Xoqon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xoqon, qagʻan, qoon — Markaziy Osiyolik ayrim xalqlarda, shu jumladan, turkiy xalqlarda hukmdorlarning eng oliy unvoni. Ushbu unvon imperator, shahanshoh unvonlari bilan teng maʼnoni bildirgan.

Mil. av. 1-a.dan to soʻnggi oʻrta asrlargacha Markaziy Osiyo, Shim. Xitoy, Shim. Kavkaz, Jan. Rossiya, Sharqiy Yevropa, Eron, Hindiston va b. oʻlkalarda hukm surgan turkiy sulolalar aksariyatida hukmronlar uchun qoʻllangan. Dastlab mil. av. 1-a.da Osiyo hunlarida koʻringan ushbu unvon Yevropa hunlari — gunnlar, syanbilar, tabgʻach (kelib chiqishi turkiy boʻlgan Xitoydagi Shim. Vey sulolasi), eftaliylar, Avar xoqonligi (Sharkdy Yevropada), Turk xoqonligi, Xazar xoqonligi, Uygʻur xoqonligi davlatlarida mavjud boʻlgan. Keyinchalik, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Temuriylar, Usmoniylar davlatlarida ham yuksak unvon sifatida qoʻllanilgan. Bundan tashqari, ushbu unvon turkiylar bilan qoʻshni boʻlgan boshqa xalqlarda: slavyanlarda (Kiyev Rusi davlati), moʻgʻullar (Chingizxon imperiyasi)da ham ishlatilgan (yana q. Xon). Ayniqsa, Turk xoqonligi davrida oliy hukmdor sifatida davlat tepasida X.lar turgan. Bu davrga taalluqli qad. turkiy, xitoy, yunon, arman, suryoniy, sugʻdiy, baqtriy, tibet tilidagi manbalarda turk X.lari haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Xitoy yilnomalarida X.larning taxtga chiqish marosimi haqida keng tafsilotlar berilgan. Jumladan, X. boʻladigan shaxs oq kigiz ustiga oʻtirgʻizilib, 9 kishi tomonidan yuqoriga koʻtarilgan holda oʻtov (chodir)ning atrofida quyosh yoʻnalishida 9 marotaba aylantirilgan. Soʻngra esa ipak roʻmol bilan tomogʻi siqilib, undan qancha yil hukmdor boʻlishi soʻralgan, ogʻzidan chiqqan birinchi tovush yoki soʻzga qarab, uning qancha muddat hukm surishi tayin kilingan. Shunga oʻxshash maʼlumotlar yunon, arab, fors, turkiy manbalarda ham saqlanib qolgan.

Turk xoqonligi davrida, jumladan, 6—8-a.larda Markaziy Osiyoning bir qancha oʻlkalarida; Toxariston, Sugʻd, Fargʻona, Choch, Yettisuvda "xoqon" unvoni bilan tangalar chiqarilgan.

Ld.:Bichurin N.Ya., Sobraniye svedeniy o narodax obitavshix v Sredney Azii v drevniye vremena, t. 1—3, M.—L., 1950—1953.

Gʻaybulla Boboyorov.