Afgʻon shamoli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search


Afgʻon shamoli – Oʻzbekistonning jandagi hududlar (Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari)ga bostirib kiruvchi, janubi-gʻarbiy yoʻnalishidagi issiq, quruq shamol. Juda koʻp chang-toʻzon koʻtarib esadi. Bu shamol janubi-gʻarbiy yoʻnalishda, Afgʻoniston tomondan esgani uchun mahalliy xalq uni „Afgʻon shamoli“ deb ataydi. Amudaryo havzasining yuqori qismida kuzatiladi. Afgʻon shamoli bir tomondan, janubi-gʻarbdan siljib keladigan va Hisor togʻ tizmasi oraligʻida siqilib harakatlanadigan iliq havo massasining, ikkinchi tomondan esa, shimoli-gʻarbdan keladigan sovuq havo frontining aerodinamik tezlashuvi oqibatida paydo boʻladi. Yiliga 30-70 kun esadi.

Afgʻon shamoli oʻziga xos meteorologik hodisalar bilan kuzatiladi: 1 – 2 kun avval sharqsan esgan kuchsiz shamol natijasida dastlab siyrak chang paydo boʻlib, astasekin quyuklashib boradi. Havo harorati koʻtariladi, nisbiy namlik esa keskin kamayadi. Atmosfera bosimi pasayadi. Havo frontining yaqinlashuvi bilan girdob va quyunlar hosil boʻladi, soʻngra toʻsatdan 20 m/sek va undan ortiq tezlikda esadigan toʻzonli boʻron – Afgʻon shamoli vujudga keladi. Afgʻon shamoli aksariyat garmsel davrini yakunlaydi. Afgʻon shamoli xalq xoʻjaligiga, ayniqsa, qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazadi. Kuchli shamollar baʼzan ekinzorlarni qum bilan koʻmib tashlaydi yoki tuproqning ustki unumli qatlamini uchirib ketadi (qarang Tuproq eroziyasi).

Afgʻon shamolining zararli taʼsiri ekinzorlarni sugʻorish bilan kamaytiriladi. Ekinzorlarni ihota daraxtlari bilan himoya qilish ham Afgʻon shamoli taʼsirini ancha kesadi[1].

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent 2000-yil