Baydarka va kanoeda eshkak eshish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Baydarka va kanoeda eshkak eshishsport turi, poygalar va slalomdan iborat. Baydarka va kanoeda eshkak eshish musobaqalari 19-asrning 60-yillarida Yevropaning koʻpgina mamlakatlarida eshkakchilar klublari paydo boʻlgandan soʻng boshlandi va avval baydarkalarda, keyin kanoeda sport poygalari oʻtkaziladigan boʻldi. Xalqaro kanoe federatsiyasi (IKF, 1946 y. tashkil topgan) 54 milliy federatsiyani birlashtiradi (1991). 1936-yildan Baydarka va kanoeda eshkak eshish Olimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan, 1938-yildan jahon chempionatlari oʻtkaziladi. Baydarkalardagi musobaqalar ayollar va erkaklar oʻrtasida, kanoeda esa — faqat erkaklar oʻrtasida boʻladi. Baydarkalar bir kishilik, ikki kishilik va toʻrt kishilik, kanoe — bir kishilik va ikki kishilik. 1972-yildan baydarka va kanoeda slalom musobaqalari olimpiada musobaqalari dasturiga tajriba tariqasida kiritilgan.

Oʻzbekistonda bu sport turi havaskorlari 50-yillardan suv havzalari, anhor va daryolarda mashq qilib, musobaqalarda qatnasha boshladilar. Oʻzbekiston terma jamoasi 1996-yilgi 26-yozgi olimpiya oʻyinlarida va ayniqsa 1997-yilgi Osiyo birinchiligida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Sokchasiti (Janubiy Koreya) shahrida boʻlgan qitʼa chempionatida 12 oltin, 11 kumush, 9 bronza medali qoʻlga kiritilib, birinchi oʻrin egallandi. Jamoa muvaffaqiyatiga xalqaro sport ustalari aka-uka S. va V. Shoislomovlar (kanoe), D. Kovalenko (kanoe), T. Levina, I. Lyalina, A. Shpiganovich, I. Isakova (baydarka) katta hissa qoʻshishdi. Oʻzbekiston Baydarka va kanoeda eshkak eshish jamoasi 13-Osiyo oʻyinlari (Bangkok, 1998) chempioni nomini ham oldi, Baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻiicha asosiy sport bazalari Toshkent dengizi, Chorvoq suv ombori, Samarqand eshkak eshuvchilar kanalida joylashgan.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil