Kontent qismiga oʻtish

Atom energiyasi agentligi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Atom energiyasi agentligi
Turi Agentlik
Maqomi Amalda
Ishga tushgan sanasi 19-iyul, 2018-yil (7 yil avval) (2018-07-19)
Joylashuvi Toshkent shahri, Mirobod tumani, Oybek koʻchasi, 26-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Direktori Azim Ahmadxo‘jayev
Vebsayti gov.uz/uzatom

Atom energiyasi agentligi („Oʻzatom“ agentligi yoki Oʻzatom) (inglizcha: Atomic Energy Agency under the Cabinet of Ministers of the Republic of Uzbekistan) – atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul boʻlgan Oʻzbekiston ijro etuvchi hokimiyat organi[1].

Tashkil etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Agentlik 2018-yil iyul oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan tashkil etilgan boʻlib, dastlab Energetika vazirligi tuzilmasida boʻlgan[2]. 2024-yilda Atom energiyasi agentligi sifatida qayta tashkil etilib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuriga oʻtkazilgan. Agentlik direktori Azim Axmedxoʻjayev[3].

Oʻzbekiston atom energetikasi tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston atom energetikasi tarixi XX asrning oʻrtalarida, yadro texnologiyalari energetika va sanoat vazifalarini hal qilishda muhim vositaga aylangan davrdan boshlanadi.

1950-60-yillarda Oʻzbekistonda atom fizikasining ilmiy bazasi shakllanadi. 1956-yilda Toshkentda Yadro fizikasi instituti tashkil etildi, u yerda olimlar yadroviy materiallar va radiatsion kimyoni oʻrganishni boshladilar.

Bir necha yil oldin, 1952-yilda Qizilqum shimolida geologlar Markaziy Osiyodagi eng yirik uran konlaridan biri – Qizilqumdagi konni topdilar. Bu Navoiy kon-metallurgiya kombinatining tashkil etilishiga asos boʻldi va bepoyon choʻlning boy yer osti boyliklarini sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishni boshlab berdi[4].

1958-yilda birinchi marta tabiiy uran qazib olina boshlandi. 1960-yillarda Uchquduq konida rudalardan uranni ajratib olish texnologiyasini yarim sanoat usulida sinash boshlandi. 1964-yilda gidrometallurgiya zavodida uran oksidini sanoat miqyosida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Foydali qazilmalarni qazib olish kon usuli bilan amalga oshirildi. Bularning barchasi Oʻzbekistonga uran ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi davlatlardan biriga aylanish imkonini berdi.

1959-yil 10-sentabrda Oʻzbekistonda birinchi tadqiqot yadroviy reaktori ishga tushirilgach, atom energetikasida qatʼiy qadamlar qoʻyildi, bu yadroviy fan va texnologiyalarni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Bu Oʻrta Osiyoda quvvati 2 MVt boʻlgan birinchi VVR-SM tadqiqot reaktori boʻlib, modernizatsiyadan soʻng 10 MVt quvvatga yetdi. Reaktor ishga tushirilganidan 60 yildan koʻproq vaqt oʻtgach, u ishlashda davom etmoqda. Reaktorda bugungi kunda 15 ta radioizotop ishlab chiqarilmoqda. Ular asosida 40 dan ortiq farmatsevtik preparatlar ishlab chiqarilmoqda. Bu yerda dunyodagi yod-125 hajmining 80 foizi ishlab chiqariladi. Farmatsevtika mahsulotlari 15 mamlakatga eksport qilinadi, minerallar, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar nurlantiriladi. Institut — O‘zbekistonda tibbiyot buyumlarini radiatsiyaviy sterilizatsiya qilish bo‘yicha yagona maskan hisoblanadi. Buning uchun elektronlar tezlatgichi va kobalt-60 asosidagi gamma-qurilmadan foydalaniladi. O‘tgan yillar davomida reaktorda birorta ham avariya holati kuzatilmagan[5].

  • Atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat strategiyalarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirish[6];
  • Sohada faoliyat yuritayotgan barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish[7];
  • Atom energiyasidan foydalanishning yadroviy obyektlarni loyihalashtirish va qurishdan boshlab radioaktiv chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishgacha bo‘lgan barcha jihatlarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish va joriy etish[8];
  • Obyektlarning jismoniy himoya qilinishini ta’minlash hamda yadroviy materiallar va texnologiyalar tarqalib ketmasligining oldini olish[9];
  • Ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish[10];
  • Radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizlik tizimini yaratish va takomillashtirish, shu jumladan radiatsiyaviy vaziyatni monitoring qilish va avariya holatlarida javob qaytarish[11];
  • Yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash[12];
  • Faol xalqaro hamkorlik va xalqaro majburiyatlarni bajarish[13].
  • "O‘zatom" agentligi yadroviy materiallar, ishlatilgan yadroviy yoqilg‘i va radioaktiv chiqindilar hayotiy siklining barcha bosqichlari ustidan qat’iy nazoratni amalga oshiradi, bosh tashkilotlarni belgilaydi, idoraviy mansub obyektlarda yong‘in xavfsizligi uchun javob beradi, ichki va tashqi avariya rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi[14]. Agentlikning tashkiliy tuzilmasiga quyidagilar kiradi: “Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi” DK[15], Toshkent shahridagi “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti filiali[16].

Xalqaro konvensiyalardagi ishtirok

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2025-yil 26-sentabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga (Vena, 1963-yil 21-may) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonunni imzoladi.  Ushbu qaror O‘zbekistonning xalqaro atom energetikasi huquqiy tizimiga integratsiyalashuvi uchun muhim qadam bo‘lib, hodisalar sodir bo‘lganda yetkazilgan zararni qoplashning aniq qoidalarini belgilab berdi.[17]

O‘zbekiston atom energetikasi asoschilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yadro fizikasi institutining tashkil etilishi va rivojlanishida unutilmas sahifalar yaratgan akademiklar Ubay Oripov, Sodiq Azimov, Sergey Starodubsev, Ulug‘ G‘ulomov, Po‘lat Habibullayev, Mahamadjon Yunusov, Behzod Yo‘ldoshev, Umar Solihboyevlarni haqli ravishda O‘zbekiston atom energetikasi otasi deb atash mumkin. Institutning zamonaviy tarixi yarim asrdan ko‘proq vaqtini ilm-fanga bag‘ishlagan akademik Behzod Yo‘ldoshev va uning shogirdi, O‘zbekiston atom energetikasini rivojlantirishni munosib davom ettirayotgan akademik Ilhom Sodiqov nomi bilan bog‘liq.[18]

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti direktorlari
Ismi-sharifi Yashab o‘tgan yillari Ilmiy faoliyati va yutuqlari
Oripov Ubay Orifovich 1909 - 1976 yy. Qo‘qonda tug‘ilgan 1931-yilda Samarqanddagi O‘zbekiston davlat pedagogika akademiyasini tamomlagan. 1956-1962-yillarda — O‘zSSR FA Yadro fizikasi instituti direktori. 1959-yilda uning rahbarligida institutda yadro reaktori ishga tushirilgan. Reaktorda yadrolarning bo‘linish fizikasi laboratoriyasini boshqargan va tajribalarda ishtirok etgan. Hozirgi kungacha foydalanib kelinayotgan reaktor kanalida yadrolar bo‘linishining sekinlashtirilmagan mahsulotlarini magnitli separatorining original g‘oyasini taklif qilgan va amalga oshirgan.
Azimov Sodiq Azimovich 1914 - 1988 yy. Toshkentda tug‘ilgan 1940-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetini tamomlagan. 1962-1966-yillarda O‘zSSR FA Yadro fizikasi institutini boshqargan. 1954-yilda uning tashabbusi bilan ToshDU qoshida yadro fizikasi va kosmik nurlar kafedrasi tashkil etildi va u umrining so‘nggiga qadar kafedra mudiri sifatida faoliyat olib bordi. Olim YaFIda yuqori energiyalar fizikasi bo‘limini yaratdi. Azimov davrida Qumbel dovonidagi katta Qumbel qurilmasining qurilish va ishga tushirish ishlari yakunlandi, siklotron, neytron generatori, geliy ishlab chiqarish korpusi ishga tushirildi.
Starodubsev Sergey Vasilevich 1914-1967 yy. Ashxobodda tug‘ilgan 1935-yilda Leningrad davlat universitetini tamomlab, Toshkentga qaytdi va fizika fakultetining assistenti bo‘ldi. 1966-1967-yillarda O‘zSSR FA Yadro fizikasi institutiga rahbarlik qilgan. 1956-yilda O‘zSSR FA akademigi va vitse-prezidenti etib saylangan. Yadro fizikasi institutida (YaFI) yadro va radiatsiya fizikasi bo‘limini boshqargan. Ubay Oripov va Sodiq Azimov bilan birgalikda yadro reaktorini yaratishda, yadro reaktori, siklotron, tezlatkichlar, gamma-nurlar qurilmalarida uning ilmiy yo‘nalishlari va tadqiqotlarini belgilashda hal qiluvchi rol o‘ynagan.
G‘ulomov Ulug‘ G‘ofurovich 1933 - 1990 yy. Toshkentda tug‘ilgan 1955-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetining fizika-matematika fakultetini tamomlagan. 1989-yildan to 1990-yil vafotigacha O‘zSSR FA Yadro fizikasi institutiga rahbarlik qilgan. O‘zbekistonda relyativistik yadro fizikasi sohasida ilmiy maktabga asos solgan, shuningdek, amaliy yadro fizikasi sohasiga katta hissa qo‘shgan. Uning rahbarligida 1967-yilda O‘zbekistonda birinchi marta maxsus mahsulotlarni resurs sinovlari bo‘yicha reaktor ichidagi tadqiqotlar boshlandi. G‘ulomov davrida 2 megavattli reaktor 10 MVt quvvatga chiqarildi.
Habibullayev Po‘lat Qirg‘izboyevich 1936 - 2010 yy. Andijon viloyatida tug‘ilgan 1960-yilda O‘rta Osiyo davlat universitetini tamomlagan. 1978-1988-yillarda O‘zSSR FA Yadro fizikasi institutiga rahbarlik qilgan. Yangi ilmiy yo‘nalishlarning asoschisi: yumshoq muhitlar va superion o‘tkazgichlar fizikasi, bu yerda holatning mezoskopikligi va klaster hosil bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Olim radioaktiv izotoplarni (fosfor-32 va fosfor-33) ishlab chiqarish va qo‘llash yo‘nalishlarini rivojlantirdi, yuqumli kasalliklarga tashxis qo‘yish uchun texnologiya taklif qildi va preparatlar ishlab chiqargan.
