Abul Hasan Haraqoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abul Hasan Haraqoniy
Tavalludi 937-yil
Rum
Vafoti 1033-yil
Karmana yaqinidagi Harqonrud qishlogʻi
Istiqomat joylari Buxoro
Fuqaroligi Eron
Dini islom

Abul Hasan Haraqoniy (Qalqonota, Qalqon ota; 937, Rum — 1033, Karmana yaqinidagi Harqonrud qishlogʻi) — islom dini arbobi, shayx. Xalq orasida avliyo sifatida tanilgan. Qabri Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi Qalqonota shaharchasida.

Saqlanib qolgan maʼlumotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Map
Abul Hasan Haraqoniy maqbarasi xaritada

Abul Hasan Haraqoniy 937-yil Rumda (hozirgi Turkiya hududida) tugʻilgan. Voyaga yetgach ilm olish maqsadida Buxoroga kelgan. Buxoroda shayx darajasiga erishgan[1].

Abul Hasan Haraqoniy haqida Alisher Navoiy „Nasoyim ul-muhabbat“ asarida maʼlumotlar bergan, undan tashqari, „Haqoyiq ul-Asror“ asarida u haqida maʼlumotlar yozib qoldirilgan[1].

Manbalarda keltirilishicha, 974-yilda Xatirchiga yov hujum qiladi, buni eshitgan Abul Hasan gʻazotda qatnashish uchun Hazora qishlogʻi orqali Xatirchiga yetib boradi. U yerda xalqqa yoʻl koʻrsatadi, yov bilan muzokaralar olib borib, qoʻshni qishloqlarga hujum qilmaslikka koʻndiradi. Shu tahlit dushman qoʻshini ortiga qaytib ketadi. Xalq esa Abul Hasanni „Qalqon ota“ deb hurmat qiladi. Shundan beri Harqonrud qishlogʻining nomi Qalqonota deb atalgan[2].

Abul Hasanga qishloqning tabiati yoqib qoladi va u umrining soʻngiga qadar Harqonrud (Qalqonota) qishlogʻida yashaydi[3] va „Haraqoniy“ tahallusini oladi.

Abul Hasan Haraqoniy 1033-yilda Harqonrud qishlogʻida vafot etgan. U yerdagi Harqonrud arigʻining shimoliy tomonidagi qirda dafn etilgan[3].

Xotira[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abul Hasan Haraqoniy maqbarasi

Abul Hasan Haraqoniy xalq orasida avliyo sifatida nom qozongan. Haraqoniy yashagan Harqonrud qishlogʻi uning sharafiga Qalqonota nomini olgan, hozirgacha shunday ataladi. Uning qabri joylashgan joy „Qalqonota qabristoni“ deb nomlanadi. Haraqoniy qabri 2x8 m li sagʻanaga aylantirilib, uning ustiga 6x10 m hajmli maqbara qurilgan[3].

Qalqonota qishlogʻida Haraqoniy sharafiga Abul Hasan Haraqoniy jomeʼ masjidi ham qurilgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Zaripov, Shernazar 2021, s. 76.
  2. Zaripov, Shernazar 2021, s. 76—77.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Zaripov, Shernazar 2021, s. 77.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Azamat Zaripov, Shoyim Shernazar. Karmana kechmishi. Toshkent: Sahhof, 2021 — 192 bet. ISBN 978-9943-6665-8-0.