Ayollarning saylov huquqi

Ayollarning saylov huquqi – ayollarning saylovlarda ovoz berish borasidagi huquq va erkinligidir. XIX-asr oxirigacha Finlandiya, Islandiya, Shvetsiya, Avstraliya kabi baʼzi mustamlaka davlatlar va AQShning baʼzi gʻarbiy shtatlarida ayollar cheklangan boʻlsa-da, saylov huquqiga ega boʻlgan[1]. Shu davrdan boshlab ayollar harakati doirasida ayollarning saylov huquqi va erkaklar bilan teng fuqarolik huquqlari uchun kurashlarni olib borish uchun milliy hamda xalqaro tashkilotlar tuzila boshlandi. Bunday tashkilotlardan eng muhimi, 1904-yilda tashkil etilgan Xalqaro ayollar saylov alyansidir[2].
1893-yil Britaniya imperiyasining mustamlakasi boʻlgan Yangi Zelandiya ayollari ovoz berish huquqini qoʻlga kiritgan. Bu huquq 1894-yil Janubiy Avstraliyaga ayollariga berilgan[3], 1899-yil Gʻarbiy Avstraliya hududiga ham bunday huquq berilgan[4]. 1902-yilga kelib ayollar barcha koloniyalarda, yaʼni butun Avstraliya boʻylab saylov huquqiga ega boʻldi. Ammo mahalliy avstraliyalik aborigenlarga, shu jumladan, aborigen ayollarining ovoz berishi huquqiga oid kamsituvchi qonunlar 1962-yilgacha oʻz kuchida qoldi[5][6].
Yevropada ayollarning ovoz berish huquqini qoʻlga kiritgan birinchi mamlakat Finlandiya boʻlib, u yerda 1907-yilgi parlament saylovlarida dunyodagi ilk ayol deputatlar saylangan. 1913-yilga kelib, bu masalada Norvegiya Finlandiyaning ortidan ergashdi. 1917-yil Rossiyadagi Muvaqqat hukumat davrida bu huquq ayollarga berilgan. 1918-yil yangi tashkil etilgan Ozarbayjon Demokratik Respublikasida musulmon mamlakatlari orasida ilk bor ayollar bunday huquqqa ega boʻldi.
Birinchi jahon urushidan soʻng, ayollar 1917-yilda Kanadada, 1918-yilda suffragetlar (ayollar haq-huquqlari uchun kurashuvchi harakat) tomonidan olib borilgan koʻp yillik tashviqotdan soʻng Buyuk Britaniyada bunday huquqqa ega boʻldi. AQShda esa 1920-yilda konstitutsiyaga kiritilgan oʻzgartirish bilan ayollarning ovoz berish huquqi taʼminlandi. Bir tomondan, Birinchi jahon urushi bu masalaga qarashlarni oʻzgartirishda muhim rol oʻynadi. Urush vaqtida ayollarning gʻalabalarga hissasi ularning erkaklardan past turishi haqidagi tasavvurga va ayollar ovoz bermasligi kerak degan argumentga bolta urgan. Lesli Humning fikriga koʻra, agar ayollar oʻq-dori ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlash imkoniga ega boʻlsa, ularning ovoz berish kabinalariga kirishiga toʻsqinlik qilish maʼnosiz boʻlar edi. Biroq, Humning taʼkidlashicha, ovoz berish huquqi urushdagi hissalar uchun mukofot boʻlmasligi kerak. Shuningdek, urush davrida ayollarning mehnati ularning jamoat ishlaridagi ishtiroki borasidagi hadikni deyarli yoʻqqa chiqardi[7].
