Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu-l-Fath Abdussamad ibn Mahmud ibn Yunus al-Gʻaznaviy al-Hanafiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Vafoti taxminan milodiy 1094-yildan soʻng (hijriy 487-yil)
Dini Islom
Ota-onasi
  • al-quzot Abu-l-Qosim Mahmud ibn Yunus (otasi)
Tanilgan sohasi mufassir, hanafiy faqihi

Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy (arabcha: عبد الصمد بن محمود الغزنوي — Abu-l-Fath Abdussamad ibn Mahmud ibn Yunus al-Gʻaznaviy al-Hanafiy,? — taxminan 487/1094 yildan so‘ng,?) — mufassir, hanafiy faqihi.

Taʼlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hayoti haqida o‘zi tomonidan berilgan xabardan boshqa maʼlumot yo‘q. 436/1044-45-yilda Abu Nasr Muhammad ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Shabibdan tafsir ilmini o‘rgangan va ijoza olgan. Tafsirdan taʼlim olgan ustozlari orasida Abu Jaʼfar Ahmad ibn Muhammad ibn Talha an-Noshiboniy va Abu Jaʼfar Muhammad ibn al-Makkiy ibn al-Husayn al-Hayyuniylarning ismini alohida zikr etadi. Baʼzi tafsir manbalarini esa amakisi qozi al-quzot Abu Sulaymon Dovud ibn Yunus ibn Muhammaddan va otasi qozi al-quzot Abu-l-Qosim Mahmud ibn Yunusdan o‘rganganini aytgan. Gʻaznaviylar davri tarixchisi Muhammad ibn al-Husayn al-Bayhaqiy qozi al-quzot Abu Sulaymon Dovud ibn Yunusni inisi Mahmud bilan birga [Gʻazna]]da Sulton Mahmud qurdirgan madrasadan yetishib chiqqani hamda davrining taniqli olimlaridan biri bo‘lganini qayd etgan.

Unvonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Otasi va amakisi kabi Abdussamad ibn Muhammad ham Gʻaznada yashagani bois, al-Gʻaznaviy nisbasini olgan. „Qozi al-quzot“ unvoniga ega otasi va amakisidan tafsirdan taʼlim olgani, shuningdek, „qozi“ unvoni bilan zikr etilgan o‘g‘li Yahyo ibn Abdussamad otasining tafsiri haqida naql qilishi Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviyning ilm ahlidan bo‘lgan oilaga mansub ekanini ko‘rsatadi. Shuningdek, tafsirida ismining avvalida „Shayxul-imom“, „Ruknul-islom“, „Shamsul-aimma“, „Sirojul-anom“ va xossatan „Qozi al-quzot“ kabi unvonlarning zikr qilinishi uni o‘z davrining peshqadam olimlari orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lganiga ishora qiladi.

Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviyning bizgacha yetib kelgan yagona asari „Tafsӣr al-fuqahā va takzӣb as-sufahā“ tafsiridir. Turkiyada to‘rtta nusxasi mavjud bo‘lgan mazkur asarning (Mehrishoh fondi nusxasining birinchi va ikkinchi jildlarida) oxirida kotib tomonidan yozilgan qaydda asarning nomi „Tafsӣr al-Qur’ān al-’azӣm“ ekani qayd qilingan. Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy mazkur tafsirini 487/1094-yilda tamomlagan (Tafsӣr al-Qur’ān al-’azӣm. Sulaymoniya kutubxonasi, Mehrishoh Sulton fondi, inv. raqam 26). Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy o‘rtacha hajmdagi mazkur tafsirida Qur’oni karimni boshidan oxirigacha oyatma-oyat tafsir qilgan. Asarda Qur’onni Qur’on bilan tafsir qilishga, shuningdek, Qur’onni sunnat bilan tafsir qilinishiga ham ahamiyat berilgan. Oyatlarni tafsir qilish asnosida hadislar sanadidagi ilk roviyni zikr qilish bilangina kifoyalangan. Baʼzi ohod hadislar rivoyat jihatidan sahih deb topilmagan, baʼzilari esa mazmun jihatidan istifoda qilingan bo‘lsa-da, matnga tanqid nazari bilan yondashilgan. Qiroatdagi farqlarga aha­miyat qilgan muallif maʼnodagi farqlarga ham ishora qilib, shoz qiroatlarni izohlagan, baʼzan o‘z qarash va izohlariga ham o‘rin ajratgan. Lug‘at va balog‘atga doir izohlarning ham nazarda tutilgani tafsirning eng ko‘p diqqatni tortuvchi xususiyatlaridan biridir. Eʼtiqodda Moturidiy, fiqhda hanafiy mazhabida bo‘lgan Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy, tafsirida fiqhiy hukmlar bilan bog‘liq izohlarga keng o‘rin ajratgan. Ixtilof­li masalalarda, avvalo, Abu Ha­nifa va shogirdlarining, baʼ­zan esa boshqa mazhab imomlarining qarashlarini keltirgan. Asar hanafiy mazhabi fiqhi nuqtai nazaridan yozilgan bo‘lsa-da, unda boshqa mazhablarning muxolif fikrlari ham keltirilgan. Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy tafsirining oxirida foydalangan manbalarni ham keltiradi. Zajjojning „Maʼānӣ al-Qur’ān“, Abu Bakr Muhammad ibn Fazl al-Balxiyning „Jāmi’ al-’ulӯm“, at-Tahoviy va Jassosning „Ahkām al-Qur’ān“ hamda Abu-l-Lays as-Samarqandiyning tafsirlari asosiy manba bo‘lib xizmat qilgan. Shuningdek, asarda at-Tabariy, Hakim at-Termiziy va Abu Mansur al-Moturidiy kabi mufassirlarning tafsirlaridan tashqari, Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniyning „Al-Āsār“ va „As-Siyar al-kabӣr“, Ibn Ishoqning „Kitāb al-mag‘āzӣ“ asarlariga qilingan havolalar uchraydi. Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviyning tafsiri ke­yingi davr faqih va mufassirlarga o‘z taʼsirini ko‘rsatgan. Qutbuddin Sheroziy, Abu Bakr al-Haddod, Abu Abdulloh Ibn al-Vazir va Olusiy tafsirlarida uning qarashlari bayon qilingan[1].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abdussamad ibn Mahmud al-Gʻaznaviy. Taf­sӣr al-Qur’ān al-’azӣm. Sulaymoniya kutubxonasi, Mehrishoh Sulton. Inv. raqam 24, 26;
  2. Al-Bayhaqiy. Tarӣx. — Bayrut: 1982. 213;
  3. Hoji Xalifa. Kashf az-zunӯn. — Istanbul: 1941 −43. I, 453, 462;
  4. Nuvayhiz. Mu’jam al-mufassirӣn. I, 285;
  5. Al-Fihris ash-shāmil: Ulӯm al-Qur’ān, maxtӯtāt at-tafsӣr va ’ulӯmih. — Omon: 1989. I, 215;
  6. Al-Qurashiy. Al-Javāhir al-muzӣya. III, 430;
  7. Hadiyya al-’ārifӣn. I, 574;
  8. Ferihan Özmen. Abdüssamed el-Gaznevî ve Tefsîru’l-Kur’âni’l-Azîm’i (doktora tezi, 2010). UÜ Sosyal Bilimler Enstitüsü. tür.yer.;
  9. Ferihan Özmen. „Abdüssamed el-Gaznevî ve Tefsiri“. Sakarya Üniversitesi İlâhiyat Fakültesi Dergisi. — Adapazarı: 2012. XIV/25, 139-161;
  10. Ferihan Özmen. „Gaznevî, Abdüssamed b. Mahmûd“. TDV İA. — İstanbul: 2016. EK-1, 467-468.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.