Kontent qismiga oʻtish

Anuriya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Anuriya (yun. an — inkor qoʻshimchasi va uron — siydik) — siydik tutilishi; bunda buyrakda hosil boʻlgan siydik qovuqqatushmaydi. Prerenal Anuriya buyrak tomirlarining oʻsmalar bilan qisilishi yoki qayrilib ketishi, shuningdek buyrak arteriyalariga tromb yoki embol tiqilib qolishi natijasida kelib chiqadi. Koʻp qon yoʻqotish, yurak-tomirlar sistemasidagi kamchilik va shok, ich ketishi sababli koʻp suyuqlik yoʻqotish, betoʻxtov qusish, badanning shishib ketishi, assit va sh.k. kasalliklarda qon aylanishining ogʻir darajada buzilishi natijasida paydo boʻladigan Anuriya ham prerenal Anuriyaga kiradi. Bunday Anuriyada buyraklar ham, siydik yoʻllari ham zararlanmaydi; arterial bosimning pasayishi, buyraklardan kam qon oʻtishi, qonda suvning kamayishi va boshqa ekstrarenal omillar katta rol oʻynagani uchun siydik toʻxtashining bu turini ekstrarenal Anuriya deb ham ataladi. Renal (chin) Anuriya buyrak toʻqimasining sidirgʻa patologik jarayondan zararlanishi (glomerulonefrit, piyelonefrit, sulema, kantaridin, qoʻrgʻoshin tuzlari va sulfanil-amidlardan zaharlanish va hokazo) natijasida roʻy beradi. Postre-nal (buyrak orti) Anuriya esa yuqori siydik yoʻllarida siydik oqimini toʻsuvchi bi-ror illat boʻlishi oqibatida vujudga keladi. Reflektor anuriya kuchli ruhiy hayajon, jarohatlanishdan keyin qattiq ogʻriq sezish natijasida paydo boʻladi. Ikki sutka va undan ortiq vaqt ichida siydik kelmay qolishi uremiyaga sabab boʻladi.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil