Akbar Islomov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Ushbu maqola Akbar Islomov haqidadir. Islomov familiyasi bo'lgan boshqa odamlar haqida soʻzining boshqa maʼnolari uchun bu yerga qarang.
Akbar Islomov
Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1896-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Akbar Islomov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi. Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Akbar Islomov 1896-yil Qoʻqon shahrida tavallud topgan. Uning oilasi Qoʻqon xoni xizmatida yuqori mavqega ega boʻlgan. Akbar Islomov oilada 4 nafar farzandning eng kenjasi boʻlgan. U dastlab Qoʻqondagi eski maktabda soʻng, 2 yil davomida Abduvahhob Ibodiyning jadid maktabida tahsil oladi. 1910—1914-yillarda u zargarlik ustaxonasida zargarga shogird boʻlib, hunar oʻrgandi. 1914-yilda Akbar Islomov Qoʻqonda ochilgan rus-tuzem maktabida oʻqishni boshlaydi. Ammo otasining vafoti sababli oʻqishni davom ettira olmaydi. 1914-yildan u Qoʻqonning eski shahar qismida joylashgan nashriyotda harf teruvchi sifatida faoliyatini boshlaydi. Akbar Islomov Obidjon Mahmudovning „Sadoyi Fargʻona“ gazetasida ishlab, Fargʻona jadidlaring yetakchilari Ashurali Zohiriy, Nazir Toʻraqulov, Hamza Niyoziy bilan tanishadi. U 1916-yildagi mardikorlikka qarshi kurashda faol ishtirok etadi. Akbar Islomov Voskresniy koʻchasi Bolotina dorixonasi yonida joylashgan Veliskiy xususiy tipografiyasiga ishga kiradi. U yerda rus ishchilari bilan tanishib, rus tilidagi bilimlarini yanada mustahkamlaydi[1]. U Turkiston muxtoriyati tashkil topgach, muxtoriyatning tadbirlarida faol ishtirok etadi. 1918-yilning mart oyida Qoʻqondagi „Pechat ishlari“ nomli tipografiyaga ishga kiradi va „Musulmon mehnatkashlari ittifoqi“ jamoatchilik ishlarida ishtirok eta boshlaydi. 1918-yilda Qoʻqon shahar Musulmon mehnatkashlari kasaba uyushmasi raisi lavozimiga saylangan. 1918-yil soʻngida Qoʻqon shahridan Akbar Islomov Turkiston MIK aʼzoligiga saylanadi va Buxoro amirligiga yoʻllangan guruhga aʼzo etib tanlanadi. Buxorodan qaytgach 1919-yil 24-maydan Turkiston MIK ichki ishlar xalq komissari oʻrinbosari lavozimiga tayinlanadi. 1920-yil Toshkentga keladi va Turkiston SSR ichki ishlar xalq komissari lavozimiga tayinlanadi. 1920-yil Turkiston davlat universiteti ochilgandan soʻng, Akbar Islomov birinchilardan boʻlib ishchi fakultetiga oʻqishga kirgan. Ammo oʻzining bilimidan koʻngli toʻlmay, 1924-yil yana Oʻrta Osiyo davlat universiteti qishloq xoʻjaligi fakultetiga oʻqishga kiradi. 1937-yilda u yashaydigan Toshkent shahar Oqqoʻrgʻon koʻchasi 5-uy 2-xonadon taftish oʻtkaziladi va qamoqqa olinadi. 1938-yil 4-oktabr kuni unga oliy jazo berildi va hukm shu kunning oʻzida ijro etildi[2].


Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240 bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304 bet.