Abu Mansur al-Bo‘shanjiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Mansur al-Bo‘shanjiy
Tavalludi maʼlum emas (X asr)
Bo‘shanj shahri
Vafoti maʼlum emas
Ijod qilgan tillari arab
Fuqaroligi Somoniylar davlati
Yoʻnalish sheʼriyat
Janr hajviya

Abu Mansur al-Bo‘shanjiy (X asr) — Somoniylar davrida Buxoroda yashab ijod qilgan arabiynavis shoir, hajvchi.

Hayoti va faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Mansur al-Bo‘shanjiyning tarjimayi holiga oid ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan. Nisbasining ko‘rsatishicha, u asli bo‘shanjlik bo‘lib[1], boshpana izlab Buxoroga kelib qolgan (Bo‘shanj — Afg‘onistonda Hirotdan 10 tosh masofada joylashgan qadimiy shahar). Shoirning ayrim she’rlari Abu Mansur as-Saolibiyning „Yatimat ad-dahr“ tazkirasi tufayli bizgacha yetib kelgan bo‘lib, ular X asrning ikkinchi yarmida hokimiyat tepasida turgan somoniy vazirlari va boshqa amaldorlarga qarshi yozilgan hajvlardir.

X asr oxiriga kelib somoniylar sulolasi sekin-asta inqirozga yuz tuta boshladi. Turklar, ayniqsa, g‘aznaviylar davlatining asoschisi Sabukteginning ta’siri kuchaya bordi. Bu hol o‘zaro taxt uchun kurash va vazirlarning tez almashinib turishiga sababchi bo‘ldi. Abu Ali al-Bal’amiyning ikkinchi vazirligidan (992—996) keyin Abu Muzaffar Bar’ashiy (996—998) vazir bo‘ldi. Undan keyin vazirlik qilgan Abul Qosim al-Barmakiy (998) esa bir necha oydan keyin turklar tomonidan qatl etildi. Mana bu o‘zaro janjal va taxt uchun kurashlarning butun og‘irligi mehnatkash xalq ommasi ustiga tushadi. Xalq orasida norozilik kuchayadi. Buning jonli guvohi sifatida al-Bo‘shanjiy yozgan hajvlarni keltirish mumkin[2].

Hajvlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Yatimat ad-dahr“ tazkirasida keltirilgan hajvlaridan birida Somoniylar davlatining X asr ikkinchi yarmida faoliyat yuritgan vazirlari: Abu Ali al-Bal’amiy (960—974 va 992—996); Abu Ja’far al-Utbiy (956—959) va Abu Mansur Yusuf (959—960) nomlarini tilga olgan. Shoir bu uch vazirdan unga biror dinor foyda bo‘lmagani, shu sababli ham ularning tuproq ostida yotgani, halokatidan sira qayg‘urmasligini yozgan. Yana bir hajvida esa somoniylar sulolasi vazirlaridan Abdulloh ibn Uzayr (986—987); Abu Ali ibn Iso ad-Domg‘oniy (987—992) va Abu Ahmad ibn Abu Zayd (987) nomlarini qayd etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Абу Мансур Абдулмалик ибн Муҳаммад ас-Саолибий. Татиммат ал-Йатима („Йатимат ад-даҳр“ тўртинчи қисмининг қўшимчаси). Тошкент: Фан, 1990 — 199 bet. 
  2. Абдуллаев И. Бухоронинг арабийнавис шоирлари. Тошкент: Фан, 1965 — 50 bet.