Kontent qismiga oʻtish

Abdulvahhob ibn Axmad

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shaʼroniy (yoki ash-Shaʼroviy), Abdulvahhob ibn Axmad—misrlik mashhur soʻfiy va ilohiyotchi.

Saqiyat — Abu Shaʼra qishlog‘ida 1493-yilda tug‘ilgan, o‘z shajarasini (asossiz ravishda) Ziyoniylar sulolasidan chiqqan Tlemsen hukmdorlariga, ular orqali alaviy Muhammad ibn al-Hanafiyaga bog‘lagan. Qohirada yashab, ijod etgan. Shofi’iylik fiqhini u Misrning atoqli faqihi Zakariyo al-Ansoriydan o‘rgangan. Ibn Arabiy qarashlari unga katta taʼsir ko‘rsatgan. Qohirada Shaʼroniy soʻfiy vaʼzxon sifatida tezda shuhrat qozongan, tarafdorlari ko‘paygan. Badavlat qozi Abdulqodir al-Mag‘oziliy unga atab madrasa kurdirgan va vaqf sifatida bir qancha yer mulklari ajratib bergan. Shaʼroniy va uning avlodlari undan merosiy foydalanish huquqini olganlar. Shu tufayli Shaʼroniy ko‘p xayr-u sadaqalar qilgan, kambag‘allar, mayib-majruhlar, shuningdek, ko‘p sonli muridlarini boqqan, bular uning shuhrati yanada ortishiga sabab bo‘lgan. Shaʼroniy 1565-yilda vafot etadi. 1774-yilda uning sag‘anasi ustiga uning nomi bilan ataladigan masjid bunyod etilgan, u hozir ham saqlangan. Masjid joylashgan ko‘cha va yaqin atrofdagi mavze ham uning nomi bilan ataladi.

Shaʼroniy hadis, fiqh, soʻfiylik va boshqalarga oid 60 dan ziyod asar yozgan.Ibn Arabiyning kuchli taʼsiriga qaramay, Shaʼroniy uning vahdat al-vujud taʼlimotini qabul qilmagan.U „maʼrifatli“ soʻfiylik tarafdori bo‘lib, fiqh va islom aqidalarini chuqur bilish har bir soʻfiy uchun shart deb hisoblagan.U tavakkulni bir taraflama -har bir ishni Allohning irodasiga tashlab qo‘yishni, bu bilan „qashshoqlikda kun kechiruvchi bekorchilar va tekinxo‘rlarni“ soʻfiylikda ortib borishiga qarshi chiqqan.Fiqh sohasida Shaʼroniy mezon nazariyasini ishlab chiqqan, unga ko‘ra, islomdagi 4 asosiy mazhab o‘rtasidagi ixtiloflar asosan shariat qoidalariga amal qilishga oid.Shaʼroniy fikrig ko‘ra, barcha mazhab asoschilari haq bo‘lib, diniy qonun negazida sobitqadam bo‘lganlar. Ular o‘rtasidagi farq faqatgana shariatning u yoki bu qoidasini „murakkablashtirish“ (tashdid) yoki „engillashtirish“ (taxfif)dan iborat bo‘lgan.

  • Husniddinov, Zuhriddin. Islom ensiklopediyasi. Toshkent: „O’zbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.