Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy
Asl ismi Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy
Tavalludi X asr
Abivard
Vafoti taxminan 970—980-yillar
Abivard
Fuqaroligi Somoniylar davlati
Yoʻnalish she'riyat
Janr madhiya, marsiya, qasida, hajv

Abu Nasr ibn Huzaym al-Huzaymiy (X asr) — somoniylar hukmdorlari saroyida xizmat qilgan arabiynavis shoir.

Tarjimayi holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Mansur as-Saolibiyning „Yatimat ud-dahr“ tazkirasida qayd etilgan ma’lumotlarga qaraganda, al-Huzaymiy Abivard shahridan bo‘lib, ko‘zga ko‘ringan shoir va adib bo‘lgan. U „Mahosin ash-she’r va ahosin al-mahosin“ („She’riyat go‘zalligi va go‘zallar go‘zali“) asarining muallifidir.

Al-Huzaymiy ko‘p yillar Buxoroda amir saroyida xizmat qiladi[1] va bu shahar yodgorliklarini o‘rganadi, keyin ona yurti Abivardga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashaydi. Uning she’rlari Buxoro va Abivardda devonga to‘plangan. Al-Huzaymiyning shoir Iskofiyga atab yozgan madhiyasi, amir Abdulmalik (954—961) vafoti munosabati bilan yozilgan marsiya va vazir Abu Ali al-Bal’amiyga (960—974) bag‘ishlangan qasidasi 960-yillarda, ya’ni uning ijodi gullagan davrda yozilganini ko‘rsatadi. Bir she’rida shoir 56 yoshda ekanligini yozadi. Demak, u bundan ham ko‘proq yashagan. Uning vafot etgan yili taxminan 970—980-yillar[2].

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bizgacha Al-Huzaymiyning birorta asari yetib kelmagan. „Yatimat ud-dahr“ga kiritilgan ayrim namunalar al-Huzaymiyning qasida, hajv va vasfiy she’rlaridan olingan parchalardir.

Somoniylar davri she’riyatida qishloq xo‘jaligi, yer va yerni ishlash masalalariga bag‘ishlangan she’rlarni deyarli uchratmaymiz. Bu xususda al-Huzaymiyning bir parcha yeri haqida yozgan she’rini eslatib o‘tish mumkin. Shoir bunda yerning inson va uning hayoti uchun qanchalik ahamiyatga ega ekanligini to‘g‘ri ifodalab bergan. Al-Huzaymiy yana bir she’rida hayotidan nolib, o‘z taqdiridan shikoyat qiladi. Turmush mashaqqatlaridan qutulish yo‘lini topolmagan shoir ruhiy tushkunlikka uchraydi. Taqdir bevafoligidan qutulish uchun uyda o‘tirib, o‘z or-nomusini saqlash bilan shug‘ullanish kerak, degan xulosaga keladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Абдуллаев И. Абу Мансур ас-Саолибий. Тошкент: Ўзбекистон, 1992 — 50 bet. 
  2. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 46 bet.