„Oʻz kasbining ustasi“ belgisi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„O'z kasbining ustasi“ belgisi
Mamlakat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Turi davlat mukofoti
Taqdirlash asosi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun
Holati topshiriladi
Statistika
Taʼsis sanasi 2022-yil 29-noyabr

Oʻz kasbining ustasi“ belgisi-davlat mukofotlaridan biridir. Ushbu mukofot axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshayotgan, oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori darajadagi kasbiy mahorati bilan boshqalarga namuna boʻlayotgan soha xodimlari mehnatini munosib ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 29-noyabrdagi 681-son qarori bilan taʼsis etilgan.

„Oʻz kasbining ustasi“ belgisi bilan axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasida faoliyat koʻrsatayotgan muhandis, elektromontyor, kabelchi, pochtachi, antennachi-machtachi, operator, feldyeger kabi ommaviy kasb egalari oʻzining bilimi va salohiyati hamda yuqori kasbiy mahorati bilan sohani rivojlantirishga qoʻshgan munosib hissasi, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnatlari uchun taqdirlanadi[1].

Hujjatlarni koʻrib chiqish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi tashkilotlar „Oʻz kasbining ustasi“ belgisi bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 1-aprelga qadar vazirlikka taqdim etadi.

Nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida maʼlumotnoma, uning soʻnggi uch yil davomida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi. Vazirlik tomonidan 7 nafardan iborat tarkibda komissiya tashkil etiladi.

Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 20-aprelga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.

Taqdirlash tartibi Komissiya xulosasi asosida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining „Oʻz kasbining ustasi“ belgisi bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 1-mayga qadar chiqariladi.

„Oʻz kasbining ustasi“ belgisi har yili 7-may – aloqa sohasi xodimlarining kasb bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi va taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti yoki esdalik sovgʻalari beriladi.

„Oʻz kasbining ustasi“ belgisi bilan taqdirlanganlar roʻyxati vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi. Bir shaxs „Oʻz kasbining ustasi“ belgisi bilan bir marta mukofotlanadi[2].

Tavsifi[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oʻz kasbining ustasi“ belgisi yangilanish, yuksalish va yaratuvchilik kabi maʼnolarni anglatuvchi sakkiz qirrali yulduz shaklida boʻlib, 0,5 mikron qalinlikdagi nikel bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi. Belgining qalinligi 2,5 millimetr va diametri 32 millimetrni tashkil qiladi hamda old tomonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini anglatuvchi vertikal uzuq chiziqlar fonida, markazda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining rasmiy ramzi aks ettirilgan.

Rasmiy ramzning yuqori qismida „OʻZ KASBINING“ va pastki qismida „USTASI“ soʻzlari kumush rangda yozilgan boʻlib, harflarining balandligi 2 millimetr hamda old tomonining chetlari qabariq hoshiya bilan oʻralgan, shuningdek belgining orqa tomoniga kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „O'z kasbining ustasi belgisi ta'sis etildi“. Gazeta (30-noyabr 2022-yil). Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.
  2. „O'z kasbining ustasi belgisi ta'sis etildi“. Xalq so'zi (30-noyabr 2022-yil). 2023-yil 19-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 19-sentabr 2023-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]