Samarqand makoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Samarqand makoni
Mamlakat Oʻzbekiston
Joy Urgut, Samarqand
Davr Soʻnggi paleolit
Yoshi 20 ming
Tadqiqotchilar D.Lev
M.Joʻraqulov
B.Botirov
Maydoni 100 kv.m
Madaniy qatlamlar 3 ta

Samarqand makoni – soʻnggi paleolit davriga oid yodgorlik (mil. av. 40—12 ming yillik). Samarqand shahrida, uncha katta boʻlmagan Chashmasiyob soyining oʻng qirgʻogʻida joylashgan. 1939-yilda N. G. Harlamov tomonidan ochilgan. Shundan soʻng turli yillar (1958-yildan 1967-yilgacha)da D.N.Lev, M.J.Joʻraqulov, B.X.Botirov, Yu.P.Xolyushkin va V.A.Xolyushkina kabi tadqiqotchilar tomonidan oʻrganilgan.

Samarqand makoni soʻnggi paleolit davrining noyob yodgorliklaridan biridir. Obyekt 1939-yilda geolog N.G.Harlamov tomonidan kashf qilingan. Samarqand shahri yaqinidagi qadimgi Siyobcha soyi atrofidan topilgan. Ikkinchi jahon urushi natijasida obyektni oʻrganish ishlari toʻxtab qolgan. 1958-yilga kelib, Vasiliy Shishkin va Yahyo Gʻulomov say-harakatlari natijasida SamDU dotsenti, arxeolog I. D. Lev boshchiligida oʻrganish ishlari boshlangan[1]. Makonda arxeologlar I. D. Lev va I.Joʻraqulov 1969—1972-yillarda qazishma ishlari olib borganlar. 2002-yili Samarqand davlat universitetining arxeologiya kafedrasi ilmiy xodimlari boshchiligida yana qazishma ishlari olib borilgan. Samarqand makoni yodgorligining madaniy qatlamidan 7,5 mingga yaqin tosh qurollar topilgan. Ularning koʻpi chaqmoqtosh, diorit, xalsedon, rogovik, amfibolit kabi tosh jinslaridan tayyorgan. Makondan turli xildagi qurollar topilgan; qirgʻichlar, sixlar, pichoqchalar, keskichlar, disksimon nukleuslar, uchrindilar, boltalar, ushatgichlar, yupqa paraqalar va boshqalar. Ushbu mehnat qurollarining koʻpchiligi hayvon terisini oshlash uchun ishlatilgan[1].

2002-yilda Galina Korobkova obyektdan topilgan tosh qurollarning oʻziga xos jihatlarini oʻrgangan. Ulardan, oʻzaklardan ajratib olingan tosh paraqalardan turli qurollar sifatida ishlatilgan. Tosh qurollarga dagʻal kertish usuli yordamida ishlov berilgan. Toshlar va suyaklardan sanchqilar yasalgan. Bu hududda kishilarning baliqchilik sohasi bilan shugʻullanganliklaridan dalolat beradi. Soʻnggi paleolitga oid 3 ta – yuqori, oʻrta va quyi madaniy qatlamlar aniqlangan. Ushbu madaniy qatlamlardan gulxan qoldigʻi, kul, hayvonlarning suyaklari, tabiiy boʻyoq (ohra), oʻsimlik va chayla ustunlari qoldiqlari topilgan. Samarqand yodgorligi makonining maydoni 100 kv m, toʻgʻri toʻrtburchak shaklida barpo etilgan.

Arxeolog D.N.Lev yodgorlikni 30—35 ming yilliklarga oid deb baholagan[2]. Ammo soʻnggi tadqiqotlar natijasida uning yoshini 20 ming yilga tegishli ekanligi aniqlangan[3].

Samarqand makoni yodgorligidan kromanyon odamlarining suyak qoldiqlari topilgan. Antropologlar suyak qoldiqlari 25 va 35 yoshli ayollarniki ekanligini aniqladilar. Shuningdek, makondan yosh bolaning oziq tishi, pastki jagʻ suyagi ham topilgan. Samarqand makonidan ibtidoiy odam tomonidan 5 ta maxsus belgi chizilgan hayvon qovurgʻasi qoldigʻi, maxsus teshikli dengiz chigʻanogʻi topilgan. Dengiz chigʻanogʻi zeb—ziynat buyumi boʻlib, Hind okeani, Qizil dengiz va Fors qoʻltigʻi hududlarida uchraydi. Samarqand makonidan chigʻanoqning topilishi hududda yashagan aholi bilan Hind okeani sohillarida yashovchi qabilalar oʻrtasida madaniy aloqa borligidan dalolat beradi. Bundan tashqari 20dan ortiq ayollar buyumlari ham topilgan[3].

Makondan topilgan topilmalar natijasida aholining, asosan, ovchilik bilan shugʻullanganligi aniqlangan. Nayza oʻq uchlari, asosan, tosh va suyakdan, qisman yogʻochdan ishlangan. Samarqand makoni jamoa xoʻjaligida yogʻoch va suyakni qayta ishlash hamda tosh qurollar tayyorlash muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Tosh, suyak va chigʻanoqdan taqinchoqlar yasashgan. Makonda hunarmandchilik bilan shugʻullanish uchun maxsus maydon boʻlgan. Tosh qurollar yasash uchun xom ashyo Choʻponotadan keltirilgan. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning asosi boʻlgan mehnat qurollari asta-sekinlik bilan takomillashib borgan. Makondagi har uchala qatlamdan topilgan topilmalar shundan dalolat beradi[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Jo'raqulov, M (2011). „Samarqand vohasining ibtidoiy madaniyat tarixi sahifasi“ (PDF). O'zbekiston arxeologiyasi. 5-bet.
  2. Лев, Н. Поселение древнекаменного века в Самарканде. Исследование 1958-1959-гг. Труды СамГУ Самарканд 1964 — 109 bet. 
  3. 3,0 3,1 Egamberdiyeva N. Arxeologiya. Toshkent, Fan va texnologiya, 2011 — 34 bet. ISBN 978-9943-10-465-5. 
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil