Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi faqih

Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniy (vaf. XIII asr) — faqih.

Abulfath Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn ibn Ahmad Majduddin Ustrushaniy XII asrning oxiri va XIII asrning birinchi yarmida Movarounnahrda yashab, fiqh ilmining rivojiga munosib hissa qoʻshgan allomalardan biridir. Olim Ustrushanada tugʻilib, keyin oilasi bilan Samarqandga koʻchib oʻtadi va shu yerda ijodiy faoliyat olib boradi. Ustrushaniyning hayotlik davri Samarqand fiqh maktabi rivojining soʻnggi davri va moʻgʻullar istilosining dastlabki bosqichiga toʻgʻri keladi[1]. Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning ilmiy merosini oʻrganish orqali moʻgʻullar isti­lo­sidan keyingi dastlabki yillar jamiyatda faqihlarning oʻrnini belgilashga taalluqli masalalarga oydinlik kiritishga imkon yarati­ladi. Sharq musulmon mamlakatlarida tasnif etil­gan tabaqot turkumidagi manbalarda Muham­mad ibn Mahmud Majduddin Ustrushaniy ilmiy-maʼnaviy merosi haqida umumiy maʼlumot berib oʻtilgan. Jumladan, Abulvafo Qurashiy (vaf. 1373 y.), Hoji Xalifa (vaf. 1657 y.), Abdulhay Laknaviy (vaf. 1886 y.) va Xayruddin Zirikliy (1898—1976) kabi biograflar asarlarida Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning tarjimai holi va uning ikki asari haqida maʼlumotlar keltirilgan. Turkiyalik Ahmed Uzel oʻz tadqiqotida Muham­mad ibn Mahmud Ustrushaniy ilmiy merosi toʻgʻrisidagi qisqa maʼlumotlarni bayon etgan. Yana bir turkiyalik olim Xolit Unal esa Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning qisqacha tarjimai holi va uning „Al-fatovo“ („Fatvolar“) asari boʻyicha dastlabki maʼlumotlarni keltirgan. Xorijiy Sharq musulmon mamlakatlari zamo­na­viy tadqiqotchilari Abdulhamid Abdul­xoliq Bayzaliy, Abu Musab Badriy hamda Mahmud Abdurrahmon Abdulmunim kabilar Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning „Jomiʼ ahkomi-s-sigʻor“ („Kichik hukmlar toʻplami“) asarini yangidan nashr qilganlar. Saudiyalik Fahd ibn Nosir ibn Farroj Faridiy, Abdurrahmon ibn Usmon Murshid, Sulaymon Xamis kabi tadqiqotchilar allomaningKitobu-l-fusul“ („Fasllar kitobi“) asari asosida tadqiqot ishi olib borganlar. Tadqiqotchi A. Moʻminov oʻzining nomzodlik dissertatsiyasida Muhammad ibn Mahmud Ustrusha­niyning ilmiy merosiga qisqacha toʻxtalib oʻtgan. Ammo yuqorida zikr etilgan ishlarda Muham­mad ibn Mahmud Ustrushaniyning hayoti va uning ilmiy merosi kompleks ravishda tadqiq qilinmagan. Ularning izlanishlarida allomaning ismi­gi­na taʼkidlab oʻtilgan boʻlib, ularning bosh ilmiy maqsadi Majduddin Ustrushaniyning asari matnini nashr etishdan iborat boʻlgan. Karl Brokkelman Muqammad ibn Mahmud Ustrushaniyning ilmiy merosi haqida umumiy tarzdagi muxtasar maʼlumotlarni keltirish bilan kifoyalangan, xolos. Tadqiqot jarayonida olimning OʻzR FA ShI saqlanayotgan qoʻlyozmalardan birida uning zamona ilmiy jamoatchiligi eʼtiboridan chetda qolib kelayotgan „Al-asʼila va-l-ajviba“ („Savollar va javoblar“) asari mavjudligi aniqlandi. Bu asar hanuzgacha hech bir tabaqot janriga oid asarlarda qayd etilmagan. Mavjud manba va tadqiqotlarda Majduddin Ustrushaniy 632/1234-35 yilda vafot etgan, deb qayd etilib, tugʻilgan yili esa zikr etilmagan edi. Ammo olimning oʻzi „Al-asʼila va-l-ajvibaasarining xotima qismida shunday yozgan: „…Lekin kunlar 60 yoshli oqsok, kampir singari oʻz yopinchigʻiga oʻralib, mendan yuz oʻgirib ketdi. …Kitobni tamomlash tongi hijriy 637 sananing Zulqaʼda oyining oltinchi kuni peshindan oldinroq yorishdi“. Agar mazkur axborot inobatga olinsa, olim hijriy 637/1240-yilda hali hayot, yoshi esa 60 da boʻlgani haqida xulosa chiqarish mumkin. Demak, Majduddin Ustrushaniyning boshqa mavjud manbalarda koʻrsatilgan 632/1234-35 yildagi vafoti notoʻgʻri boʻlib chiqadi. Agarda olim ushbu asarini 637/1240-yil 28-mayda 60 yoshida tugatgan boʻlsa, demak, uning tugʻilgan sanasini 577/1180-yil atrofida deb faraz qilish mumkin. Yaʼni asar yozib tugatilgan sanadan 60 yoshni chegirib tashlansa, olimning tugʻilgan yili oydinlashadi. Ammo olimning vafot sanasi nomaʼlumligicha qolmoqda. Yuqoridagi maʼlumotlarga tayanib, alloma taxminan 637/1240-yildan soʻng vafot etgan deyishimiz mumkin[2].

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Muhammad ibn Mahmud ibn Husayn Majduddin Ustrushaniyning ilmiy-maʼnaviy merosini „Kitobu-l-fusul“ („Fasllar kitobi“), „Jomiʼ ahkomi-s-sigʻor“ („Kichik hukmlar toʻplami“), „Al-fatovo“, („Fatvolar“) „Al-quruz va-d-duyun“ („Muddatsiz va muddatli qarzlar“) va „Al-asʼila va-l-ajviba“ („Savollar va javoblar“) kabi asarlari tashkil etadi.


Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ўрта аср шарқ алломалари ва мутафаккирларининг тарихий-фалсафий мероси энциклопедияси. – Самарқанд: Имом Бухорий халқаро маркази, 2016. – Б. 398.
  2. Ўрта аср шарқ алломалари ва мутафаккирларининг тарихий-фалсафий мероси энциклопедияси. – Самарқанд: Имом Бухорий халқаро маркази, 2016. – Б. 399.