Aden Adde

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Aden Adde

1950-yillarda Adde
1-Somali Prezidenti
Mansab davri
1-iyul 1960-yil[1] – 6-iyul 1967-yil[1]
Vorisi Abdirashid Ali Shermarke
Milliy Qonunchilik Kengashi Raisi
Mansab davri
29-fevral 1956-yil – 1-iyul 1960-yil
Vorisi Abdulkadir Muhammed Aden (1-o'rinbosari)[2], Hagi Bashir Ismail (2-oʻrinbosari)
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 9-dekabr 1908-yil
Beledweyne, Italiya Somalisi (hozirgi Somali)
Vafoti 8-iyun 2007-yil(2007-06-08)
(98 yoshda)
Nairobi, Kenya
Fuqaroligi Somali
Siyosiy partiyasi Somali Yoshlar Ligasi (SYL)

Aden Abdulle Osman Daar (somalicha: Aadan Cabdulle Cismaan Dacar, arabcha: آدم عبد الله عثمان دعر) (1908-yil 9-dekabr – 2007-yil 8-iyun) Aden Adde nomi bilan tanilgan, 1960-yil 1-iyuldan 1967-yil 6-iyulgacha Somali Respublikasining birinchi prezidenti boʻlib ishlagan siyosatchi[1]. U bundan oldin 1944-yilda Somali Yoshlar Ligasida xizmat qilgan. 1946-yilda u Somalining Beledveyn shahri partiya boʻlimi kotibi etib tayinlangan. 1951-yilda Mudug viloyat kengashi uni viloyat Kengashi deputatligiga tayinlaydi, ikki yildan soʻng shu viloyat kengashi raisining oʻrinbosari boʻladi. 1954-yildan 1956-yilgacha Somali Yoshlar Ligasi prezidenti boʻladi. 1958-yil may oyida u qayta saylanadi va bu lavozimni 1960-yilgacha Qonunchilik Kengashi taqdimotchisi lavozimi bilan birgalikda egallashda davom etadi.

Osman Daar Somalining Beledveyn shahrida tugʻilgan. U davlat maktablarida oʻqigan va faol jamoat tashkilotchisi boʻlib ishlagan. Somali 1889-1941-yillarda Italiya hukumati tomonidan mustamlaka qilingan. 1929-yildan 1941-yilgacha Osman Daar Italiya mustamlaka maʼmuriyatida Somalining mustamlakachilikdan qutulishi uchun kurash olib borgan. U butun somaliliklar birligi tarafdori boʻlgan.

1960-yilda Osman Daar xalqining milliy eʼtiborini qozondi va Somali xalqining ishonchiga sazovor boʻldi. U 1960-yil 1-iyulda rasmiy va demokratik tarzda Somalining birinchi prezidenti etib saylandi. 1960-yil 1-iyulda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Somalining mustaqilligini tasdiqladi va u keyinchalik, 1960-yil 26-iyunda mustaqillikka erishgan sobiq Britaniya protektorati Britaniya Somalilandi bilan birlashdi. Daarning maʼmuriyati mustamlakachilik merosini yoʻq qilishga va Somali xalqi oʻrtasida birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan edi.

Bolaligi va karyerasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daar 1908-yil 9-dekabrda Somalining janubiy-markaziy Xiraan mintaqasida joylashgan Beledweyne shahrida tugʻilgan[3]. U Udejeen, Hawiyening Abdile Afarah sulolasidan boʻlgan va ota-onasidan yoshligida ayrilib yetim boʻlib qolgan. Daar ishtiyoqli kitobxon boʻlgan va koʻp mavzularda oʻzini oʻzi oʻqitgan. U arab, somali, italyan va ingliz tillarida gaplasha olgan.

Siyosiy Karyerasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somali Yoshlar Ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daar 1944-yilda Somali mustaqilligi uchun harakat qilayotgan millatchi tashkilot Somali Yoshlar Ligasi (SYL) siyosiy partiyasiga qoʻshildi. Tezda martabadan martabaga koʻtarilib, u 1946-yilda SYLning Beledweynedagi boʻlimi mahalliy kotibi boʻldi. Oradan oʻn yil oʻtgach, u Milliy qonunchilik kengashi raisi boʻldi va ikki yildan keyin oʻzi SYLni boshqara boshladi[4].

Prezidentlik[tahrir | manbasini tahrirlash]

Somali 1960-yilda mustaqillikka erishganida, Daar millatchi shaxs sifatida keng shuhrat qozongan edi. Qisqa vaqt ichida u mamlakatning birinchi prezidenti etib saylandi va bu lavozimni 1960-yildan 1967-yilgacha egalladi.

Oʻz davrida u yoʻqotilgan Somali hududlarini tiklash uchun irredentistik milliy siyosatini faol ravishda olib bordi. Diqqatga sazovor voqealarga 1964-yilgi Efiopiya-Somali chegara urushi, Keniyadagi Shifta urushi, Jibutiya mustaqilligi uchun Front de Libération de la Kot des Somalis jangi, shuningdek, Efiopiyadagi Oromoning Bale qo'zg'olonini qoʻllab-quvvatlashi kiradi. Uning Keniya va Efiopiyadagi raqiblari 1965-yilda mudofaa shartnomasini imzoladilar. Ushbu siyosatlar bilan bir qatorda, Prezident Aden barcha mustamlaka davlatlar erkinliklarini himoya qilish uchun Somalini Afrika birligi tashkiloti va Somali 1966-yilda 6-konferensiyasiga mezbonlik qilgan Jahon musulmonlari kongressi kabi bir qator tashkilotlarga roʻyxatdan oʻtkazdi.

Oʻz vaqtida Somali odamlar yoki materiallar bilan qoʻllab quvvatlagan va Olti kunlik urush paytida tarafdori boʻlgan mashhur davlatlar qatoriga Janubiy Afrika va Falastin kiradi[5].

Erkin bozori va demokratiyasi uchun Afrikaning Shveytsariyasi sifatida tanilgan Somali Prezident Aden davrida ichki daromadni yaxshilash uchun oddiy iqtisodiy rejalashtirishlar qilishni davom ettirdi. Uning eʼlon qilingan Birinchi Besh yillik rejasi (1963-1967) oddiy rivojlanish strategiyasini bir nechta loyihalarda koʻrsatib berdi: Jowhardagi mavjud zavodning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish orqali shakar ishlab chiqarishni koʻpaytirish; goʻshtni qadoqlash, baliqni qayta ishlash, sut va sut mahsulotlari, toʻqimachilik va boshqa bir qancha tarmoqlarni rivojlantirish; bir qator yoʻllarni qurish yoki yaxshilash; Kismayo, Berbera va Mogadiscioda uchta dengiz portini qurish; ekinlar va yem-xashak uchun sugʻorishni kengaytirish; bir qator fermalarning tashkil topishi; ijtimoiy xizmatlar, jumladan, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida maʼlum yaxshilanishlar. Rejalashtirilgan investitsiyaning tarmoqlar boʻyicha taqsimlanishida qishloq xoʻjaligini rivojlantirish yoki aholiga uy-joy qurishdan koʻra koʻproq infratuzilmaga eʼtibor qaratildi. Garchi bu reja mohiyatan davlat xarajat qiladigan dastur boʻlsa-da, u xususiy tadbirkorlikni sezilarli darajada ragʻbatlantirdi. Himoya qilish, maʼlum soliqlardan cheklangan muddatga ozod qilish va daromad olish uchun qulay imkoniyatlarga ega boʻlgan va tashkil etilishi milliy manfaatlarga mos keladigan sanoat tarmoqlariga sarmoya kiritishga tayyor boʻlgan firmalarga imtiyozli shartlarda kreditlar berish kabi imtiyozlar taqdim etildi[6].

1967-yilgi prezidentlik saylovlarida Adan uning sobiq bosh vaziri Abdirashid Ali Shermarke tomonidan magʻlub etildi. Uning prezidentlik muddati 1967-yil 6-iyulda tugadi. Aden bu yoʻqotishni xushmuomalalik bilan qabul qildi va Afrikada (Liberiyadan tashqari) hokimiyatni demokratik yoʻl bilan saylangan vorisga tinch yoʻl bilan topshirgan birinchi davlat rahbari sifatida tarixga kirdi[7].