1934-yil 5-dekabrdan boshlab Turkiyada ayollarga saylash va saylanish huquqi berildi. Fransiyada esa ancha keyinroq, yaʼni 1944-yil 4-oktyabr kuni qonunga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan ayollarga saylash va saylanish huquqi berilgan edi. 1945-yil 29-aprelida boʻlib oʻtgan munitsipalitet saylovlarida ilk bor qatnashgan ayollar 1945-yilning 21-oktabrida parlament saylovlarida ham ovoz berishdi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng Birlashgan Millatlar Tashkiloti ayollarning saylov huquqi masalasini kun tartibiga qoʻydi. 1979-yilda qabul qilingan va 189 davlat aʼzo boʻlgan „Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida“gi Konvensiyada saylov huquqi asosiy huquqlardan biri sifatida belgilab qoʻyilgan.
Ozarbayjon islom davlatlari ichida ayollarga saylov huquqini bergan ilk davlatdir. U yerda ayollar 1918-yildan buyon saylov huquqiga ega[8].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]

19-asrdan avval
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qadimgi Afina demokratiyaning vatani sifatida tilga olinadi, biroq unda ham faqat yer egaligi boʻlgan voyaga yetgan erkak fuqarolar ovoz berish huquqiga ega edi[manba kerak]. Keyingi asrlar davomida Yevropani monarxlar boshqargan, biroq turli davrlarda har xil shakldagi parlamentlar paydo boʻlgan. Katolik cherkovidagi abbessalarga berilgan yuksak martaba baʼzi ayollarga milliy yigʻilishlarda qatnashish va ovoz berish huquqini taqdim etgan. Masalan, Oʻrta asr Germaniyasidagi yuqori martabali abbessalar mustaqil knyazlar qatoriga kiritilgan. Ularning protestant vorislari esa deyarli zamonaviy davrlargacha shu imtiyozdan foydalanishgan[9].
Marie Guyart, 17-asrda Kanadadagi Birinchi indeys xalqlari bilan ishlagan fransuz rohibasi, 1654-yilda irokez ayollarining saylov huquqi amaliyoti haqida shunday yozgan: „Bu ayol sardorlar yovvoyi qabilalar orasida hurmatga sazovor boʻlib, kengashlarda hal qiluvchi ovozga ega. Ular erkaklar singari qarorlar qabul qiladi va hatto tinchlik masalasini muhokama qilish uchun birinchilardan boʻlib elchi sifatida tayinlanadi.“[10]
Irokezlar, Shimoliy Amerikaning koʻplab Birinchi indeys xalqlari kabi, matrilineal qarindoshlik tizimiga ega edilar. Mulk va nasl ayollar nasli orqali oʻtgan. Keksaygan ayollar erkak sardorlarni saylash huquqiga ega boʻlib, ularni lavozimidan chetlatish huquqiga ham ega boʻlgan.


Ayollarga saylov huquqini bergan birinchi mustaqil davlat, Shvetsiya boʻlgan. Shvetsiyada Erkinlik davri (1718–1772) davomida shartli ravishda ayollar saylov huquqi amalda boʻlgan[11].
1756-yilda Lydia Taft Amerika mustamlakasida qonuniy ravishda ovoz bergan birinchi ayol boʻlgan. Bu voqea Britaniya boshqaruvi ostidagi Massachusets koloniyasida sodir boʻlgan[12]. Uxbridge (Massachusets) shahridagi Yangi Angliya shahar yigʻilishida u kamida uch marta ovoz bergan[13].
1776-yildan 1807-yilgacha Nyu-Jersi shtatida mulkka ega boʻlgan turmushga chiqmagan oq tanli ayollar ovoz berish huquqiga ega edilar[14].
1792-yilda Britaniya mustamlakasi boʻlgan Syerra-Leonedagi saylovlarda barcha oilaboshilarga ovoz berish huquqi berilgan. Ularning uchdan bir qismini afrikalik ayollar tashkil etgan[15].
Ayollarning ovoz berish huquqiga ega boʻlgan boshqa dastlabki holatlar orasida Korsika Respublikasi (1755), Pitkern orollari (1838), Men oroli (1881) va Fransvil (1889–1890) ham boʻlgan. Biroq, ularning baʼzilari faqat qisqa muddat mustaqil davlat sifatida faoliyat yuritgan, boshqalari esa toʻliq mustaqil boʻlmagan.
