Pareydoliya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Mars sirtidagi yassi togʻ bir burchakdan qaralganda odam yuzini eslatadi. Boshqa burchaklardan qaralganda esa bunday illuziya kuzatilmaydi.

Pareydoliya (yun. παρά, para — „yonida“, „oʻrniga“; εἴδωλον, eidolon — „shakl“, „surat“) psixologik fenomen boʻlib, noaniq shakl, tasvir yoki tovushlar orasida tanish belgilar uchratishda namoyon boʻladi. Pareydoliyaga bulutlarda turli hayvon yoki yuzlar koʻrish, gramplastinkalarni teskari oʻynaganda xuddi yashirin xabarlar va shivirlashlar eshitish misol boʻladi. Pareydoliya apofeniyaning bir turidir.

Misollar[tahrir]

Diniy[tahrir]

Tabiiy jismlarda u yoki bu dinga goʻyoki aloqador tasvir va yozuvlarni tez-tez topib turishadi. Ularga asosan Iso,[1] Maryam suratlari,[2] Alloh soʻzi,[3] yoki boshqa diniy ramzlar kiradi: masalan, 2007-yil sentabrida Singapurda topilgan bir daraxtdagi kallus izlari maymunga oʻxshash ekanligini koʻrgan dindorlar buni „Maymun xudo“ (Sun Vukong yoki Hanuman) karomati, deb ovoza qilishdi.[4]

Diniy belgilar atrofidagi shov-shuvlar ularning bozorda pullanishiga olib keldi. Masalan, eBay internet-kimoshdisida goʻyoki Maryam yuzi namoyon boʻlgan sendvich $28 mingga sotildi.[5]

Qazilmalar[tahrir]

1970-yillar oxiridan 1980-yillar boshlarigacha yapon tadqiqotchisi Chonosuke Okamura „Okamura Qazilma Laboratoriyasi Bayonoti“ nomi ostida bayonotlar tizmasini oʻz hisobidan chop etib kelgan. Bu bayonotlarda u Silur davriga (425 mln yil avval) oid bir toshni oʻrgangani, unda mitti odam, it, ajdar va boshqa organizmlarni goʻyoki topganini yozgan (aslida bu izlar tosh yoriqlari va aralashmalari edi), „Silur davridan beri odam oʻzgarmagan… faqatgina 3,5 mm dan 1,7 metrgacha kattalashgan,“ degan xulosaga kelgan.[6][7] Okamura'ning bu tadqiqoti jiddiy olimlar tomonidan mazax qilinib, unga Ig Nobel mukofoti (Nobel mukofoti parodiyasi) keltirdi.[8]

Psixologik test[tahrir]

Asosiy maqola: Rorschach testi.

Rorschach testi pareydoliya orqali shaxsning ruhiy holatini aniqlashga urinadi. Bu testlarda „yoʻnaltirilgan pareydoliya“ ishlatiladi, chunki test tasvirlari atayin hech nimaga oʻxshamaydigan qilib chizilgan.[1]

Elektron ovoz fenomeni[tahrir]

Konstantīns Raudive 1971-yili yozgan Breakthrough nomli ishida vafot etganlar ovozini magnitofon tasmasiga yozib olganini iddao etadi. Buni u elektron ovoz fenomeni (EOF) deb nomlaydi. EOF tovush pareydoliyasi, deb izohlangan.[1]

Izohlar[tahrir]

Ushbu tasvir haqiqiy yuzga oʻxshamasa-da, koʻpchilik unda darhol yuzni koʻradi.

Carl Sagan gipotezasiga koʻra pareydoliya odam yuzini taniy bilish refleksiga bogʻliq. Evolutsiya natijasida odamlar biror aftni tanish uchun minimal qismlarga eʼtibor berishi instinkti rivojlangan, lekin buning boshqa samaralari aslida chehra boʻlmagan jismlarda ham yuz topishga olib keladi.[9] Yuzlarni ajrata bilish doʻst-dushmanni farqlash uchun kerak. Ushbu evolutsiyaviy bosim pareydoliyani ham keltirib chiqargan.[10]

Manbalar[tahrir]

  1. 1,0 1,1 1,2 Zusne, Leonard; Warren H. Jones (1989). Anomalistic Psychology: A Study of Magical Thinking. Lawrence Erlbaum Associates, 77–79. ISBN 0-8058-0508-7. Retrieved on 2007-04-06. 
  2. NY Times: "In New Jersey, a Knot in a Tree Trunk Draws the Faithful and the Skeptical" July 23, 2012
  3. Ibrahim, Yahaya (2011-01-02). "In Maiduguri, a tree with engraved name of God turns spot to a Mecca of sorts". Sunday Trust (Media Trust Limited, Abuja). http://sundaytrust.com.ng/index.php?option=com_content&view=article&id=5698:in-maiduguri-a-tree-with-engraved-name-of-god-turns-spot-to-a-mecca-of-sorts&catid=17:community-news-kanem-trust&Itemid=28. Qaraldi: 2012-03-21. 
  4. Ng Hui Hui (13 September 2007). "Monkey See, Monkey Do?". The New Paper. pp. 12–13. http://newpaper.asia1.com.sg/printfriendly/0,4139,141806,00.html. [sayt ishlamaydi]
  5. "'Virgin Mary' toast fetches $28,000". BBC News. 23 November 2004. http://news.bbc.co.uk/2/hi/americas/4034787.stm. Qaraldi: 2006-10-27. 
  6. Spamer, E.. Chonosuke Okamura, Visionary. Academy of Natural Sciences. archived at Improbable Research
  7. Berenbaum, May (2009). The earwig's tail: a modern bestiary of multi-legged legends. Harvard University Press, 72–73. ISBN 0-674-03540-2. 
  8. Marc Abrahams (2004-03-16). "Tiny tall tales: Marc Abrahams uncovers the minute, but astonishing, evidence of our fossilised past". London: The Guardian. http://www.guardian.co.uk/education/2004/mar/16/highereducation.research. 
  9. Sagan, Carl (1995). The Demon-Haunted World - Science as a Candle in the Dark. New York: Random House. ISBN 0-394-53512-X. 
  10. Svoboda, Elizabeth (2007-02-13). "Facial Recognition - Brain - Faces, Faces Everywhere". The New York Times (New York Times). http://www.nytimes.com/2007/02/13/health/psychology/13face.html. Qaraldi: July 3, 2010. 

Havolalar[tahrir]