Yunusov Mahamadjon Sobirovich 1932 - 2002 yy. Jalolobod (Qirg‘iziston) shahrida tug‘ilgan 1950-yilda Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (Toshkent shahri) fizika-matematika fakulteti talabasi, S.A.Azimovning kosmik nurlarni o‘rganish bo‘yicha Pomir ekspeditsiyasi (1954) ishtirokchisi bo‘lgan. Akademikning ilmiy faoliyati singuvchi nurlar ta’sirida legirlangan yarimo‘tkazgichlar, ular asosidagi asboblar va tuzilmalardagi elektr hodisalari va elektron jarayonlarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Yunusov va uning shogirdlari tomonidan noyob nozik tajribalar o‘tkazilgan bo‘lib, ular yarimo‘tkazgichlarda kirishma atomlarining radiatsion rag‘batlantirilgan diffuziyasini bir qiymatli aniqlash va bu ta’sir asosida yarimo‘tkazgichli asboblarning parametrlarini takomillashtirish texnologiyasini ishlab chiqish imkonini berdi.
Yo‘ldoshev Behzod Sodiqovich 1945-2024 yy. Toshkentda tug‘ilgan 1968-yilda Toshkent davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagan. 1990-2006-yillarda, so‘ngra 2017-2023-yillarda O‘zR FA Yadro fizikasi institutiga rahbarlik qilgan. Birinchi marta adron materiyasining yangi turi – tor dibarion rezonanslari mavjudligi haqida eksperimental ko‘rsatmalarni oldi va talqin qildi, yadro ichidagi materiyaning mahalliy xususiyatlari mavjudligi effektini aniqladi. Yo‘ldoshev tashabbusi bilan radioizotop va boshqa ilmtalab mahsulotlar eksporti sezilarli darajada kengaytirildi, bu esa respublikaga va institutga katta mablag‘ tushishini ta’minladi.
Salixbayev Umar Sagitovich 1951 y.t. Samarqand viloyatida tug‘ilgan 1973-yilda Samarqand davlat universitetining fizika fakultetini tamomlagan. O‘zR FA Yadro fizikasi institutiga 2006-2016 yillarda rahbarlik qilgan. Uning rahbarligida reaktor faol zonasining uch o‘lchovli modeli ishlab chiqildi, bu esa birinchi marta bunday turdagi reaktorlar uchun uni past boyitilgan yadro yoqilg‘isidan foydalanishga o‘tkazish imkonini berdi. Shuningdek, sanoatda foydalanish uchun yuqori solishtirma faollikka ega bo‘lgan iridiy-192 olish texnologiyasi ishlab chiqilgan. Mamlakat bojxona postlarida radiatsiyaviy monitoring tizimlari yaratildi va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda.
Sodiqov Ilhom Ismoilovich 1964 y.t. Qo‘qonda tug‘ilgan 1986-yilda ToshDUning kimyo fakultetini imtiyozli diplom bilan tamomlagan. Sodiqov 2020-yil 11-fevraldan buyon Yadro fizikasi instituti direktori lavozimida ishlab kelmoqda. Ilmiy faoliyatini 1986-yilda Yadro fizikasi institutida toza va o‘ta toza moddalarning mikroaralashmalar tarkibini radiokimyoviy neytron-aktivatsion tahlil (RNA) usullarini ishlab chiqishdan boshlagan. Murakkab tarkibli yuqori radioaktiv moddalar, o‘ta toza yarimo‘tkazgich materiallar, makro- va mikrokomponentlarni radiokimyoviy ajratish bilan metallar va qotishmalarning 40 dan ortiq RNA usullarini yaratgan. U elementlarni radiokimyoviy ajratish uchun birinchi marta ikki kamerali avtoklavni qo‘lladi va o‘ta toza germaniyda fosforni aniqlashning rekord chegarasiga (10-11 g/g) erishdi. Hozirgi vaqtda I.I Sodiqov yangi reaktor va siklotron radionuklidlarini olish bo‘yicha tadqiqotlarga rahbarlik qilmoqda. Uning ilmiy rahbarligida Iridiy-192, Lyutetsiy-177, Yod-125, Fosfor-32 radionuklidlari va qo‘llashga tayyor bo‘lgan Lyutetsiy-177 PSMA-617, Lyutetsiy-177-DOTA TATE vektor preparatlarini ishlab chiqarish texnologiyalari va analitik nazorat usullari ishlab chiqilgan va amaliyotga joriy etilgan. Tadqiqot natijalari 70 dan ortiq ilmiy maqolalarda (51 tasi xorijiy jurnallarda, ulardan 31 tasi Web of Science indekslangan jurnallarda) chop etilgan.

Nufuzli mukofotlar laureatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti olimlari fan va texnikaga qo‘shgan ulkan hissasi uchun bir necha bor nufuzli mukofotlarga sazovor bo‘lgan.[19]

Davlat Lenin mukofoti laureatlari: 1964-yilda radioizotop usullari yordamida bajarilgan va "Qalqonsimon bez patologiyasining ba’zi shakllarida yod va qalqonsimon bez gormonlari almashinuvi" monografiyasida bayon etilgan tadqiqotlar uchun institut xodimi Ya.X.To‘raqulov (O‘zSSR FA YAFI) va R.K.Islambekovga SSSR Lenin mukofoti berildi.

Beruniy nomidagi O‘zSSR Davlat mukofoti laureatlari: 1965-yilda Beruniy nomidagi O‘zSSR Davlat mukofoti S.V. Starodubsevga (O‘zSSR FA YAFI) va A.M. Romanovga zaryadlangan zarralar va ionlashtiruvchi nurlanishlarning modda orqali o‘tishiga bag‘ishlangan monografiyalar turkumi uchun berilganligi institut xodimlarining ilmiy ishlarini e’tirof etdi, xususan: 1-jild. Yadrolarning radioaktiv o‘zgarishlari va atom qobig‘i. Toshkent, “Fan”, 1958; 2-jild. Zaryadlangan zarralarning modda orqali o‘tishi. Toshkent, “Fan”, 1961; 3-jild. Gamma-nurlanishning modda bilan o‘zaro ta’siri. Toshkent, “Fan”, 1964. 1970-yilda S.A.Azimov, Sh.Abdujamilov, Ye.V.Beter, U.G‘.G‘ulomov, V.M. Chudakovlarga "Pionlar generatsiyasining kogerent difraksiyasi" tadqiqotlari uchun Beruniy nomidagi O‘zSSR Davlat mukofoti berildi. 1973-yilda R.B.Begjanov, D.A.Gladishev, F.S.Akilov, A.I.Mo‘minovlarga "Yadrolarda elektromagnit o‘tishlarni tadqiq qilish" turkum ishlari uchun Beruniy nomidagi O‘zSSR Davlat mukofoti berildi.

1981-yilda Beruniy nomidagi O‘zSSR Davlat mukofoti bilan institut xodimlari P.K.Habibullayev, A.A.Kist, T.B.Ashrapov, A.G.G‘aniyev, V.A.Mo‘minov, M.M.Usmonova, I.V.Kurchatov nomidagi Atom energiyasi instituti xodimlari P.M.Ye-gorenkov va N.V.Arxangelskiy “VVR-SM reaktori va boshqa yadro-fizikaviy qurilmalarni modernizatsiya qilish asosida texnologik jarayonlarni nazorat qilishning aktivatsion va yadro-fizikaviy analitik usullari majmuasini ishlab chiqqanliklari va joriy etganliklari uchun”, shuningdek G.M.Chernov (O‘zR FA YAFI), K.G‘.G‘ulomov, B.S.Yo‘ldoshev, M.N.Musaxonov va X.Sabirov “Yuqori energiyalarda leptonlar, adronlar va yadrolarning atom yadrolari bilan noelastik o‘zaro ta’sirlarini o‘rganganliklari uchun” taqdirlandilar. 1992-yilda Beruniy nomidagi O‘zR Davlat mukofoti M.S.Saidov, R.A.Mo‘minov, M.S.Yunusov (O‘zR FA YAFI), A.T.Mamadalimov, S.Zaynabidinov, M.K.Baxadirxanovlarga “Kremniy va uning asosidagi asboblar” turkum tadqiqotlari uchun berildi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti (World Intellectual Property Organization - WIPO) laureatlari: 1985 va 1996-yillarda P.K.Habibullayev Butunjahon intellektual mulk tashkilotining (WIPO) oltin medali sovrindori bo‘ldi. 1985-yilda T.B.Ashrapov WIPO diplomi bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston atom sanoatining yangi davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • 2018-yil 19-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonda birinchi AES qurilishi loyihasi va qidiruv ishlarini boshlashga start berdilar.
  • 2018-yil 20-iyul – Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida Rossiyaning “MMFI” milliy tadqiqot yadro universitetining filialini tashkil etish to‘g‘risidagi Qarorni imzoladi.
  • 2019-yil 3-sentabr kuni “MMFI” MTYAU filialining tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi.
  • 2019-yil 7-fevral – Shavkat Mirziyoyev 2029-yilgacha O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini imzoladi.
  • 2024-yil 27-may – O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Jizzax viloyatida kichik quvvatli birinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
  • 2024-yil 5-dekabr – “O‘zatom” agentligi va Xalqaro atom energiyasi agentligi o‘rtasidagi Hadli mamlakat dasturiga qo‘shimchalar imzolandi.
  • 2025-yil 15-aprel – Jizzax viloyatida KQAES loyihasi uchun qurilish-montaj bazasi (QMB) qurilishi boshlandi.
  • 2025-yil 26-sentabr – O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risida Qo‘shimcha bitim imzolandi.
  • 2025-yil 9-oktabr – Jizzax viloyati Forish tumanidagi ASMM reaktorining birinchi binosi uchun kotlovan qazish ishlari boshlandi.