdi. Men kafillik berurmanki, agarda sen uning molu dunyosini va sogʻligini ketkazib, imtihon qilsang, albatta u kufrga ketib, seni unutadi" - deydi. Shu boisdan Alloh Ayyub alayhis-salom molu-dunyosini, farzandlarini halokatga uchratib, oʻzini ham ogʻir xastalikka mubtalo qilib sinaydi. Lekin Ayyub alayhis-salom boshiga har qancha musibat yetganda ham Allohning zikrini tilidan qoʻymay, ibodatini aslo tark qilmaydi. Ayyub alayhis-salom yetgan ogʻir xastalik oqibatida u joyidan qoʻzgʻala olmaydigan holga yetganida ham uning vafodor ayoli unga qarab, uni parvarish qilib turadi. Nihoyat shuncha ogʻir sinovlarni boshidan oʻtkazgan Ayyub alayhis-salomga Alloh yana sogʻliq inʻom qiladi va unga farzandlaru koʻpgina molu dunyo ato etadi. Shu oʻrinda ulamolar bir mulohazani qayd etadilar: Ayyub alayhis-salomga yetgan xastalik borasida turli rivoyatlar kelgan, jumladan Ayyub alayhis-salomning tanasini yara bosib, qurtlar yeb, odamlar Ayyub alayhis-salomni dashtga chiqarib yuborgan emish. Tavhid ulamolari qayd etadilarki, paygʻambarlar bunday jirkanch xastalikka mubtalo qilinmaydilar. Zero, bunday holatga tushishlik paygʻambarlik maqomiga toʻgri kelmaydi. Ayyub alayhis-salom qissasida va uning boshiga tushgan musibatlaru xastalikda hamda Ayyub alayhis-salomning Allohga duo qilishi oqibatida uning shifo topib yana molu dunyo sohibi boʻlishida moʻminlarga ibrat va namuna bor. Zero, paygʻambarimiz ham: "Sinovning eng qattigʻi paygʻambarlarga, soʻngra solihlarga, soʻngra shularga oʻxshashlarga boʻlur..." mazmunida hadis aytganlar. Shundan maʻlum boʻladiki, bu dunyoda musibat yetish bilan boʻladigan sinov badbaxtlik belgasi emas. Zero, bu foniy dunyo qilingan ishga yarasha mukofot olish oʻrni emas, balkim imtihon va oxirat uchun zaxira toʻplash oʻrnidir.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Ayyub a.s qabrlari“.
  2. „Ayyub a.s hayotlari“. — „Ziyouz kutubxonasidan“.