19-asr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Pitkern orollarida yashagan Bounty nomli qoʻzgʻolonchilari avlodlaridan boʻlgan ayollar 1838-yildan boshlab ovoz berish huquqiga ega boʻlishlar. Ular 1856-yilda Norfolk oroliga (hozirgi Avstraliyaning tashqi hududi) koʻchib oʻtganlarida, bu huquq ham ular bilan birga saqlanib qolingan[16].
Zamonaviy demokratiyaning paydo boʻlishi odatda erkak fuqarolarning ayollarga nisbatan avvalroq ovoz berish huquqini qoʻlga kiritishi bilan bogʻliq. Biroq, Gavayi Qirolligida 1840-yilda umumiy saylov huquqi joriy qilingan boʻlib, unda jins boʻyicha hech qanday cheklov yoʻq edi. Ammo 1852-yilda qabul qilingan konstitutsiyaviy tuzatish ayollarning ovoz berish huquqini bekor qildi va erkaklar uchun mulk senzini joriy etdi[17].
AQShda ayollar huquqlari boʻyicha birinchi anjuman – Seneka-Folls konvensiyasi (1848) gʻoyasi 1840-yilda paydo boʻlgan. Oʻsha yili Elizabeth Cady Stanton Londonda boʻlib oʻtgan Jahon qullikka qarshi konvensiyasida Lucretia Mott bilan tanishadi. Ushbu konferensiyada AQShdan kelgan Mott va boshqa ayol delegatlar ayol ekanliklari sababli ishtirok etishdan chetlatilgan. 1851-yilda Stanton Susan B. Anthony bilan uchrashadi. Ular tez orada ayollarning saylov huquqini taʼminlash uchun uzoq davom etgan kurashda hamkorlik qilishgan. 1868-yilda Anthony Nyu-Yorkda erkaklar kasaba uyushmalaridan chetlatilgan matbaa va tikuvchilik sohasidagi ishlovchi ayollarni Ishchi ayollar uyushmalarini tuzishga undaydi. Oʻsha yili u Milliy Mehnat Kongressida ayollar mehnati boʻyicha qoʻmitani ayollar uchun saylov huquqi va „teng mehnatga teng haq“ tamoyilini qoʻllab-quvvatlashga koʻndiradi. Ammo konferensiyadagi erkak delegatlar ayollarning ovoz berish huquqiga oid taklifni hujjatdan olib tashlashadi[18]. 1869-yil AQShda Wyoming hududidagi ayollarga nafaqat ovoz berish, balki saylanish huquqi ham berilgan[19]. Keyinchalik ayollarning saylov huquqi uchun kurashgan amerikalik guruhlar orasida kelishmovchiliklar boshlandi. Milliy Amerika ayollar saylov huquqi assotsiatsiyasi (NAWSA) har bir shtatda alohida kampaniya olib borishni yoqlagan boʻlsa, Milliy ayollar qartiyasi (NWP) esa AQSh Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish orqali umumiy saylov huquqini taʼminlashga intilgan[20][21][22].
Gavayi Qirolligining 1840-yilgi konstitutsiyasiga Vakillar palatasini tuzish aqidagi band kiritilgan, biroq unda saylovda kimlar ishtirok etishi mumkinligi aniq koʻrsatilmagan. Baʼzi olimlarning fikricha, ushbu noaniqlik ayollarga dastlabki saylovlarda qatnashish imkoniyatini bergan, chunki ovozlar petitsiyalarga imzo qoʻyish orqali berilgan. Biroq, bu talqin hanuzgacha bahsli masala hisoblanadi[23]. 1852-yilgi ikkinchi konstitutsiyada esa saylov huquqi faqat 20 yoshdan oshgan erkaklar bilangina cheklandi.
1849-yilda Italiyaning Toskana Buyuk Gertsogligi ayollarga maʼmuriy saylovlarda ovoz berish huquqini taqdim etgan birinchi Yevropa davlati boʻlgan. Bu qaror Italiyada ilgari baʼzan norasmiy tarzda amalda boʻlgan anʼanani qonuniy ravishda mustahkamlagan.
