Thomas Mayne Reid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Thomas Mayne Reid
Tavalludi 4-aprel 1818-yil
Vafoti 22-oktyabr 1883-yil(1883-10-22)
(65 yoshda)
Ijod qilgan tillari Ingliz tili[1]
Fuqaroligi United Kingdom of Great Britain and Ireland va AQSh
Janr Sarguzasht

Thomas Mayne Reid (talaffuzi: Tomas Mayn Rid) (4-aprel, 1818 — 22-oktyabr, 1883) — irland-amerika yozuvchisi. Mayne Reid Robert Louis Stevensonning romanlariga oʻxshagan sarguzshat asarlar yozgan. Thomas Mayne Reidning koʻp asarlari, shu jumladan „Oq tanli sardor“ va „Kanizak“ romanlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Thomas Mayne Reidning laqabi „Kapitan Reid“ boʻlgan.[2]

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mayne Reid 1838-1840-yillarda AQShda yashab, jurnalistika bilan shugʻullangan. AQShning Meksika bilan urushi (1846-1848)da qatnashgan. 1848-yil inqiloblari taʼsirida Yevropaga kelib (1849), mojar xalqining milliy ozodlik uchun kurashida ishtirok etgan.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mayne Reidning "Erkin oʻqchilar" romanida (1850) meksikaliklarning bosqinchilarga qarshi olib borgan kurashi oʻz ifodasini topdi. Shundan keyin uning AQSh janubidagi qul savdosi dahshatlari haqida hikoya qiluvchi "Kvarteronka" (1856), hindularning mustamlakachilarga qarshi olib borgan kurashlarini aks ettiruvchi "Oq tanli sardor" (1855) va "Otseola, seminollar yoʻlboshchisi" (1858) romanlari maydonga keldi.

Mayne Reid romanlarida Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlaridagi oʻsimlik va hayvonlar olamining badiiy tasviri keng oʻrin egallaydi ("Janubiy Afrika chakalakzorlarida yoki bir dehqon va uning oilasi sarguzashtlari" trilogiyasi, 1856; "Oʻsimlik ishqibozlari", "Yosh ovchilar", 1859; "Qoyaga chiquvchilar", 1864; "Jirafa ovlovchilar", 1867).

Mayne Reidning 1870-1880-yillarda yaratgan "Ajal oʻqi" (1873), "Ofat belgisi" (1876), "Gʻoyib boʻlgan togʻ" (1883) singari romanlarida avantura adabiyotining taʼsiri katta. "Boshsiz chavandoz" (1866) romani nafaqat Mayne Reidning, balki jahon sarguzasht-avantura adabiyotining mumtoz namunasi sifatida eʼtirof etilgan va koʻplab tillarga tarjima qilingan. Mazkur asarda Texas aholisi maishiy va maʼnaviy hayotining realistik manzaralari oʻzining yorqin inʼikosini topgan.

Mayne Reid romanlarida tasvirlangan ijtimoiy va maʼnaviy masalalar, irodali va matonatli qahramonlar, qiziqarli va shiddatli sujet hanuzga qadar kitobxonlar ommasini maftun etib keladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. (unspecified title)
  2. „Reid, Captain Mayne“. Northern Illinois University Libraries. 2013-yil 9-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 4-may 2012-yil.