Temurshayx qadamjosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Joylashuv Karmana, Navoiy
Bagʻishlangan Temurshayxga
Turi masjid va qabriston
Material pishiq g'isht
Meʼmoriy uslubi Markaziy Osiyo me'morchiligi
Balandligi 10 metr (masjid)
Qurila boshlagan 1890-yil (masjid)
Yopilish sanasi 1960-yil
Xarita

Temurshayx qadamjosi — Navoiy viloyati Karmana tumanida joylashgan obyekt. U Karmanadan Raboti Malikka qarab borishda yoʻl ustida joylashgan. Manbalarda yozilishicha, Temurshayx Qosimshayx Azizonning qarindoshi boʻlib, ular bir davrda yashagan. Temurshayx mashhur shayx va avliyoligidan tashqari tabib sifatida sifatida ham el orasida hurmat qozongan. Karmana hududi va unga yaqin yerlarda kasallarga shifo ulashgan. Baʼzi rivoyatlarda aytilishicha, vafot etgach qabrga qoʻyilgan shayxning qabri oldidagi tuproq ham shifobaxsh boʻlgan. Masalan temiratki kasaliga uchraganlarning kasal joyiga qabr tuprogʻidan surtilsa, tuzalib ketgan. Bu ziyoratgohdan odamlar shifo yoʻlida hali ham foydalanmoqda[1].

Temurshayx maqbarasi yuqorisiga tugʻ koʻtarilib, tugʻ ustiga „Temir qoʻl“ oʻrnatilgan[2]. Bu ramziy maʼnoni bildirib, inson qanday yashashidan qatʼi nazar ochiq qoʻl bilan dunyodan koʻz yumishini anglatgan. Baʼzilar bu tasvirni boshqa maʼnoga yoʻyadilar, yaʼni temurshayx avliyoga kim shak keltirsa, uni xudo shu qoʻl bilan uradi degan taʼrif beradilar. Bunday uslubdagi ramzlar qoʻyish Buxoro atrofidagi shayxlarga xos.

1890-yilda Temurshayx qabrining janubiy tarafida Usta Joʻra Qoʻldoshev masjid qurdirgan. Masjidning boʻyi 10 metr, eni taxminan 7-8 metr. Atrofi ayvon boʻlib, milliy uslubdagi gullar va naqshlar bilan bezatilgan. Masjidning sharqiy qismida 7 ta hujra joylashgan. Bu hujralarda mullavachchalar tahsil olgan. Masjidning janubiy tomonida beklarning hovlisi joylashgan. Karmana bekligining soʻnggi hukmdori Yovqochdibek shu uyda yashagan.

1960-yilga kelib Navoiy GRESi barpo etilishi natijasida korxona atrofidagi masjid va mozor buzib tashlangan. Bugungi kunda bu hududda faqat Temurshayx sagʻanasi va mozorning bir qismi saqlangan, xolos[3]. Temirshayx ziyoratgohi hozir qarovsiz holatda, davlat himoyasiga olinmagan. Bugungi kundagi texnik holati oʻrganib chiqilganda obidaning ochiq osmon ostidaligi, yomgʻirli va qorli kunlardan nurab ketayotganligi aniqlangan. Yaʼni taʼmirtalab holga kelib qolgan. Meʼmoriy inshootning chegarasi belgilanmagan, obyekt panjara bilan oʻralmagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. А. Ҳотамов. Кармана қадимий диёр. Toshkent O'qituvchi 2007 — 109 bet. 
  2. О.Ҳаитова. Карманалик буюк сиймолар ва муқаддас қадамжолар. Toshkent Yangi asr avlodi 2004 — 43 bet. 
  3. O. Hayitova, X.Qurbonov. Karmana tarixi. Toshkent Mashhur press 2017 — 192 bet. ISBN 978-9943-5163-5-9.