Ayazqal’a 3

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ayazqal’a 3
Manzilgoh Ellikqal’a tumani, Qoraqalpogʻiston
Turi Qalʼa
Hudud 4 gektar (260x 180 metr)
Tarix
Material Xom gʻisht, paxsa
Tashkil etilgan Mil.avv. IV-III asrlar, Mil. III-IV asrlar
Makon qaydlari
Arxeologlar Sergey Tolstov

Ayazqal’a 3 – Oʻzbekistondagi madaniy meros obyekti. Arxeologiya yodgorligi. Obyekt davri: Mil.avv. IV-III asrlar, Mil. III-IV asrlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqal’a tumanida joylashgan. Obyekt manzili: „Guliston“ OFY. Koʻchmas mulkka boʻlgan huquq: Davlat mulki. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Madaniy meros boshqarmasi operativ boshqaruv huquqi asosida. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[1][2].

Ayazqal’a 3 yodgorligining shakli parallelogramga oʻxshash. Umumiy maydoni 4 gektar (260x 180 metr) ga yaqin. Tashqi devorining qalinligi pastki qismida 3,20 metr, ichki devorniki esa 2,10 metr, yoʻlakning eni 2,70 metrni tashkil etadi. Qal’a devorlari butun uzunligi boʻyicha toʻgʻriburchak shaklidagi burjlar bilan mustahkamlangan. Burjlar bir-biridan har 21—22 metr masofada joylashgan boʻlib, eni 8—9 metrni tashkil etadi. Qal’a burchaklaridan burjlar joy olgan. Ularning tarhi kvadrat shaklda, oʻlchami 11x11 metr. Shahristonga kirish joyi janubiy devor ning oʻrtasida boʻlib, oʻlchamlari 13 x 13 metr boʻlgan darvozali istehkom bilan himoyalangan[3].

Qishloq hovlisi butunlay boʻm-boʻsh, faqat u yer bu yerda devorlar yaqinida kichik binolar uchraydi. Qishloqning shimoli-gʻarbiy burchagida koʻp xonali katta bino joylashgan. Uni kesib oʻtgan ikkita yoʻlak uyni toʻrtta sektorga boʻladi. Ularning har biri 10 xonadan iborat edi. Bino uch tarafdan yoʻlak bilan oʻralgan. Bino tashqi devorining qalinligi 1,65 metr, ichkisi devorniki esa 1.50 metr, yoʻlakning eni 1,90 metrni tashkil etadi. Burjlar tashqariga 3,70 m boʻrtib chiqqan, xonalar oʻlchami 2 x 2 m boʻlgan kvadrat shaklida[3].

Ayazqal’a 3 katta ehtimol bilan Kushon imperiyasi davrida garnizon yoki hukmdorning qarorgohi va mahalliy dehqonlar uchun boshpana sifatida ishlatilgan boʻlishi mumkin. Ayazqal’a 1 qal’asi esa oz sonli jangchilar tomonidan boshqarilgan, kuzatish posti sifatida foydalanilgan boʻlishi mumkin. Qal’a devorlari atrofida turar-joy binolari, qishloq xoʻjaligi yerlari, devorlari va uzumzorlari boʻlgan koʻplab qishloq xoʻjaliklarining qoldiqlari topilgan[4]. 1939-yilda arxeolog Sergey Tolstov boshchiligida arxeologik tadqiqotlar olib borilgan.

Ayazqal’a 3 yodgorligidan topilgan ikkita tegirmon hozirgi paytda Ellikqal’a tumanining tarix va arxeologiya muzeyida saqlanadi[5].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  2. „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Backend.madaniymeros.uz. Qaraldi: 2022-yil 21-iyul.
  3. 3,0 3,1 Ходжаниязов Ғ. Қадимги Хоразм мудофаа иншоотлари. Тошкент: OʻZBEKISTON нашриёт-матбаа ижодий уйи, 2007 — 43 bet. ISBN 978-9943-01-175-5. 
  4. „Аяз-кала“. karakalpakstan.travel. Qaraldi: 18-oktabr 2023-yil.
  5. „Chilpiq, Tuproqqal’a va Ayazqal’alarni bilasizmi?“. xabar.uz. Qaraldi: 18-oktabr 2023-yil.