Garmsel

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Garmsel (toj. garm — issiq, sel — oqim) — issiq quruq shamol. G. Oʻrta Osiyodagi mahalliy shamollardan biri, asosan Kopetdogʻ oldida, Gʻarbiy Tyanshanda va tog oldi tekisliklarida esadi. Havo massasining atom bosimi yuqori boʻlgan zonadan intensiv koʻchishi natijasida hosil boʻladi. Janubiy va Sharkdagi togʻ massivlari havo massalarining gorizontal harakatiga toʻsqinlik qiladi. Shuning uchun yakinlashayotgan front tomon harakatlanayotgan havo yuqori qatlam havosi bilan almashadi. Havo massasining bevosita togʻlar ustida pasayib boradigan bu harakati yon bagʻridan pastga va vodiyga qarab esadigan fyon (togʻli joylarda esadigan issiq quruq shamol) tusini oladi. G.ning tezligi turlicha: yengil shabadadan juda kuchli shamol (shtorm) tezligi (0,2 m/s — 25 m/s) gacha boʻlishi mumkin. Iliq havo massasining pastga tushishi tufayli havoning yer ustki qatlami temperaturasi keskin koʻtarilib, 40° dan ham oshadi, nisbiy namligi esa ancha kamayadi. Balandlikdagi havo qatlamlari qancha issiq va quruq boʻlsa, ular qancha katta balandlikdan tushsa, yer yuzasiga yetib kelganda ularning temperaturasi shu qadar yuqori, namligi esa kam boʻladi. Oʻrta Osiyo hududi G. tez-tez esib turadigan rayonga kiradi. G. koʻp esadigan rayonlar: Qizilarvot, Taxtabozor, Chorshanga, Quyi Panj, Xoʻjand, Koʻkorol va b. G. Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent viloyatlarida tez-tez esib turadi. Fargʻona vodiysida kamroq kuzatiladi. G. yilning hamma fasllarida esishi mumkin, lekin yoz yaqinlashgan sayin G. takrorlanishi ortib boradi. Tuprogʻi quruq boʻlgan joylarda G. esganda sharqiy shamolning tezligi ortishi bilan toʻzonli boʻron paydo boʻladi. G. qurgʻoqchilikning takrorlanishiga sabab boʻladi. G. bahor va yezda qishloq xoʻjaligi oʻsimliklariga katta zarar yetkazadi. Quruq issiq shamol tufayli transpiratsiya va yalpi bugʻlanish kuchayadi; issiq qum va chang oʻsimlik tanasini jarohatlaydi, natijada oʻsimliklarda suv balansi buziladi va ularning ayrim qismlari quriydi va oʻladi, mevalari rivojlanmay qoladi; ayniqsa yosh novdalar, qotmagan boshoqlar, gʻoʻzaning shonasi, guli va koʻsaklari zararlanadi. Uzoq esadigan G. aynqiksa xavflidir. G.ning zararli taʼsirini kamaytirish maqsadida dala atrofiga ihota daraxtlari oʻtqaziladi, sugʻorish tuproq namini saqlab qolishga yordam beradigan tadbirlar bilan birgalikda amalga oshiriladi. G. singari shamollar Oʻrta Osiyodan boshqa joylarda ham uchraydi (mas, Misrda "hamsin", Arabiston yarim orolda "samum", Jazoirda "sirokko" deb ataladi).

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil