Kontent qismiga oʻtish

Nimrang

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Anguri kalondan yoʻnaltirildi)

Nimrang, Sherbandi, Anguri kalon — oʻrtacha kechpishar, xoʻraki mahalliy uzum navi. Oʻzbekiston va Tojikistonda kup tarqalgan. Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Qrim, Dogʻiston va boshqa joylarda ham ekiladi. Tupi kuchli oʻsadi. Bargi oʻrtacha (14—17 sm), sal toʻgarak yoki 5 boʻlakli, kam kertikli, chetlari yuqoriga qayrilgan. Guli bir jinsli (funksional urgʻochi). Uzum boshi yirik (boʻyi 20—22 sm, eni 12— 15 sm) vazni 550—600 g (baʼzan 1 — 1,5 kg gacha), keng konussimon yoki choʻziq.

Gʻujumlari yirik, asosan, dumaloq, kungay tomoni qizgʻish, shirin va sal nordon, karsillaydi. Tarkibida 22-25% qand, 5—6% kislota bor. Sentabr boshlarida toʻliq pishadi. Changlovchi nanlar (Pushti Toifi, Parkati, Saperavi va boshqalar) bilan aralash ekib, novdalari uzun kesilib (tupida 300—400 kurtak), yaxshi parvarish qilinsa gektaridan 250—300 s hosil beradi. Uzoq joylarga joʻnatishga, saqlashga chidamli.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil