Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti
| Manzili |
О‘zbekiston Respublikasi Toshkent sh. Mirzo Ulug'bek tumani, Yalang'och dahasi 127 "A" uy. 100164 |
|---|---|
| Veb-sayti | dsmi.uz |
O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti, professional taʼlim sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi, davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan, bitiruvchilarga oliy taʼlimning 2 bosqichi (bakalavriat va magistratura) bo‘yicha diplom bera oladigan davlat tasarrufidagi oliy оʻquv yurtidir.
Institut Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yilning 4-iyundagi PQ-1771 sonli qaroriga [1] asosan Toshkent davlat madaniyat instituti va O‘zbekiston davlat sanʼat instituti negizida tashkil etilgan.
Institut madaniyat va sanʼat sohasiga bevosita aloqador bo‘lgan bir qancha tor mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlovchi o‘ziga xos oliy maʼlim muassasasi hisoblanadi. O‘quv yurtida taʼlim berish jarayonida fan va sanʼat, ijodiy faoliyat va amaliy texnologiyalar uygʻunlashgan holda olib boriladi. Institutning 4 fakulteti va 21 kafedrasida talabalar taʼlimning 26 ta yo‘nalishi va 19 mutaxassisligi bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida tahsil oladilar. Institut aktyorlik mahorati va rejissura, sanʼatshunoslik va teatrshunoslik, ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati, xalq ijodiyoti, madaniyat va sanʼat muassasalarini boshqaruv, kutubxona-axborot faoliyati kabi soha mutaxassislarini tayyorlaydi.
Bugungi kunda institutda 5380 dan ortiq talaba bakalavr taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha tahsil olyapti. Ularga amalda meyoriy-huquqiy hujjatlar asosida stipendiyalar beriladi, ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Mazkur oliy o‘quv yurtining ilmiy salohiyati yillar kesimida o‘sib borayotganligini ko‘rish mumkin. Bugungi kunda institutda faoliyat yuritayotgan 336 nafar professor-o‘qituvchining 52 nafari fan doktori, professor, 93 nafari fan nomzodi, dotsent hamda faxriy unvonlar bilan taqdirlangan 40 dan ortiq pedagog taʼlimning yuqori darajada bo‘lishini taʼminlab kelmoqda.
OʻzDSMI Markaziy Osiyo va xorijdagi yetakchi taʼlim muassasalari bilan hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirish tarafdoridir. Institut 60 ga yaqin xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari va memorandumlar imzolagan.
Zamonaviy axborot texnologiyalari taʼlim jarayonida faol qo‘llanmoqda, multimediyali texnika va dasturiy vositalaridan foydalanilmoqda. O‘quv jarayoni madaniyat muassasalari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Institut hayotida badiiy-ijodiy faoliyat muhim o‘rin tutadi. Institutda tashkil etilgan talabalarning ko‘plab ijodiy jamoalari turli festival va tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
Institutda nashr etilayotgan "O‘zDSMI xabarlari" ilmiy, amaliy jurnali va "Ijodiy parvoz" gazetasi sahifalarida professor-o‘qituvchilar va talabalarning maqolalari chop etilib borilmoqda.
Talaba va professor-o‘qituvchilar institutning boy axborot-resurs markazidan foydalanib kelmoqdalar. Unda 100 mingdan ziyod adabiyot mavjud. ARM fondida institut professional faoliyatiga doir bo‘lgan nodir va kamyob nashrlar ham mavjud. Institutda elektron taʼlim resurslarini yaratish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.
Institut qoshida pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi faoliyat yuritmoqda. Markazning maqsadi sanʼat va madaniyat sohasidagi o‘rta-maxsus va oliy o‘quv yurtlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishdir.
Yangi binolarning qad ko‘tarishi va eski o‘quv binolarining taʼmirlanishi natijasida institut o‘ziga xos o‘quv shaharchasiga ega bo‘ldi. Shaharcha hududida ijodiy ustaxonalar, o‘quv teatri va axborot-resurs markazi qad koʻtardi. Bundan tashqari institut hududida o‘quv binosi, institut maʼmuriyati binosi, sport majmuasi, yopiq suzish havzasi, ochiq sport maydonchalari, 2 ta 1 va 2-sonli Talabalar turar joylari joylashgan. 2022-2023-o‘quv yillarida yotoqxona bilan qamrab olinmagan institut talabalariga gʻamhoʻrlik qilish va yotoqxonaga muhtoj yotoqxona boʻgan talabalarni koʻproq yotoqxona bilan qamrab olish chora-tadbirlari doirasida institut rektorining tashabbusi bilan 1 va 2-sonli Talabalar turar joylarida 1 oʻrinli krovatlarni 2 oʻrinli krovatlarga almashtirilishi hisobiga qoʻshimcha 200 tadan ortiq yotoq oʻrnlari yaratilishi hisobiga hozirgi kunda 768 ta talaba yotoqxona bilan taʼminlangan. Birinchi navbatda yotoqxonaga muhtoj mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, chin yetim, boquychisini yoʻqotgan, kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar joylashtirilgan hamda boshqa talabalar ham yotqxona bilan taʼminlandilar.
O‘zbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti taʼlimning anʼanaviy va innovatsion uslublarini mohirona qo‘llab kelayotgan, faol rivojlanayotgan navqiron oliy o‘quv yurtidir.
Oʻzbekiston xalq artistlari F. Zokirov, O. Otajonov, N. Abdullayeva, M. Toʻxtasinov, R. Sultonova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Gʻ. Boytoyev, F. Solihova va boshqa institutda taʼlim olgan.[2]