Shermarke ikki yildan soʻng oʻz shaxsiy qoʻriqchilaridan biri tomonidan oʻldirildi. Bu qotillik Shermarkening dafn marosiminig ertasiga 1969-yil 21-oktabrda Somali armiyasi tomonidan qarshiliksiz, qonsiz qilingan davlat toʻntarishiga olib keldi. Toʻntarishga oʻsha paytda armiyaga qoʻmondonlik qilgan General-mayor Muhammad Siad Barre boshchilik qildi[8].

Manifest[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yilda fuqarolar urushi boshlanishi bilan Daar sobiq axborot vaziri Ismail Jim'ale Osoble, sobiq taʼlim vaziri Hassan Ali Mire va taxminan Somalining yana 100 nafar siyosatchisi bilan zoʻravonlik haqida xavotirlarni va yarashuvni ilgari suruvchi manifestni imzolaydi[4][9]. Buning uchun Daar qisqa vaqt ichida hibsga olinadi va Barre rejimining toʻliq qulashigacha bir yil qamoqda qoladi[4].

Keyingi yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ozodlikka chiqqandan soʻng, Daar keyingi yillarining koʻp qismini Somalining janubidagi Janale fermasida oʻtkazadi[10].

2007-yil 22-mayda u Keniyaning Nayrobi shahridagi kasalxonada vafot etgani haqida xato xabar tarqaladi. Biroq, u og'ir ahvolda boʻladi. Daar 2007-yil 8-iyunda 98 yoshida kasalxonada vafot etadi[11][12][13].

Oʻsha paytda Somalining sobiq prezidenti Abdullohi Yusuf Ahmad boshchiligidagi Transitional Federal Government milliy xotira marosimi bilan yakunlanadigan 21 kunlik motam eʼlon qildi va Daar uchun davlat dafn marosimi qilinishi haqida bayonot berdi[14]. Shuningdek, Mogadishu Xalqaro Aeroporti uning sharafiga Aden Adde Xalqaro Aeroporti deb oʻzgartirildi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Somalia (Wayback Machine saytida 2006-02-09 sanasida arxivlangan) – Worldstatesmen.com
  2. Coleman, James. Political Parties and National Integration in Tropical Africa. University of California, 1963 — 539 bet. 
  3. „Rulers.org - Daar, Aden Abdullah Osman“. 2021-yil 12-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-sentyabr.
  4. 4,0 4,1 4,2 Bloomfield, Steve. „Aden Abdulle Osman - First President of Somalia“ (2007-yil 11-iyun). 2013-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-sentyabr.
  5. Abdulle, Aden. Address delivered by his excellency Adam Abdullah Osman to the Conference of African Heads of States and Governments. United Nations Economic Commission for Africa, 1963 — 97 bet. 
  6. Ismail Samatar, Abdi. The State and Rural Transformation in Northern Somalia, 1884-1986. University of Wisconsin, 1989 — 97 bet. ISBN 9780299119942. 
  7. „First president of Somalia dies“. BBC (2007-yil 8-iyun). 2019-yil 26-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 30-oktyabr.
  8. Moshe Y. Sachs, Worldmark Encyclopedia of the Nations, Volume 2, (Worldmark Press: 1988), p.290.
  9. Horn of Africa Bulletin, Volumes 3-4. Life & Peace Institute, 1991 — 14 bet. 
  10. „Aden A. Osman, 99; first president of independent Somalia“. Los Angeles Times. 2022-yil 10-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2007-yil 27-iyun.
  11. Aweys Osman Yusuf, „Somalia: First President Dies At the Age of 99“ (Wayback Machine saytida 2008-03-11 sanasida arxivlangan), Shabelle Media Network (allAfrica.com), May 22, 2007.
  12. Mohamed Abdi Farah, „Somalia: Former president in coma (correction)“ (Wayback Machine saytida 2007-05-26 sanasida arxivlangan), SomaliNet, May 22, 2007.
  13. „Somaliaʼs first president dies at age 98“ (Wayback Machine saytida 2008-12-04 sanasida arxivlangan), Associated Press (International Herald Tribune), June 8, 2007.
  14. „Body of First President Arrives in Mogadishu“. 2012-yil 6-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-sentyabr.