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manba
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Woman Suffrage and Women's Rights. NYU Press, 1998 — 174-6-bet. ISBN 9780814719015. Qaraldi: 31-mart.
- ↑ Allison Sneider, „The New Suffrage History: Voting Rights in International Perspective“, History Compass, (July 2010) 8#7 s. 692-703,
- ↑ 3,0 3,1 „Women's Suffrage Petition 1894“. parliament.sa.gov.au. 2011-yil 29-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 8-yanvar.
- ↑ „Legislative Assembly“. The West Australian (15 aralık 1899). 2 şubat 2017da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23 ocak 2017.
- ↑ „Foundingdocs.gov.au“. Foundingdocs.gov.au. 1 haziran 2011da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8 ocak 2011.
- ↑ „First in the World“. Elections.org.nz. New Zealand Electoral Commission (15 şubat 2013). 13 ağustos 2016da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 18 haziran 2016.
- ↑ The National Union of Women's Suffrage Societies 1897-1914. Routledge, 2016 — 281-bet. Qaraldi: 31-mart.
- ↑ „Arşivlenmiş kopya“. 11 ağustos 2019da asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 11 ağustos 2019.
- ↑ "Abbess". Original Catholic Encyclopedia. July 2, 2010. http://oce.catholic.com/index.php?title=Abbess.<!--->
- ↑ Women Mystics Confront the Modern World (Marie-Florine Bruneau: State University of New York: 1998: p. 106).
- ↑ Karlsson Sjögren, Åsa, Männen, kvinnorna och rösträtten: medborgarskap och representation 1723–1866 [Men, women, and suffrage: citizenship and representation 1723–1866], Carlsson, Stockholm, 2006 (in Swedish).
- ↑ Chapin, Judge Henry. Address Delivered at the Unitarian Church in Uxbridge; 1864. Worcester, Mass.: Worcester, Press of C. Hamilton, 1881 — 172-bet.
- ↑ „Uxbridge Breaks Tradition and Makes History: Lydia Taft by Carol Masiello“. The Blackstone Daily. 2011-yil 12-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 21-yanvar.
- ↑ „More than a century before the 19th Amendment, women were voting in New Jersey“. Washington Post.
- ↑ Schama, Simon, Rough Crossings (2006), p. 431.
- ↑ EC. „First in the World“. Elections.org.nz. New Zealand Electoral Commission (2013-yil 1-fevral). Qaraldi: 2016-yil 18-iyun.
- ↑ Kauanui, J. Kehaulani. Paradoxes of Hawaiian Sovereignty: Land, Sex, and the Colonial Politics of State Nationalism. Oxford, North Carolina: Duke University Press Books , 2018 — 187–189-bet. ISBN 978-0822370499.
- ↑ web-wizardry.com. „Biography of Susan B. Anthony at“. Susanbanthonyhouse.org (1906-yil 1-mart). Qaraldi: 2011-yil 2-sentyabr.
- ↑ see facsimile at „An Act to Grant to the Women of Wyoming Territory the Right of Suffrage and to Hold Office“. Library of Congress (1869-yil 10-dekabr). Qaraldi: 2007-yil 9-dekabr.
- ↑ „National Woman's Party: a year-by-year history 1913–1922“.
- ↑ The School of Voters. New York: Vogue, September 15, 1917 — 52-bet.
- ↑ Adams, Kimberly „The campaign finance of women's suffrage“. The Campaign Finance of Women’s Suffrage, Marketplace. Marketplace (2019-yil 4-iyun). Qaraldi: 2024-yil 10-may.
- ↑ Sai, David Keanu „Memorandum—Re: Suffrage of Female Subjects“. HawaiianKingdom.org. Honolulu, Hawaii: Acting Council of Regency (1998-yil 12-mart). 2017-yil 21-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 14-dekabr.