Gobi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Gobi (mongolcha gov — suvsiz joy) — 1) Markaziy Osiyodagi choʻl, chala choʻl landshaftli joylarning umumiy nomi. G.ning yer yuzasi tekis, oʻsimligi siyrak, tuprogʻi koʻpincha toshli, shoʻrlangan boʻladi, oqar suvlari boʻlmaydi. Grunt suvlaridan chorvachilikda foydalaniladi; 2) Markaziy Osiyodagi katta choʻl. Mongoliya bilan Xitoy hududida. Gʻarbda Beyshan togʻlari b-n, sharqda Katta Xingan togʻlari, shim.da Mongoliya Oltoyi va Xangay togʻlari, jan.da Nanshan va Oltintogʻ bilan chegaralanadi. Uz. 2000 km chamasida, mayd. qariyb 2 mln. km2. Koʻp qismining bal. 900—1200 m. Ayrim togʻlarning nisbiy bal. 1800 m. Qad. daryolarning quruq oʻzanlari, terrasa va vodiylarning izlari saklangan. Tektonik harakatlar davom etmoqsa. G.da toshloq, gilli, qumli, shoʻrxok joylar koʻp. Taqirlar uchraydi. Iqlimi keskin kontinental. Qishda antitsiklonlar vujudga keladi, havo ochiq boʻlib qattiq sovuq boʻladi. Yanv.ning oʻrtacha t-rasi —25°, baʼzi kunlar —40° gacha pasayadi. Iyulda 25°, baʼzan 45° gacha koʻtariladi. Yillik yogʻin Alashan G.sining shim.-gʻarbida 68 mm dan Mongoliyaning shim.-sharqida 200 mm gacha. Tuproklari kashtan, qoʻngʻir, boʻz tuproqlar. Asosiy oʻsimliklari shuvoq, chalov, shoʻra, saksovul va b. G. dasht va choʻllari asosan qoʻy boqiladigan yaylovdir. Aholi chorvachilik bilan shugʻullanadi. Dehqonchilik faqat daryo vodiylaridagina rivojlangan. Mongoliya hududida Katta Gobi qoʻriqxonasi bor.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil