Abulgʻozixon (Ashtarxoniy)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abulgʻozixon
Abulgʻozi Muhammad Bahodirxon
 Buxoro xonligi hukmdori
Mansab davri
1758-yil – 1785-yil 10-iyun
Oʻtmishdoshi Fozilxon
Vorisi Unvon tugatilgan
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi XVIII asr
Buxoro xonligi
Vafoti 1801—1802-yillar
Buxoro, Buxoro amirligi
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Buxoro amirligi
Dini Islom

Abulgʻozixon (Abulgʻozi Muhammad Bahodirxon) (XVIII asr, Buxoro xonligi — 1801—1802-yillar, Buxoro, Buxoro amirligi) — Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasining soʻnggi vakili sifatida qaraladigan soxta xon. Mangʻitlar oʻzbek sulolasi davrida Buxoro xonligining rasmiy hukmdori (1758—1785). Amalda real hokimiyat Muhammad Doniyolbiyning qoʻlida boʻlgan.

Muhammad Doniyolbiyning vafotidan soʻng Abulgʻozixonning obroʻyi tushib ketadi. Shundan soʻng, Amir Shohmurod (1785—1800) uni taxtdan va hokimiyatdan butkul chetlashtiradi. Shu bilan 1601-yilda xonlik taxtiga kelgan va 1756-yilda rasman barham topgan Ashtarxoniylarning hukmronligi toʻlaligicha barham topadi[1].

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aksar manbalarda Abulgʻozixon Ashtarxoniylar xonadoniga mansub shaxs sifatida qaralsa, baʼzi bir manbalarda u Xorazm xonlari avlodi boʻlganligi taʼkidlanadi[1].

Buxoro xonligining hukmdori[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mangʻitlar sulolasining vakili Muhammad Rahimxon toʻsatdan vafot etgach (1758-yil 24-mart), marhum xonning oʻgʻil farzandlari boʻlmaganligi uchun Buxoro xonligi taxtiga dastlab uning balogʻat yoshiga yetmagan nevarasi Fozil toʻra oʻtqazilgan. Muhammad Rahimxonning amakisi Muhammad Doniyolbiy esa yangi xonga otaliq qilib tayinlangan. Biroq Fozilxon tez orada taxtdan tushirilib, uning oʻrniga Abulgʻozixon Buxoro xonligi hukmdori deb eʼlon qilingan.

Abulgʻozixon oʻzining xonlik davrida davlat ishlariga mutlaqo aralashmagan. U siyosatdan uzoq kishi boʻlib[1], faqat rasmiy hujjatlarga oʻz muhrini bosish va oʻz nomidan tanga chiqarish bilan cheklangan.

Taxtdan chetlashtirilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abulgʻozixonni hokimiyatdan butkul chetlashtirgan shaxs Muhammad Doniyolbiyning oʻgʻli Amir Shohmurod (1785—1800) boʻlgan. Jumladan u Abulgʻozixonni taxtdan chetlashtirib, Arkdan tashqaridagi Bozor Xoʻjadagi hovlilardan biriga joylashtirib, unga umrbod nafaqa tayinlaydi[1].

Baʼzi tadqiqotlarda aytilishicha, Buxoroning Xankar tumanida yer ishlari bilan shugʻullangan. Amir Shohmurod davrida Abulgʻozi otaliq lavozimida boʻlgan[1].

Abulgʻozining keyingi taqdiri va oilaviy ahvoli haqida maʼlumot saqlanmagan. U 1801—1802-yillar oraligʻida vafot etgan[2][1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Zamonov 2021, s. 116.
  2. Oʻzbekiston hukmdorlari 2007, s. 51—53.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Sultonov F., Bozorboyev F.. Oʻzbekiston hukmdorlari. Toshkent: Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi, 2007 — 88 bet. 
  • Zamonov A.. Buxoro xonligining Ashtarxiniy hukmdorlari: monografiya. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136 bet. ISBN 978-9943-6372-1-4.