Abdurrahmon ibn Zayd

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurrahmon ibn Zayd ibn al-Xattob al-Qurashiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi milodiy 626-yil (hijriy 5-yil)
Vafoti milodiy 690-yil (hijriy 71-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi sahoba

Abdurrahmon ibn Zayd (arabcha: عبد الرحمن بن زید — Abdurrahmon ibn Zayd ibn al-Xattob al-Qurashiy, 5/626 — Makka — 71/690) — sahoba.

Oilasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yosh sahobalardan bo‘lgan Abdurrahmon ibn Zayd Umarning ukasi Zayd­ning o‘g‘lidir. Ona tomonidan bobosi Abu Luboba uni Payg‘ambarning huzurlariga olib borgan. Payg‘ambar Abdurrahmon ibn Zaydning tanglayini ko‘targanlar va uning haqqiga baraka tilab duo qilganlar. Uzun bo‘yli va xushsurat yigit bo‘lib yetishgan Abdurrahmon ibn Zaydni Umar ukasi Zaydga o‘xshash bo‘lgani uchun juda ham yaxshi ko‘rardi. Shu bois uni qizi Fotima bilan nikohlab, o‘ziga kuyov qilgan. Umar xalifalik davrida farzandli bo‘lgan, unga Muhammad deb ism qo‘ygan. Umar bir kishi Abdurrahmon ibn Zaydning o‘g‘li Muhammadni haqorat qilayotganini eshitib, „Men tirikligimda hech kim seni Muhammad deb chaqirmaydi“, deb ismini Abdulhamid deb o‘zgartirgan. Abdurrahmon ibn Zayd Yazid ibn Muoviya tomonidan Makka hokimligiga tayinlangan va uzoq muddat bu vazifada faoliyat olib borgan. Biroq Abdulloh ibn Zubayrning tarafdori ekani maʼlum bo‘lgach, vazifasidan ozod etilgan.

Hadislari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Payg‘ambar vafot etganlarida Abdurrahmon ibn Zayd olti yoshda bo‘lgan. Shuning uchun u Payg‘ambardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hadis rivoyat qilmagan. Hadislarni ko‘proq otasi, amakisi Umar, Ibn Mas’ud va boshqa sahobalardan rivoyat qilgan. Uning o‘zidan o‘g‘li Abdulhamid, al-Husayn ibn Horis al-Jadaliy va Solim ibn Abdullohlar rivoyat qilganlar.

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdurrahmon ibn Zayd Abdulloh ibn Zubayr davrida Makkada vafot etgan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ibn Saʼd. At-Tabaqāt al-kubrā. — Bayrut: 1388/1968. V, 49-51;
  2. Imom an-Nasoiy. Siyām. 8;
  3. Ibn Abdulbar. Al-Istӣ’āb. — Qohira: 1328. II, 425;
  4. Ibn al-Asir. Usd al-g‘āba. — Qohira: 1285-87. III, 450;
  5. Ibn Hajar. Al-Isāba. — Qohira: 1328. III, 69.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.