Abul Muayyad Xorazmiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Abul Muayyad Xorazmiy (to‘liq ismi Abul Muayyad Muhammad ibn Mahmud ibn Hasan Xorazmiy Tarjimoniy Hanafiy). 1197-yil Xorazmda tug‘ilgan. Muhaddis, faqih, adib, xatib va ahli sunna olimi hisoblanadi. Damashqda hadis rivoyat qilgan va vafot etguncha Bag‘dodda dars bergan.

Faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abul Muayyad Xorazmiy Movarounnahr, Xuroson, Iroq, Hijozga safarlari asnosida o‘z zamonasining ko‘plab olim va roviylaridan bevosita ilm olish, hadis va rivoyatlar eshitish, xabarlar almashish bilan birga ko‘plab olimlarning asarlaridan ham unumli foydalangan. Olim asarlarida o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan olgan bilimlarini aks ettirishga kelgusi avlodga qoldirishga harakat qildi. Bu ishni imomi A’zam Abu Hanifa siymosini noo‘rin tanqidlardan himoya qilish va u zotning muhaddis sifatidagi mavqeini gavdalantirish bilan amalga oshirdi.

Ilmiy merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olimning birgina “Jome’ al-masonid al-imom Abi Hanifa” (“Abu Hanifaning musnadlari to‘plami”) asari bugungi kunga qadar yetib kelgan. Ushbu asar olimning hadis ilmiga oid eng mashhur asari hisoblanadi. Ushbu asarda o‘n besh musnaddan ellikta turli sanad bilan 600 ga yaqin hadis fiqh boblariga muvofiq tartiblangan. Takroriy matn va isnodlar chiqarib tashlangan, hadislarning ko‘pi sahih, o‘ntasi zaif ekani aytib o‘tilgan. Abul Muayyad Xorazmiy asarning yozilishiga Shomdagi ba’zi bir johillarning Abu Hanifaning musnadi yo‘qligi va kam hadis rivoyat qilgani haqidagi kamsituvchi gaplari turtki bo‘lganini ta’kidlaydi. Asar avvalida muallif Abu Hanifa shaxsiyatiga qaratilgan noo‘rin tanqidlarni zikr etib, ularning asl sabablarini ko‘rsatib bergan va imomi A’zamning tanqidga emas, balki e’tirofga loyiq zot bo‘lganini dalillar bilan yoritib o‘tgan.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalarda olimning vafot sanasi 1257 va 1267 yillar deb ko‘rsatilgan. Xayriddin Zirikliyning “al-A’lom” asarida esa uning yashab ijod etgan sanasi 1197–1257 yillar ekani zikr qilingan.

[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muratov, Mustafoyev, Yusufhojiyeva 2022, s. 40.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Muratov D, Mustafoyev D, Yusufhojiyeva S.. Movarounnahrlik o‘n muhaddis. Yangi asr avlodi, 2022 — 64 bet. ISBN 978-9943-8593-0-3.